"Nasaf" kecha "Dinamo"ning g‘alaba qozonishiga "yordam berdi"mi? - Ro‘ziqul Berdievdan javob
«Nasaf» - «Dinamo» (1:2) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida Ro‘ziqul Berdiev jurnalistlar savollariga javob qaytardi. Bu haqda "Dinamo" klubi matbuot xizmati xabar berdi.
- Afsuski, bugungi o‘yinda muxlislarimizni xursand qila olmadik. Chunki, bugungi o‘yin faqat Samarqand jamoasi emas, biz uchun ham juda muhim edi. Biz mavsumni 5-o‘rinda tugatishimiz ham, 8-o‘rinda qolib ketishimiz ham mumkin edi. Buni bolalarga uqtirgan edik, ammo bilmadim, nima sabab bo‘ldi, mag‘lub bo‘ldik. Bugungi o‘yin uchun futbolchilarimga alohida “rahmat” deyman. O‘yinchilarimizdan bu darajadagi futbolni umuman kutmagandim. Hozir kiyinish xonasida futbolchilar bilan alohida va jiddiy gaplashib oldik. Agar ular jiddiy vazifasi bor klublarda to‘p surmoqchi bo‘lishsa, ular o‘sishi kerak. Mavsum davomidagi qo‘llab-quvvatlash uchun muxlislarga rahmat deyman.
Takrorlayman, barcha futbolchilar bilan jiddiy gaplashib oldik. Bu o‘yin mehmonlar uchun juda muhimligini tushunib turgandik, ammo o‘zimiz uchun ham juda zarur bahs edi. O‘ylaymanki, bugun ko‘rsatgan o‘yinimiz mag‘lubiyatga mos bo‘ldi. Biz g‘alabaga loyiq vaziyat yarata olmadik. Biz deyarli hujum chizig‘isiz o‘ynadik. Samarqand jamoasi esa o‘z o‘yinini yaxshi tashkil qilib, standart vaziyatlardan ham unumli foydalandi. O‘yin biz uchun yaxshi tugamadi.
- Ro‘ziqul aka, o‘yindan keyin ijtimoiy tarmoqlarda «Nasaf» yon qo‘shnisi «Dinamo»ga “yordam berdi” qabilidagi gaplar bo‘layapti. «Dinamo» aynan nimaning evaziga g‘alaba qozondi deb o‘ylaysiz?
- Bugun «Dinamo» tartibli o‘yini evaziga yutdi. Chunki, Agamurodov jamoaga kelgandan buyon jamoa tartibli o‘ynashni boshladi. Aynan tartibli o‘ynagani uchun biz vaziyatlarni yaratishda oqsadik. Golga tortadigan vaziyat ham deyarli bo‘lmadi. Biz ko‘rsatgan o‘yin umuman o‘xshamadi. Biz mavsumni 5-o‘rinda yakunlashimiz kerak edi. Shu bois barcha futbolchilarim ko‘rsatgan o‘yindan noroziman. Yosh jamoamiz uchun beshlikka kirishimiz uchun juda yaxshi natija bo‘lardi.



Fikrlar
Bizaniki 9 urinda hursandmiz.kelasi yilga umid qilib qolamiz.inshallah