
Otabek Narzullaev: "Mehmondagi durang biz uchun yaxshi natija"
Superliganing 22-turiga start berildi. Uning ilk bellashuvi Termizda “Surxon” hamda “Mash’al” klublari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Murosasiz tarzda o‘tgan o‘yinda hisob ochilmadi - 0:0. Uchrashuv yakunlangach, “Mash’al” bosh murabbiyi Otabek Narzullaev matbuot anjumanida qatnashdi.
- Avvalo, uchrashuv haqida to‘xtalib o‘tsangiz.
- O‘yin qiyin bo‘lishini bilardik. “Surxon” yaxshi jamoa. Shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rdik. Xudoga shukr, bir ochko ham bu ochko. Shunaqa bo‘ldiki, kim birinchi gol ursa o‘sha jamoa yutadigan o‘yin bo‘ldi. Tomoshabop, jangovar, yaxshi o‘yin bo‘ldi. Futbolchilarimga rahmat aytaman. Ular g‘alabaga ishtiyoq bilan oxirigacha kurashishdi. Yutishimiz ham, yutqazishimiz ham mumkin edi. Durang adolatli natija bo‘ldi, deb o‘ylayman.
- "Surxon"ni qanchalik o‘rgangandingiz?
- “Surxon”ni yosh jamoa ekanini bilardik. Shunga yarasha futbolchilarimizni ularga yaqinroq o‘ynashlarini tayinlagandik. Agar raqib o‘yinchilariga masofa uchun bo‘sh hudud qoldirsak tezlikda oldinga o‘tib ketishlari mumkin edi. Yigitlarimiz biz aytgan texnik-taktik ko‘rsatmalarni a’lo darajada bajarishdi. Mehmonda qayd etilgan durang biz uchun yaxshi natija.
- Qaydnomaga ayrim futbolchilar kiritilmadi...
- Bizda yo‘qotishlar bor. Aliqulov, Muzaffarov, Abdualimov...Yaxshi futbolchilarimizni yo‘qligi ancha bilindi. Zaxira o‘rindig‘imizga U21 dan yoshlarni olganmiz. Ular ham asta-sekin asosiy tarkibga ko‘nikib borishyapti. Keyingi uchrashuvlarga ham jalb qilamiz.
- Ikkinchi bo‘lim boshida maydonga markaziy himoyachi tushirildi. Birinchi bo‘limdan keyin sizda boshqa reja ham bor edi. Bu o‘zgarishdan maqsad nima edi?
- Tanaffusdan keyin tahlil qildik va qanotimizni yanada mustahkamlamoqchi bo‘ldik. “Surxon” asosan chap qanotdan hujumlar uyushtirdi. Ushbu qanotni zararsizlantirishga harakat qildik. Shahboz Jo‘raev va Islom Baratovni tushirib, o‘sha qanotimizni kuchaytirdik. Ular bizga yordam berishdi.
Fikrlar