"Nasaf" — "Bunyodkor" uchrashuvi nega translyatsiya qilinmagani ma’lum bo‘ldi
Superliga 24-turidan o‘rin olgan "Bunyodkor" — "Nasaf" uchrashuvi Toshkentdagi "Olimpiya" stadionida bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu stadionda internet bilan bog‘liq muammo sababli O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga qarashli ko‘chma televizion stantsiyadan olinayotgan kadrlarni mamlakat bo‘ylab to‘g‘ridan to‘g‘ri uzatishning imkoni bo‘lmayapti.
Shu sababdan, o‘yin Liganing internet translyatsiyalar uchun har bir futbol uchrashuvini tasvirga tushirishda foydalaniladigan maxsus kamerasida olingan yagona kadr yordamida efirga uzatilmoqda va bu sharoitda uchrashuvdagi e’tiborga molik vaziyatlarning takroriy lavhalarini berib borish imkoniyati mavjud emas. Biroq uchrashuv MTRK ko‘chma televizion stantsiyasi yordamida tasvirga tushirilmoqda va o‘yinda VAR tizimi to‘laqonli faoliyat ko‘rsatmoqda. Uchrashuvning yozib olingan formati keyinroq efirga uzatiladi.
Superliga va Pro-liga reglamentining 15.18-bandida Mezbon klub stadion bilan kelishgan holda rasmiy uchrashuvni teletranslyatsiya qilish hamda VAR tizimi uzilishlarsiz ishlashini ta’minlash uchun tezligi eng kamida 100 mbit/s dan bo‘lgan hamda mazkur tarmoqlardan Liga talabiga ko‘ra teletranslyatsiyalar hamda VAR texnikalaridan boshqa manbalar foydalana olmaydigan 2 ta bir-biridan alohida internet tarmog‘i taqdim etishi shartligi belgilagan. Bunyodkor klubi mezbon sifatida ushbu talabni bajarish masalasiga bee’tibor munosabatda bo‘lgan. Bu masala bo‘yicha MTRK mutaxassislari uchrashuv startidan 40 daqiqa oldin Ligaga xabar bergan.
Bu haqda O‘zPFLning rasmiy kanali xabar berdi.



Fikrlar