
“Milan” 2022 yildan keyin hayot to‘xtab qoladi, deb o‘ylayaptimi?!
Yaqindagina “Milan” “Spetsiya”dan (0:2) alamli mag‘lubiyat qabul qilib oldi. Bu Pioli shogirdlarining so‘nggi 5 o‘yinda 3-bor taslim etilishi. Bundan avvalroq, “Inter”, “Atalanta” ularni tiz cho‘ktirgan edi.
Aslida, muammo mag‘lubiyatlarda emas. Klub o‘z oldiga EChL yo‘llanmasini asosiy maqsad qilib qo‘ygan. Hozircha, bu ishni uddalash mumkin, ammo shartnomalar borasida yaxshigina bosh qotirishga to‘g‘ri keladi.
Shartnomalar borasida ahvol og‘ir
“Rossonerilar” ro‘yxatdan o‘tkazgan 26 futbolchining yarmidan ko‘prog‘i 2022 yilda erkin agentga aylanadi. Ularning 10 nafari shu yilning yozida o‘zi uchun yangi jamoa izlashi mumkin. Janluiji va Antonio Donnarummalar, Xakan Chalxanoglu, Mario Manjukich va Zlatan Ibragimovich. Shuningdek, Diogu Dalot, Braim Dias, Sualixo Meyte, Fikayo Tomori va Sandro Tonali bilan hali yangi shartnoma imzolanmagan.
Bir yildan so‘ng, klubni tark etadiganlar ro‘yxatiga e’tibor qarating: Davide Kalabriya, Alessio Romanoli, Simon Ker va Frank Kesse.
Italiyaning boshqa klublarida bu borada muammo yo‘q. “Yuventus”, “Latsio”, “Inter”da 5 futbolchining shartnomasi yakunlanmoqda. “Napoli” va “Atalanta”da 4 tadan futbolchi erkin agentga aylanish arafasida turibdi.
Kimlar qoladi, kimlar ketadi?!
Ushbu ro‘yxatdagilar orasida Mario Manjukichning klubda qolishi aniq. Uning shartnomasida klub EChLda ishtirok etsa, xorvat yana bir mavsum Milanda qolishi yozib qo‘yilgan. Shuningdek, Sandro Tonali masalasi ham hal etilgan. Klub sotib olish shartisiz ijaraga olganiga qaramay, “Breshia”ga 10 million evro to‘lab berdi. Endi uni klubda olib qolmaslik mumkin emas.
Qolgan futbolchilarning barchasi katta maosh ko‘rsatilgan uzoq muddatli shartnomalar kutmoqda. Ayniqsa, Janluiji Donnarumma va Hakan Chalxanogluning ishtahasi “karnay”. Ibragimovich ham maoshining qisqartirilishiga rozi bo‘lmaydi. Tomori va Meyteni klub sotib olish sharti bilan ijaraga olgan. Buni amalga oshirish uchun 40 million evro zarur bo‘ladi. Dias va Dalot bobida klub hali bir qarorga kelgani yo‘q. Agar futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi bo‘lsa, 50 million evrodan voz kechishga to‘g‘ri keladi.
Moliyaviy ishlar pachava
2019/20-yil mavsum, “Milan” rekord summada (159 million evro) zarar ko‘rdi. Buni qoplashni joriy mavsumda ham imkoni yo‘q. Stadion yopiq. Homiylar futbol klublari bilan aloqalarni to‘xtatib turibdi. Katta ehtimol bilan jamoa yilni katta zarar bilan yakunlaydi.
“La Gazette dello Sport”ning ma’lum qilishicha, “Milan” EChLga yo‘l olsa 40 million evro ishlab oladi.
Ijara asosida to‘p surayotgan futbolchilarni sotib olish uchun klubga (Tomori –30 mln, Dias –20-30 mln, Tonali – 20-25 mln, Dalot – 15-20 mln, Meyte –10 mln) 100 million evro kerak. Shuningdek, Janluiji Donnarumma va Hakan Chalxanogluni tarkibda olib qolish uchun 60-70 million evro zarur.
“Milan” EChLga chiqsa ham, o‘zi uchun kerakli summani qo‘lga kiritmaydi. Bundan tashqari, 2022 yilda klub bilan tuzilgan bitimi oxirlovchi 3 ta etakchi futbolchilar mavjud. Kalabriya, Kesse va Romanoli bilan muzokaralar o‘tkazish kerak. Bu yigitlarni olib qolish uchun ham yaxshigina summa talab etiladi.
“Milan” qanday yo‘l tutmoqchi?
Katta ehtimol bilan Sandro Tonali uchun “rossonerilar” pul sarf etadi. Sualixo Meyte mavsum so‘nggiga qadar shu tempni ushlab qolsa, albatta sotib olinadi. Dalot, Dias va Tomorining transferi amalga oshirilmasligi aniq. “Milan” bu futbolchilarning transfer huquqiga ega klublardan yana bir mavsumga ijaraga olishni rejalashtirmoqda. Agar mavsumni EChL zonasida yakunlamasa, vaziyat yanada chigallashib ketishi mumkin.
Hozir klubning asosiga aylangan etakchilarning ketishi, klubni yanada pastroqqa sho‘ng‘ishiga sabab bo‘ladi. Hozirgi “Milan”ning poydevori mustahkam emas. Shartnomalar borasidagi muammolarni tezroq hal qilish lozim. Aks holda, endigina o‘ziga kelgan “Milan”ni yana ayanchli ahvolda qolganini tomosha qilishimizga to‘g‘ri keladi.
Fikrlar