Millatlar Ligasi. Ispaniya va Germaniya ishtirokidagi uchrashuvlar prevyusi

  • 10 oktabr, 2020, 19:56
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Allaqachon ushbu yangi musobaqaga o‘rganib qoldik. Sentyabr oyidagi o‘yinlar bizga ancha qiziqarli bellashuvlarni taqdim etgandi. Dastlabki tur biroz qiyinchilik tug‘dirganini ham ta’kidlab o‘tish lozim. Sababi, milliy terma jamoalar juda uzoq muddatli tanaffusdan so‘ng, yig‘inga jam bo‘lgandi. Ikkinchi turda esa, butkul boshqacha futbol guvohi bo‘ldik. Terma jamoalar o‘z potentsialidan kelib chiqqan holda o‘yin ko‘rsata boshladi. 

Tecno

Bugungi kun dasturidan Ispaniya - Shveytsariya va Ukraina - Germaniya uchrashuvlari o‘rin olgan. Albatta, quyi ligalarda bir qancha o‘yinlar mavjud. Ammo A liga bahslari asosiy auditoriyani o‘ziga jalb etadi. 

image_2020-10-10_07-27-08

Ispaniya - Shveytsariya

photo_2020-10-10_19-49-46

Ispaniya

“Qizil furiya”da ajoyib seriya davom etyapti. Jamoa 13 ta bahsdan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda (10 ta g‘alaba, 3 ta durang). Germaniya bilan kechgan bahsda mag‘lubiyatsiz seriya barham topishiga bir bahya qoldi. Ammo so‘nggi daqiqalardagi shturm foyda berib, gol urishga muvaffaq bo‘ldilar. Keyingi o‘yinda esa Ukrainaga hech qanday imkoniyat qoldirilmadi (4:0). 

Taxminiy tarkib: De Xea, Regilon, Ramos, Torres, Navas, Buskets, Fabian, Sebalos, Olmo, Ferran, Rodrigo.

photo_2020-10-10_19-37-19

Luis Enrike: “Shveytsariya Millatlar Ligasi bahslarida ko‘p narsalarni isbotlab kelmoqda. Ular istalgan jamoani bosim ostida qoldirishi mumkin. Biz ularni engish uchun o‘zimizning eng yaxshi o‘yinimizni namoyish etishimiz shart. Menda hujumchilar borasida muammolar yo‘q. Katta tanlov imkoniyati sabab turli uslublarda ulardan foydalanish imkoniyatiga egaman”.

photo_2020-10-10_19-41-11

Shveytsariya

Ukrainaga uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng, “banklar yurti” vakillarini Germaniyaga ortiqcha muammo tug‘dira olmasligi ko‘pchilik tomonidan taxmin qilindi. Amalda o‘sha kuni Petkovich shogirdlari o‘yinning ikkinchi qismini super darajada o‘tkazdilar. Seferovich va Emboloda bir qancha vaziyatlar ham yuzaga keldi. 

Shu jihatdan, ularning Ispaniyaga qarshi qanday futbol namoyish etishini oldindan aytish qiyin. 

Taxminiy tarkib: Sommer, Akanji, Elvedi, Sher, Rodriges, Vidmer, Fryuler, Jaka, Shakiri, Seferovich, Tsuber.

photo_2020-10-10_19-45-34_1

Vladimir Petkovich: “Bizga juda qiyin raqib ro‘baro‘ kelish arafasida. Ba’zi futbolchilar jamoada yangi, ammo ularning ham darajasidan xabardormiz. Ularda bir qancha yosh o‘yinchilar bilan bir qatorda katta tajribaga ega bo‘lganlar ham etarli. Ular to‘pni o‘zlarida saqlab, tezkor futbol o‘ynashni xush ko‘radi. Biz ham o‘z futbolimizni ko‘rsatishga urinamiz”.

photo_2020-10-10_19-45-35

Ukraina - Germaniya

photo_2020-10-10_19-31-11

Ukraina

Ispanlar Shevchenko shogirdlaridan daraja bo‘yicha mutlaq ustunligini isbotlay oldi. 4:0 hisobidagi g‘alaba shunchaki yuzaga kelgan vaziyatlardan maksimal foydalanish natijasi emas edi. Albatta, o‘z navbatida bu kabi mag‘lubiyatni to‘g‘ri qabul qila olish ham lozim. Chunki, mehmonlar shu kuni grand raqiblariga qarshi tengma-teng futbol namoyish etmoqchi bo‘ldi. Ispaniya Shveytsariyadan farqli raqibligi yodlaridan ko‘tarildi chog‘i. Bugun mana shulardan xulosa chiqargan jamoa Germaniyaga yaxshigina qarshilik ko‘rsatishi kutilmoqda.

