
Murabbiylar shtabidagi o‘zgarishlar, qo‘shilayotgan va ketayotgan futbolchilar yoxud barchasi "Metallurg" haqida
Bekobodning “Metallurg” klubida e’tiborga molik o‘zgarishlar yuz beradiganga o‘xshaydi. Har holda bu jamoa ham selektsiyada jim turmayapti. Hozirga qadar ayrim yangiliklarni ham eshitdik. Bir qator futbolchilar bilan shartnomalar imzolangani e’lon qilindi. Jumladan, Islom Isoqjonov, Abbos Otaxonov, Hakimxon A’lamxonov, Ixtiyor Toshpo‘latov, Davron Anvarov singari futbolchilar “Metallrurg” bilan shartnoma imzoladilar. Ayni paytda yana selektsiya qizg‘in davom etyapti. Aleksandr Lobanov bilan Damir Temirov esa bitimni uzaytirishdi.
Yaqinda “Qo‘qon-1912” bilan xayrlashgan Shoxnazar Norbekov Sports.uz muxbiriga bergan intervyusida yangi mavsumni “Metallurg”da boshlashga yaqin turganligini aytgandi. Balki bekobodliklar tez orada uning transferini ham e’lon qilib qolishsa ajab emas. E’tibor bersangiz, sobiq o‘yinchilar qaytmoqda. Chunki Norbekov, Otaxonov, Toshpo‘latov, Isoqjonov kabilari ilgari ham bekobodliklar uchun to‘p surishganini yaxshi eslaymiz. Shuningdek, “Metallurg” klubiga “So‘g‘diyona”dan himoyachi Ergash Ismoilov ham taklif qilinganini qo‘shimcha qilish joiz. U o‘tgan yili jizzaxliklar safida Superliganing 21 ta uchrashuvida maydonga tushgan.
Shu bilan birga “Metallurg”ni tark etayotgan o‘yinchilar ham bor. Bilasiz, Stanislav Andreev “Navbahor”ga o‘tib ketdi. Bobur Davlatovni ham jamoa bilan xayrlashgani to‘g‘risida saytimiz orqali xabar berdik. Bulardan tashqari, Ivan Nagaev, Ruslan Roziev va Abdurahmon Abdulhakov ham “Metallurg” jamoasini tark etdilar. Ular endi o‘zlariga boshqa klub topishlariga to‘g‘ri keladi.
Endi jamoaning qishki yig‘in rejasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, 11 yanvar kuni Bekobodda to‘planishadi va shu erda ilk mashg‘ulot o‘tkaziladi. Futbolchilar 18 yanvarga qadar o‘z qarorgohida shug‘ullanishadi. Orada jamoa a’zolariga ikki kun dam berilganidan so‘ng 20 yanvar kunidan yig‘in Toshkentda davom ettiriladi. U erda to 1 fevralga qadar shug‘ullanadilar hamda o‘rtoqlik uchrashuvlari tashkil etiladi. Shundan keyin 3-18 fevral kunlari Turkiyaning Antaliya shahrida xorij yig‘ini tashkillashtiriladi. Tabiiyki, xalqaro o‘rtoqlik bellashuvlari ham rejalashtirib qo‘yilgan. Xullas, jamoaning mavsumga tayyorgarlik rejasi aniq.
Xabaringiz bor, klubni ispaniyalik Luisma Ernandes boshqarib kelmoqda. U shu kunlarda jamoa ixtiyoriga qaytib keladi va darhol ishga kirishadi. Ma’lumotlarga qaraganda, murabbiylar shtabida ham ayrim o‘zgarishlar yuz beradi. Masalan, Ernandes Ispaniyadan o‘zi uchun yordamchi murabbiy olib kelmoqda. Shuningdek, ayrim mahalliy mutaxassislar ham uning shtabidan joy olish ehtimoli yo‘q emas. Bir so‘z bilan aytganda, rahbariyat Luisma Ernandesning oldiga joriy mavsumda jiddiy vazifalarni qo‘ygan. O‘tgan yili turli qiyinchiliklarga duch kelindi va ligada qolish uchun kurashdi. Bunday paytda mavsumni 10-pog‘onada tugatish har holda autsayderlikdan ko‘ra yaxshiroq natijaga aylandi. Lekin bu yil hammasi boshqacha bo‘lishi kutilyapti. Oldingi xato va kamchiliklarni takrorlamaslik uchun ham rahbariyat selektsiyaga va tayyorgarlik rejalariga jiddiy e’tibor qaratmoqdalar. Aftidan, shunga yarasha katta maqsad qo‘yiladiganga o‘xshab turibdi. Demak, ispaniyalik murabbiy uchun ham bu o‘ziga yarasha imtihon bo‘ladi. O‘tgan yili jamoani olib qolishda yordam bergan murabbiy bu yil jamoani qay darajada yuqori o‘rinlarga olib chiqa olarkin? Albatta, buni vaqt ko‘rsatib beradi.
Shuni aniq aytish mumkinki, “Metallurg” safida yana bir qancha yangi ijrochilar paydo bo‘ladi, bu aniq. Chunki ayni paytda yaxshi saviyadagi futbolchilar bilan qizg‘in muzokaralar olib borilyapti. Yana bir gap: klub legionerlar xizmatidan foydalanmaydi. Asosan o‘zimizning “qora ko‘zlar” jamoa safini to‘ldirishadi.
Fikrlar