
Mourino “Roma”da qoladiganlar va yozda ketadiganlar nomini aytdi. Shomurodov qaysi guruhda?
“Roma” joriy mavsumda klub rahbariyati va shaxsan Joze Mourino kutgan o‘yinni namoyish qila olmayapti. Jamoa Italiya kubogidan chiqib ketdi, amalda Chempionlar ligasi yo‘llanmasini boy berdi. Joriy mavsumga qo‘yilgan uch maqsaddan faqat bittasi – Konferentsiyalar ligasi bosh sovrini uchun kurashish imkoniyatini saqlab qoldi xolos.
Mourino o‘tgan yili yozda Rimga kelganidan beri jamoa tarkibini o‘zgartirishga kirishdi. Tarkibni yangilash ishlari qishki transferlar vaqtida ham yuz berdi. Endi hozirgi jamoaning imkoniyatlarini yaxshi bilib olgan portugaliyalik mutaxassis mavsum yakunlangach, katta o‘zgarishlarni amalga oshirishga qaror qildi.
Italiyaning Il Tempo nashri o‘z manbalariga tayangan holda “Roma”ni yozda kutayotgan o‘zgarishlar haqida ma’lumot tarqatdi. Nashrning ta’kidlashicha, Joze Mourino darvozabon Ruy Patrisio, jamoa sardori Lorentso Pellegrini, to‘purar Temmi Abraxam va markaziy himoyachi Janluka Machinini klubda qolishini kafolatlagan. Shuningdek, “Portu”dan ijaraga olingan Serjiu Oliveyraning harakatlari ham bosh murabbiyga ma’qul keldi va klub uni o‘z safida saqlab qolish huquqidan foydalanadi.
Bundan tashqari, murabbiylar shtabi himoyada ishonchli o‘yin namoyish qilayotgan Kris Smolling va Rojer Ibanesga ham ishonch bildirmoqda.
“Roma” tarbiyalanuvchisi va mahalliy muxlislarning yoqimtoyiga aylanib qolgan Nikolo Dzanoloning kelajagi haligacha aniq emas. Klub unga yangi bitim taklif qilmoqchi. Futbolchining agenti bu borada hali muzokaralar boshlanmaganini ta’kidladi.
Biroq, Nikolo Dzanoloni yozda ushlab qolish ancha qiyin masala. Chunki unga A Seriya grandlaridan tashqari Angliya, Ispaniya, Germaniya va Frantsiya tomonlardan jiddiy klublar ko‘z tikmoqda.
“Roma” bu vaziyatdan boshqacha foydalanmoqchi. Ular avval Dzanolo bilan yangi shartnoma imzolab, keyin uni 50 million evrodan kam bo‘lmagan mablag‘ evaziga transfer qilishni mo‘ljallagan.
Ketishi aniq bo‘lgan yulduzlardan biri Genrix Mxityaran. 33 yoshli armanistonlik pleymeyker zo‘r o‘ynayapti. Lekin mavsum oxirida shartnomasi tugaydigan o‘yinchining yoshi o‘tib qolgani bois, rimliklar unga yuqori maosh to‘lab, yangi bitim berishni istamayapti.
Shuningdek, Mourino tayanch yarim himoyachisi Jordan Veretuning ketishiga ham qarshi emas. Frantsiyalik futbolchi bilan yangi bitim muzokaralari to‘xtatildi. Unga o‘z yurtidan tashqari Angliya premer-ligasi vakillaridan chorlov bor.
Yozda “Roma” mutasaddilari Davide Santon, Amadu Diavara, Karles Peres singari o‘yinchilardan ham qutilishga harakat qilishi aytilmoqda.
Bundan tashqari, klub rahbariyati jamoa byudjetini mustahkamlash, yangi ijrochilar olishga mablag‘ topish uchun qolgan futbochilarga bo‘ladigan takliflarni individual tarzda o‘rganib chiqib, transferlarni amalga oshirishga qarshi emasligi ma’lum qilindi.
Shuningdek, Joze Mourino Eldor Shomurodov borasida hali yakuniy qarorga kelmagan. Legionerimizni “Jenoa”dan transfer qilinishiga bosh bo‘lgan portugaliyalik mutaxassis garchi Eldorni ayrim vaziyatlarda tanqid qilgan bo‘lsa-da, yana unga ishonch bildira boshladi.
Shomurodov joyi kafolatlanganlar ro‘yxatida ham, ketishi kerak bo‘lgan o‘yinchilar orasida ham emas. Demak, Eldor mavsum oxiriga qadar “Roma”ga kerakligini isbotlab borishi talab etiladi.
Eslatib o‘tamiz, ayni kunlarda koronavirusdan davolanayotgan hamyurtimiz joriy mavsumda A Seriya, Italiya kubogi va Konferentsiyalar ligasida jami 28 ta uchrashuvda 964 daqiqa o‘yin o‘tkazib, raqiblar darvozasini 4 marotaba ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga beshta golli pas uzatdi.
Fikrlar