Taxminiy tarkib: Pyatov, Matvienko, Zinchenko, Krivtsov, Sobol, Stepanenko, Malinovski, Marlos, Kovalenko, Yarmolenko, Moraes.

photo_2020-10-10_19-53-45

Andrey Shevchenko: “Biz o‘z printsiplarimizdan voz kechmoqchi emasmiz. Qisqa va o‘rta masofadagi paslar orqali hujum tashkil etish hamda himoyadan to‘p uzatmalar orqali chiqib ketish ushbu uslubimiz asosi sanaladi. Agar bu ish bermasa, boshqa yo‘llarini qidirib ko‘ramiz. Bizda bir nechta rejalar bor. Avvalgi o‘yinda biz o‘ylagan hech bir narsa foyda keltirmadi. Sababi, yosh futbolchilar bilan mashg‘ulot o‘tkazishga vaqtimiz juda kam bo‘lgandi. Endi esa, biz etarlicha tayyorlana oldik, deb o‘ylayman”.

photo_2020-10-10_19-53-44

Germaniya

Lyov shogirdlari ikkala turda ham durang o‘ynadi. E’tiborlisi, har ikkala o‘yinda ham hisobda oldinga chiqib olgach, g‘alaba boy berildi. Nemis OAVda asta-sekin bosh murabbiyni almashtirish payti kelmadimi, degan mazmundagi savollar paydo bo‘ldi. 2006 yildan e’tiboran milliy terma jamoada faoliyat olib borayotgan Lyov faoliyati muvaffaqiyatli chiqdi, deb ayta olamiz. Ammo katta ehtimol bilan uning taqdirini 2021 yilda bo‘lib o‘tadigan Evropa chempionati hal qiladi.

Taxminiy tarkib: Noyer, Xalstenberg, Zyule, Ryudiger, Gozens, Kimmix, Kross, Draksler, Goretska, Gnabri, Verner.

photo_2020-10-10_19-39-07

Yoaxim Lyov: "Biz juda ko‘p imkoniyatlardan foydalana olmadik. 2 ta yaqqol g‘alabani qo‘ldan boy berdik. Imkoniyatlarni ko‘kka sovurish bizning oldimizda turgan eng katta muammo. Jamoa sifatida o‘sishimiz uchun bizga vaqt va ishonch zarur. So‘nggi o‘yinlarda katta qiyinchilikka uchramoqdamiz. Endi esa, yo‘qotilgan ochkolarni qaytarish uchun ko‘proq mehnat qilishimiz lozim. Biz bilan Ukrainaga tashrif buyurgan har bir futbolchida ulkan xohish va potentsial mavjud. Motivatsiyaga to‘lib turibmiz". 

photo_2020-10-10_19-39-06

Xulosa o‘rnida

Bugungi uchrashuvlar bizga anchagina gollarga boy bellashuvlarni va’da qilmoqda. Ispaniya Shveytsariyaga qarshi so‘nggi ikki o‘yinda g‘alaba qozona olmagan. Ammo umumiy 20 ta uchrashuvning 15 tasi aynan ispanlarning foydasiga hal bo‘lgan. Bugun Enrike tashkil qilgan jamoa guruhda favorit bo‘lib turibdi va tabiiyki, Shveytsariya ikkinchi raqam ostida o‘ynashga majbur bo‘ladi. 

Germaniya esa ikkita uchrashuvda boy berilgan o‘yinlar sabab g‘azabga to‘lib toshgan. Shevchenko esa, aniq taktik rejalarga egaligi ko‘rinib turibdi. 

Millatlar Ligasi ob-havosini to‘liq his qilib olishingiz uchun ushbu ikki qarama-qarshilik aynan to‘g‘ri keladi. 


Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!