
"Mumbay Siti" bosh murabbiyi: "Al Hilol" - "Navbahor" o‘yinini kuzatdik. Natijadan hayron qoldim"
Bugun Namangan shahar, Davlatobod tumanidagi “Navbahor” uy uchrashuvlarini o‘tkazadigan “Markaziy” stadioni anjumanlar zalida Osiyo Chempionlar Ligasi guruh bosqichi, 2-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Mumbay Siti” uchrashuvidan oldingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida “Mumbay Siti” jamoasi bosh murabbiyi Desmond Bukingem va mehmonlarning tajribali yarim himoyachisi Rostin Griffits ishtirok etishdi.
Quyida e’tiboringizga Desmond Bukingemning fikrlarini havola etyapmiz.
- Garchi Namanganga yarim tundan oshganida etib kelgan bo‘lsakda, bizni mezbon jamoa vakillari tantanali kutib olishdi, buning uchun ularga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Yaxshi dam oldik va bo‘lajak bahsga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz.
Guruhimizda kuchli jamoalar bor. “Navbahor” “Al-Hilol” bilan durang qayd etdi, shu sababli ertangi raqibimiz ham kuchli. “Navbahor”ga qarshi bahs yuqori darajada o‘tadi, deb o‘ylayman.
“Navbahor”da hech qaysi futbolchini alohida ajratib, ko‘rsata olmayman. Boisi, jamoada kuchli futbolchilar yig‘ilishgan. “Al Hilol” – “Navbahor” uchrashuvini kuzatdik. Natijadan hayron qoldim.
“Navbahor” haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, ushbu klubda jismonan baquvvat yigitlar yig‘ilishgan, shuningdek, jamoa murabbiyi ham juda iqtidorli va katta tajribaga ega.
“Navbahor” hamda “Mumbay Siti” o‘rtasida katta farq bor, boisi, ertangi raqibimiz bungacha xalqaro turnirda ishtirok etgan, biz esa bu turnirda yangimiz. Endigina ikkinchi marta musobaqada qatnashyapmiz. Har bir o‘yin bizga ulkan tajriba beradi.
OChLda har bir xato qimmatga tushishi mumkin, ammo bu xatolar jamoaga tajriba to‘plashga yordam beradi. Muxlislar bizga ishonishda, jamoani qo‘llab-quvvatlashda davom etishsa, ularni xursand etishga harakat qilamiz.
Namangandagi biz istiqomat qilayotgan mehmonxona ham Mumbaydagi mehmonxonalarga o‘xshash ekan. Undagi sharoitlar juda yaxshi. Parvozdan charchagandik, shuning uchun iloji boricha yaxshi dam olib, tiklanishga e’tibor qaratdik.
Fikrlar