"Nasaf" boshlaydi, "Neftchi" yakunlaydi!
Bugun Superligada 23-turga start beriladi. 5 kun mobaynida qiziqarli to‘qnashuvlar guvohiga aylanamiz. Chempionlik uchun kurashayotgan jamoalar - "Nasaf" turni boshlab bersa, "Neftchi" yakunlab beradi.
25 centyabr
20:15. “Nasaf” - “Xorazm”
1-tur Qarshidagi uchrashuv bilan boshlanadi. Unda “Nasaf” klubi “Xorazm”ni qabul qiladi. Ro‘ziqul Berdiev jamoasi uchun natija ustivor vazifa. OChL Elitda qatnashayotgan jamoani sanoqli kunlardan keyin Qarshida Saudiya Arabistoni grandi - “Al-Hilol”ga qarshi murakkab bahs kutmoqda. Ushbu o‘yin oldidan “Nasaf” “Xorazm”ga qarshi u qadar katta kuch yo‘qotmasligi taxmin qilinmoqda va bir yoki ikkita gol ko‘rsak kerak. O‘tgan turda qarshiliklar Navoiyda ham natija uchun o‘ynashdi va yagona gol bilan o‘yin taqdirini hal qilishdi. Berdiev jamoasi “Xorazm” bilan ehtiyotkor o‘yin ko‘rsatadi va “Al-Hilol”ga qarshi kuchini tejaydi.
26 sentyabr
19:00. “Andijon” - OKMK
Yaxshi o‘yin bo‘ladi. “Nasaf” singari “Andijon” ham xalqaro maydonda ishtirok etyapti. “Burgutlar” 1 oktyabr kuni “Bobur arena”da Qatarning “Al-Ahli” jamoasini qabul qiladi. Ushbu o‘yin oldidan “Andijon” chempionat doirasida ham muhim o‘yinni o‘tkazadi. Turnir jadvalidagi mavqeidan kelib chiqsak, Maksim Shatskix jamoasiga g‘alaba zarur.
27 sentyabr
18:00. “Navbahor” - “Qizilqum”
“Navbahor” o‘tgan turda Buxoroda maydon egalariga 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Bu esa klubda muammolar borligini ochiq oydin ko‘rsatib berdi. Qolaversa, g‘alabasiz seriyasi davom etyapti. Gap-so‘zlarga qaraganda, bosh murabbiy Sergey Lushchan jamoa bilan birga emas va o‘rinbosarlar murabbiyi Sherzod Jo‘raev jamoani shug‘ullantirib turganligi aytilmoqda. “Qizilqum”ga qarshi uchrashuvda ham mezbonlarga oson bo‘lmaydi. Ruhiy o‘radan qanday chiqib ketishni vaqt ko‘rsatadi.
28 sentyabr
17:30. “Qo‘qon-1912” - “Bunyodkor”
Birinchi davrada Toshkentdagi bahsda qo‘qonliklar 1:2 hisobidagi g‘alaba bilan qaytishgan. O‘tgan turda esa “Bunyodkor” OKMKdan 5 ta gol o‘tkazib yubordi. Endi Qo‘qondagi uchrashuvda Ilyos Zeytullaev muxlislarini xursand qilish uchun kurashadi. Bahrom Haydarov jamoasi tezkor raqibga qarshi jismoniy jihatdan ko‘proq kuch yo‘qotsa ajab emas.
29 sentyabr
19:00. “Dinamo” - “Sho‘rtan”
Autsayder bo‘lib turgan va ligada qolish uchun kurashayotgan “Sho‘rtan” o‘tgan turda o‘z uyida “Paxtakor”dan bir ochko tortib oldi. Bu safar g‘uzorliklar medallar uchun kurashayotgan yana bir raqib - “Dinamo” uyida to‘p surishadi. Ochig‘i, “Sho‘rtan”ning vaziyati og‘ir. Ularni durang ham qanoatlantirmaydi. Yutishi majbur uchrashuvda “Dinamo”ga kuchi etarmikin? Agar Abramov jamoasi raqibning kuchiga to‘g‘ri baho bera olmasa unda muammolar tug‘ilishi aniq.
19:00. “Paxtakor” - “Surxon”
“Sherlar” bu safar “Surxon” bilan bellashadi. Tezkor yoshlarga ega bo‘lgan “Surxon” “Paxtakor”ga qarshi ortiqcha bosimsiz o‘z o‘yinini ko‘rsatsa kerak. Albatta, mahorat borasida mezbonlar ustun va ular buni amalda ko‘rsatishga harakat qilishadi. Kichik ustunlik “Sherlar” tarafida.
30 sentyabr
19:00. “Mash’al” - “Buxoro”
Ikki yon qo‘shni jamoalar - “Mash’al” hamda “Buxoro” G‘uzorda bellashishadi. Aleksandr Xomyakov sobiq klubi - “Mash’al”ni yaxshi biladi va jamoasini qanday tayyorlashni ham yaxshi o‘zlashtirgan. Albatta, bir-biriga munosib raqiblar va imkoniyatlari ham teng. Balki ko‘p gol ko‘rmasmiz va o‘yin taqdirini birgina gol ham hal qilishi mumkin.
19:00. “So‘g‘diyona” - “Neftchi”
Hech bir mubolag‘asiz turning markaziy uchrashuvi deya ta’rif bersak bo‘laveradi. Chempionlik asosiy maqsadiga aylangan “Neftchi”ni tom ma’noda Jizzaxda haqiqiy imtihon kutyapti. Ivan Boshkovich jamoasi ikkinchi davraga jiddiy kuchayishni amalga oshirganini barcha biladi. “Neftchi”ga jiddiy muammolar tug‘dirishini taxmin qilish qiyin emas. Imkoniyatlar teng, qolganini o‘yinda ko‘ramiz.



Fikrlar