Gvardiola Husanov kelajagiga oydinlik kiritdi: Bu uzoq davom etmaydi!

  • 18 sentabr, 06:17
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Manchester Siti” o‘tgan yilgi inqirozdan keyin tarkibda sezilarli o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Ikkita transfer oynasi davrida o‘ndan ziyod futbolchi ketib, undan ko‘p yangi ijrochilar olindi.

Tecno

Shunga qaramay, Xosep Gvardiola tarkib bilan bog‘liq muammolarni to‘liq hal qila olgani yo‘q. “Siti”da darvozabondan boshlab, barcha chiziqlarda yangiliklar bo‘ldi. Kelganlarning aksariyati asosiy tarkibda o‘ynayapti.

Yangi mavsum jamoaning eng nozik nuqtasi himoyaning o‘ng qanoti ekanini ko‘rsatib qo‘ydi. Premer-liganing dastlabki to‘rtta o‘yinida bu pozitsiyada uch nafar futbolchi – Riko Lyuis, Mateush Nunesh va Abduqodir Husanovni sinab ko‘rdi.

Bu o‘yinchilar orasida ishonchni oqlagani o‘zbek legioneri bo‘ldi. Husanov asli markaziy himoyachi esa-da, “Manchester Yunayted”ga qarshi o‘yinda o‘ng qanotni mustahkam qo‘riqladi va uchrashuvning eng zo‘r o‘yinchilaridan biri sifatida e’tirof etildi. 

Nufuzli manba – cityxtra.co.uk ekspertlari “Manchester Siti”ning tarkibidagi asosiy muammolar va uni echish usullari haqida mulohaza yuritdi. Sports.uz portali Abduqodir Husanov qalamga olingan ushbu tahliliy maqolani o‘zbekistonlik muxlislar e’tiboriga havola etadi.

- “Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola Abduqodir Husanov jamoaning og‘riqli nuqtasi – o‘ng qanot himoyasiga doimiy echim bo‘la olmasligini tushuntirib berdi.

“Shaharliklar” safini Joau Kanselu va Kayl Uoker tark etganidan keyin oxirgi ikki mavsumda himoyaning o‘ng qanoti jamoaning eng muammoli nuqtasiga aylanib qoldi. Murabbiylar shtabi vaziyatdan chiqish uchun turli variantlarni qo‘llamoqda. Xususan, Mateush Nunesh shu pozitsiyaga moslashtirildi. Riko Lyuis klub bilan hamkorligini 2030 yilning yarmigacha uzaytirganiga qaramay, o‘ng qanotni yopa olmayapti.

Bu mavsum ham Gvardiola turli eksperiment qilishni davom ettirmoqda. Shulardan oxirgisi Abduqodir Husanovning derbida o‘ng qanotga himoyasiga qo‘yilgani bo‘ldi.  O‘zbek legionerining atletizmi va himoyadagi ishonchli o‘yini juda ko‘p ijobiy bahoga loyiq topildi. Muxlisu mutaxassislarning aksariyati Husanov mavsum oxiriga qadar o‘ng qanot himoyasida qolishini muhokama qilmoqda.

Shu bilan birga klub o‘ng qanotni kuchaytirish uchun tajribali o‘yinchilar, jumladan, “Inter”dan Denzel Dyumfris va “Nyukasl”dan Tino Livramentoni transfer qilish imkoniyatini o‘rganib chiqmoqda. Xosep Gvardiola esa, futbolchilarning univesalligi ham zamonaviy futbolda muhim talablardan ekanini ta’kidlab keladi.

Xosep Gvardiola Husanovning “Manchester Yunayted”ga qarshi o‘tkazgan ajoyib o‘yinidan keyin yosh himoyachining doimiy o‘ng qanotni egallashi masalasiga ham oydinlik kiritib o‘tdi.

- Biz har uch kunda o‘ynashimizga to‘g‘ri keladi va bunaqa jadvalni hech kim ko‘tara olmaydi. Husanov jismoniy kuch-quvvati va tezkorligi tufayli bu qanotni to‘liq yopdi. O‘yinda u deyarli to‘p yo‘qotmadi va juda yaxshi o‘ynadi, - dedi Xosep Gvardiola.

“Manchester Siti”ning bir necha frontlarda yuqori natijalar uchun kurashishi bosh murabbiy oldiga tarkib rotatsiyasi bo‘yicha turli talablarni qo‘ymoqda. Xususan, Husanovning zo‘r o‘ynayotganiga qaramay, futbolchidan juda katta jismoniy kuch talab qiladigan qanot himoyasi kabi murakkab pozitsiyada muntazam bir o‘yinchiga suyanib bo‘lmaydi.

Shu bois, “Siti” 2026 yilgi transfer bozorlarida “shaharliklar”  o‘ng qanot himoyasiga yangi nomzodlar olish masalasini hal qilishga urinib ko‘radi.

Abduqodir Husanov esa, tarkib rotatsiyasida himoya markazi va zarur paytda har ikki qanotni yopadigan o‘ta qadrli kadr bo‘lib qolaveradi, - deb yozdi cityxtra.co.uk eksperti Freddi Pay.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!