Bugun Superligada 22-tur boshlanadi. Bizni bu turda nimalar kutmoqda?

  • 18 sentabr, 12:12
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun Superligamizda 22-tur bahslariga start beriladi. 18-21 sentyabr kunlari davomida bir-biridan qiziqarli uchrashuvlarni kuzatishimizga shubha yo‘q.

Tecno

18 sentyabr

18:30. “Surxon” - “Mash’al”

22-tur Termizdagi o‘yin bilan boshlanadi. “Surxon” va “Mash’al” g‘alaba uchun kurashishi aniq. Balki muborakliklar safarda durang qayd etsa ham bu ular uchun yomon natija hisoblanmasligini bilamiz. Maydon egalari muxlislari qarshisida faqat uch ochko uchun kurashadi. Bitta gol uchrashuv taqdirini hal qilishi ham mumkin.

19 sentyabr

18:30. OKMK - “Bunyodkor”

Jamoalarni bir ochko ajratib turibdi. Ikkalasi ham sovrinli o‘rinlar uchun kurashishmoqda. Bu klublar qiziqarli va hujumkor futbol ko‘rsatishadi. Bu bahsda favoritni ajratish ham qiyin. OKMK o‘tgan turda Jizzaxda yirik hisobda imkoniyatni boy berganini bilasiz. Bu turning markaziy uchrashuvlaridan biri sanaladi.

19:00. “Sho‘rtan” - “Paxtakor”

11 ochko bilan yaqqol autsayder bo‘lib turgan “Sho‘rtan” 3-o‘rindagi “Paxtakor”ni qabul qiladi. Tarkib va o‘yin bo‘yicha “Sherlar” raqibidan kuchli, bu shubhasiz. Shundoq ham turdan-turga Superligada qolish imkoniyatini yo‘qotib borayotgan g‘uzorliklarning “Paxtakor”ga kuchi etishi shubha ostiga olinmoqda.

20 sentyabr

17:00. “Xorazm” - “Qo‘qon-1912”

13 va 14-o‘rinda borayotgan “Xorazm” hamda “Qo‘qon-1912” klublari o‘rtasida o‘tadigan uchrashuvda jamoalarning imkoniyatlari teng baholanyapti. Kim birinchi gol ursa o‘sha jamoa yutib ketishi ham mumkin.

18:00. “Buxoro” - “Navbahor”

“Buxoro” klubiga Aleksandr Xomyakov bosh murabbiy etib tayinlandi. U yangi jamoasi ustozi sifatidagi debyutini “Navbahor”ga qarshi o‘tkazadi. “Buxoro” 17 ochko bilan 15-o‘rinda turibdi. Tabiiyki, jamoani ligada saqlab qolish asosiy vazifa hisoblanadi. Xomyakov shu maqsadda taklif qilingan. “Navbahor”ga qarshi bahs mezbonlar uchun har tomonlama muhim hisoblanadi.

19:15. “Neftchi” - “Dinamo”

Turning yana bir markaziy o‘yini Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida bo‘lib o‘tadi. “Neftchi” - “Dinamo” bahsiga qiziqish juda katta. Chempionlik uchun kurashayotgan farg‘onaliklar o‘tgan turda “Paxtakor”ga imkoniyatni boy berdi. “Dinamo”ni esa o‘tgan turda “Andijon”ga qarshi uchrashuvi qoldirilgan. Ular oxirgi marta rasmiy o‘yinini 20 avgust kuni o‘tkazgan. Vadim Abramov shogirdlarini o‘yin tonusida saqlab turishga harakat qilyapti. Buni qanchalik uddalaganini “Neftchi”ga qarshi bellashuvda ko‘ramiz.

21 sentyabr

17:00. “Andijon” - “So‘g‘diyona”

OChL 2 musobaqasidagi ishtirokini boshlagan “Andijon” chempionat doirasida bu safar Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubini qabul qiladi. Bu ham qiziqarli va muhim bellashuvlardan biri. Maksim Shatskix shogirdlarini “Bobur arena”da qanday qo‘llashini hamma yaxshi biladi. Hozircha imkoniyatlar bir xil, qolganini uchrashuv davomida ko‘ramiz.

19:15. “Qizilqum” - “Nasaf”

OChL Elitdagi ishtirokini mag‘lubiyat bilan boshlgan “Nasaf” klubi chempionat doirasida Navoiyda “Qizilqum”ga qarshi maydonga tushadi. Ushbu qarama-qarshilik bilan 22-turga yakun yasaladi. Superligada peshqadam bo‘lib turgan Ro‘ziqul Berdiev jamoasi “Qizilqum”dagi o‘yinda ham imkoniyatlari biroz yuqoriroq baholanmoqda. Biroq navoiyliklar ham garchi o‘tgan turda yutqazgan bo‘lsa-da, undan avvalgi 9 ta bahsda mag‘lub bo‘lgani yo‘q. Bu juftlik ishtirokidagi bellashuv ham qiziqarli o‘tsa kerak.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!