Mujibullo Tursunov "Stranja" turniri va Ruslan Abdullaev bilan raqobati haqida so‘z yuritdi

  • 1 mart, 2022, 17:46
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Bolgariyada tashkil etilgan "Stranja" turnirida barcha raqiblarini mag‘lub etib, chempionlik nomiga sazovor bo‘lgan yana bir bokschimiz, -63.5 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Mujibullo Tursunovdir.

Albatta, ushbu charmqo‘lqop ustasi yurtimizdagi iste’dodli sportchilaridan biri sanaladi. U Serbiyadagi jahon chempionatida ham chiroyli hatti-harakatlari bilan barchani mehrini qozona olgandi.

Bir so‘z bilan aytganda, kelajakda undan yuqori natijalarni kutsak bo‘ladi. Biz ushbu bokschimiz bilan bog‘lanib, "Stranja" turniri va boshqa mavzular haqidagi fikri bilan qiziqdik.

- Avvalo, Bolgariyadagi muvaffaqiyat bilan tabriklaymiz!

- Katta rahmat!

- Keling umumiy tarzda ushbu turnir taassurotlari bilan o‘rtoqlashsangiz?

- "Stranja" turniri yuqori darajada o‘tdi. Barcha terma jamoalar ushbu turnirga jiddiy qaraydi va ko‘plab vakillarini sinovdan o‘tkazib oladi. Shunisi bilan ham bu turnir juda qiyin bo‘ladi. Chunki, yangi termaga jalb etilgan bokschilar o‘zlarini ko‘rsatish uchun bor imkoniyatini ishga soladi. Shukrki, barchasi yaxshi bo‘ldi va g‘olib bo‘la oldim. Buning zamirida federatsiyamiz mutasaddilari, murabbiylarimning ishonchi va mehnati sabab bo‘ldi, deb ayta olaman.

- Nisbatan eng qiyin jang qaysi bo‘ldi?

- Ikkinchi jangimda qozog‘istonlik bokschi bilan to‘qnash keldim. Shu bahs anchagina qiyin bo‘ldi. Umuman oson jangni o‘zi bo‘lmadi. Biroq Qozog‘iston vakili anchagina yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan ekan.

- Yanglishmasam ukrainalik Yaroslav Xartsiz bilan jangda uning zarbasidan keyin hisob ochilgandi, ushbu vaziyatga qanday izoh berasiz? Darhaqiqat, zarba kuchli bo‘ldimi?

- Albatta, bu vaziyatda referi to‘g‘ri qaror qabul qildi. Chunki, zarba rostdan ham kuchli yo‘llandi. Buni o‘zim ham his qildim. Qaysidir ma’noda ushbu zarba ham menga qo‘shimcha motivatsiya berdi va jangni o‘z foydamga hal qila oldim.

- Bu turnir mobaynida jang olib borish uslubingizda o‘zgarishlarni, o‘ziga xos taktik harakatlarni ham kuzatdik?

- To‘g‘ri, odatiy uslubda harakat qilaversangiz baribir raqiblar sizni o‘rganib, kerakli qarshi hujumni tayyorlay oladi. Shuning uchun, murabbiylar tomonidan taktik o‘zgarishlar qildik va bu o‘zini oqladi.

- Oldinda juda ham muhim bo‘lgan qit’a chempionatlari, jahon chempionati va Parij Olimpiadasi bor, sizning vazningizda esa kuchli raqobatchi Ruslan Abdullaev paydo bo‘ldi...?

- Nima demoqchi bo‘lganingizni tushundim. Albatta, kimning rizqi qo‘shilgan bo‘lsa, o‘sha chempionatlarda ishtirok etadi. Umuman olib qaraganda raqobatni to‘g‘ri qabul qilaman. Raqobat bor joyda o‘sish bo‘ladi, deyishadiku.

- Vaqt ajratganingiz uchun rahmat va o‘z o‘rnida oldinga qo‘ygan niyatlaringiz amalga oshishiga tilakdoshmiz!

- E’tibordan xursandman va shuni ayta olamanki, xalqimizning ishonchini oqlashga harakat qilamiz!

Tecno

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!