"Metallurg" yoshlari Respublika birinchiligiga tayyorlanishmoqda

  • 24 yanvar, 2018, 16:44
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO


Xabaringiz bor, bu yildan O‘zbekiston futbol federatsiyasi Superliga jamoalari oldiga qo‘yiladigan talab va tamoyillarni kuchaytirgan.

Tecno

Shulardan biri Superliga klublar qoshida futbol akademiyalari faoliyatini yaxshilash, ularning tarbiyalanuvchilari to‘rtta yosh toifasida Respublika birinchiligida qatnashishi majburiy qilib qo‘yilganligidir. Superliganing barcha ishtirokchilari singari Bekobodning “Metallurg” futbol klubida ham bu borada yangi mavsumga qizg‘in hozirlik ko‘rilayapti, deya klub matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xususan, “Metallurg” futbol klubi maktabi direktori Qahramon Nurmatovning e’tirofiga ko‘ra ayni paytda U-10, U-14, U-16, U-18 yosh toifalaridagi jamoalar deyarli mavsumga shay. Ularning barchasida O‘FF talab etayotgan sertifikatlarga ega murabbiylar faoliyat olib borishayapti va klub mutasaddilari Respublika birinchiligida o‘z tarbiyalanuvchilarining muvaffaqiyatli qatnashuviga umid bog‘lashmoqda.

O‘z navbatida “Metallurg” PFK tomonidan futbol maktabi tarbiyalanuvchilari uchun barcha qulayliklar yaratib berilmoqda. A.Anoxin nomidagi stadiondan tashqari yana bitta tabiiy, ikkita sun’iy qoplamali futbol maydonlari ularning ixtiyoriga berib qo‘yilgan.

Futbol maktabi qoshida sport zali, mashg‘ulot zali hamda trenajer zali faoliyat ko‘rsatayapti. Guruhlarning barchasi kerakli asbob anjomlar (futbol to‘plari, sport formalari, turli trenajerlar, fishkalar, futbol maketlari) bilan ta’minlangan.
To‘rtta yosh toifasidagi jamoalar o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlaridan tashqari amaliyotga ham katta e’tibor qaratmoqda. Jumladan, bugun Bekobod shahridagi “Tsementchi” stadionida U-16 yosh toifasidagi “Metallurg” (murabbiylari Bekzod To‘raqulov va Zuhriddin Musaev) hamda “Guliston” jamoalari tarbiyalanuvchilarining ko‘rik-nazorat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda jamoalar murosaga kelishdi – 1:1.

Keyingi hafta xuddi shunday nazorat uchrashuvi U-18 jamoalari o‘rtasida tashkillashtirilishi rejalashtirilgan. Bekobodlik o‘quvchilarga Bo‘ka va Yangier jamoalari sparring raqib bo‘lishi kutilayapti.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!