
"Nasaf"dan "master-klass"ni ko‘rgan "Bunyodkor" yana qachon yirik hisoblarda yutqazgan?
Bugun Superliganing 20-turini yakunlab bergan ikkita o‘yin bo‘lib o‘tdi. Toshkentda “Lokomotiv” “Mash’al”ni katta qiyinchilik bilan 2:1 hisobida taslim qilgan bo‘lsa, Qarshida “Nasaf” muxlislariga gollar shousini uyushtirib berdi. “Bunyodkor” o‘z darvozasidan javobsiz beshta to‘p olib chiqqan holda o‘ta yirik mag‘lubiyatni qabul qilib oldi. “Nasaf”dan esa shunchaki "master-klass!". Gap bo‘lishi mumkin emas. Ro‘ziqul Berdiev jamoasi yana bir bor qoyil qoldirdi.
“Nasaf” – “Bunyodkor” o‘yini to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilgani uchun ko‘pchilik bu uchrashuvni ko‘rgan bo‘lsa kerak. Mezbonlar raqibga hech qanday imkoniyat qoldirmagan holda maydonda kim xo‘jayin ekanini ko‘rsatib qo‘ydi. Tabloda porlab turgan 5:0 hisobi tufayli bir qator qiziqarli ma’lumotlar yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi.
Qarshiliklar bu mavsumda ilk bor aynan ushbu hisob bilan raqibini tor-mor keltirdi. “Nasaf”ning birinchi yirik hisobdagi g‘alabasi 4-turga to‘g‘ri keldi. O‘shanda o‘z uyida “Turon”ga javobsiz to‘rtta gol urdi. 6-turda esa “Surxon” Qarshida mehmon bo‘ldi va javobsiz oltita gol o‘tkazdi. Sezdingiz-a, 4:0 bilan 6:0 orasida 5:0 etishmayotgandi. Mana, “Nasaf” “Bunyodkor” bilan uchrashuvda buning o‘rnini to‘ldirib qo‘ydi. Ko‘rinib turibdiki, Berdiev jamoasi oxirgi paytlarda yuqori sport formasiga kirib qoldi. Bundan oldin OFK Kubogi doirasida Hindistonning “Moxun Bagan” klubi 6:0 hisobida dog‘da qoldirilgandi. Bu ketishda qarshiliklarni to‘xtatib bo‘lmay qoladi.
Endi “Nasaf” bilan “Bunyodkor”ning o‘zaro o‘yinlaridagi statistikasiga qaramoqchimiz. Superliganing 20-turidagi ushbu qarama-qarshilik bu ushbu jamoalarning chempionatdagi 30-o‘yiniga aylandi. Ammo ustunlik “Qaldirg‘ochlar” tomonida. Negaki, ular 14 marta “Nasaf”ni yutgan. 5:0 hisobidagi g‘alabadan keyin qarshiliklarning “Bunyodkor” ustidan erishgan muvaffaqiyatlari soni 6 taga etdi. Yana 10 ta bahsda durang natijasi qayd etilgan. Bu jamoalarning o‘zaro o‘yinlarida “Bunyodkor” bir qator uchrashuvlarda “Nasaf”ni yirik hisoblarda yutgan. 2007 yili 3:0, 2008 yili 4:0, 2010 yili 5:0, 2013 yili 3:0 va 2018 yilgi mavsumda Qarshida “Bunyodkor” 1:4 hisoblarida g‘alaba qozongan. Tushunib turgan bo‘lsangiz, “Nasaf” birinchi marotaba ushbu raqibi ustidan yirik hisobda zafar quchdi.
Yana bir gap: “Bunyodkor” ikkinchi davra boshlanganidan beri hali yutqazmay kelayotganini ham bilarmidingiz? Oxirgi marta birinchi davraning oxirgi turida “Paxtakor” jamoasiga 1:0 hisobida mag‘lub bo‘lgandi. Shundan keyin qatorasiga oltita turdan beri Shuhrat Maqsudov jamoasi mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgandi. To‘rtta g‘alaba va ikkita durang qayd etib, turnir jadvalidagi mavqeini ham ancha yaxshilab borayotgandi. Ammo chempionatdagi dastlabki yirik mag‘lubiyati Qarshida kutib turgan ekan.
Ha, “Bunyodkor” chempionatimiz favoritlaridan biri. O‘zbekistonning besh karra chempioni. Hali mavsum yakunlarida to‘rtinchi o‘rindan pastga tushmagan. To‘g‘ri, “Bunyodkor” mag‘lub etib bo‘lmaydigan jamoa emas. Buni “Nasaf” yaqqol ko‘rsatib berdi. Ammo hamma ham ularga qarshi “Nasaf”dagi kabi o‘yinni ko‘rsatishi kerak-da. Biz shuni aytmoqchimizki, “Qaldirg‘ochlar” doim ham bunday yirik hisoblarda yutqazavermaydi. Shunday ekan, bunday klubning yirik hisobdagi mag‘lubiyatlari doim ko‘zga yaqqol tashlanib qoladi. Chunki “Bunyodkor”ning “Paxtakor” kabi katta hisoblarda yutqazishiga odatlanmagandik. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, “Nasaf”ga boy berilgan o‘ta yirik mag‘lubiyatdan keyin “Bunyodkor”ning chempionatimizdagi o‘yinlarini ko‘zdan kechirdik va yana qachon shunga o‘xshash hisoblarda mag‘lubiyatga uchraganini aniqlab chiqdik.
Qizig‘i, 2007 yildan beri elitada qatnashib kelayotgan “Qaldirg‘ochlar” chempionatdagi dastlabki yirik mag‘lubiyatini 2015 yili qabul qilib olgan. O‘shanda 4-turda “Lokomotiv” maydonida o‘tkazilgan uchrashuvda “Bunyodkor” javobsiz uchta gol o‘tkazib yuborgan. Navbatdagi yirik mag‘lubiyat oradan uch yil o‘tib, 2018 yilgi chempionatda kuzatildi. O‘shanda 32-turda “Paxtakor”ning to‘rtta goliga “Bunyodkor” biror marta ham javob qaytara olmagan. 2019 yilgi mavsumning 19-turida endi Qo‘qonda yirik mag‘lubiyatni qabul qilib oldi. O‘shanda mezbonlar 3:0 hisobidagi g‘alabani rasmiylashtirib qo‘ygan. O‘tgan yili esa 6-tur doirasida “Paxtakor” – “Bunyodkor” o‘rtasidagi o‘yinda maydon egalari xuddi “Nasaf” singari javobsiz beshta gol urgan holda o‘ta yirik g‘alabaga erishgan. E’tibor bergan bo‘lsangiz, “Bunyodkor” 2018 yildan beri kamida bittadan o‘yinda yirik hisoblarda yutqazib kelyapti.
Fikrlar