
"Navbahor"ga kutilgan futbolchi qo‘shildi
“Lokomotiv”ni tark etgan Diyor Turopovni ikkinchi davrani “Navbahor”da boshlashi haqida ilgari saytimiz orqali xabar bergandik va futbolchining o‘zi ham intervyusida “Navbahor” bilan shartnoma imzolagani haqida aytgandi. Nihoyat, “Navbahor” klubi Diyorni tarkibga qo‘shilganini e’lon qildi.
“Davralar oralig‘idagi tanaffus vaqtida jamoamiz tarkibiga tajribali yarim himoyachi Diyorjon Turopov qo‘shildi.
Turopov 1994 yil, 9 iyulda Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida tug‘ilgan, ya’ni, u kuni kecha 28 yoshni qarshi oldi.
Diyorjon Turopov katta futboldagi faoliyatini 2013 yili Olmaliqning AGMK klubida boshlagan. Olmaliqlar tarkibida 2013-2016 yillarda to‘p tepgan.
2017 yili esa Toshkentning “Lokomotiv” safiga qo‘shilib, “temiryo‘lchilar” tarkibida 5,5 mavsum davomida milliy chempionatimiz bahslarida 111 ta o‘yinda maydonga tushdi. Joriy mavsumning 1-davrasida esa futbolchi Coca Cola Superliga bahslarida “Lokomotiv” tarkibida 9 ta uchrashuvda maydonga tushib, 2 ta golga mualliflik qildi.
Diyorjon Turopov bugun “Navbahor”dagi ilk mashg‘ulotini o‘tkazdi.
Biz tajribali yarim himoyachiga “Navbahor”dagi faoliyatida omad yor bo‘lib, “lochinlar”ning g‘alabalariga munosib hissasini qo‘shishiga tilakdoshmiz”, - deyiladi “Navbahor” PFK matbuot xizmatining xabarida.
Fikrlar