Messi va Ronaldu bir jamoada to‘p surishi mumkin! Agar…

  • 18 yanvar, 2021, 21:00
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Devid Bekxem AQShga ko‘chib o‘tgach, o‘z jamoasi – «Inter Mayami»ni tashkil etdi. Ayni damda, qahramonimiz butun mamlakatda futbolni rivojlantirish haqida bosh qotirmoqda. Uning kelajak uchun tuzib qo‘ygan rejalari ko‘p. Bugun ulardan ayrimlari bilan o‘rtoqlashib o‘tamiz.

Tecno

Afsonalar bir jamoada!

AQSh Leo va Krish uchun begona emas. Ayniqsa, quyoshli Floridani ular juda yaxshi ko‘radi. Gap shundaki, okean bo‘yida oila davrasida katta maosh evaziga to‘p surishning gashti o‘ziga yarasha. Balki, shu bois bu futbolchilar allaqachon AQShdan hashamatli uylar sotib olgandir. Ronaldu nafaqat uy-joy, balki kattagina biznesni ham yo‘lga qo‘yish arafasida turibdi. Uning "CR7" brendi tez orada AQShni zabt etishi taxmin qilinmoqda.

Aslida, Messi va Ronalduning kelajakda AQShda to‘p surishi aniq edi. Ular Yaqin Sharq klublarida katta pullardan ko‘ra, tinch va erkin hayotni afzal ko‘rishlari aniq. Ularning imkoniyatlari va talablarini qondirish esa, ayni damda faqat bir klubning qo‘lidan keladi. Sezganingizdek, gap Devid Bekxem haqida bormoqda. Sobiq futbolchi o‘z klubi imijini ko‘tarish maqsadida zamonamiz yulduzlarini MLSga olib kelishi mumkin.

«Inter Mayami»da nima gaplar?

inter6

Klub o‘zi uchun muhim ranglarni tanlab oldi. Qora va pushti ranglar tanlangani bejiz emas. Jamoaning dizayni bilan Viktoriya Bekxem shug‘ullanmoqda. Beks jamoaning kelajagi porloq bo‘lishi uchun Floridadagi badavlat ishbilarmonlarni sherik sifatida o‘z komandasiga qo‘shib olmoqda. Ayni damda, kubalik, yapon va bir nechta ingliz biznesmenlari jamoaning aktsiyadorlari sanaladi. Aslida, klub rahbarlari «Inter Mayami» jamoasiga Bekxem nomini bermoqchi edi, biroq buning imkoni bo‘lmadi. Klub ramzi sifatida esa, flamengo qushi tanladi.

O‘tgan mavsumda «Inter Mayami» yomon ishtirok etmadi. Birinchi urinishdayoq, pley-off yo‘llanmasi qo‘lga kiritildi, ammo keyin omad klubni tark etdi. Pley-offdagi mag‘lubiyatdan so‘ng, urugvaylik murabbiy – Diego Alonsoga 2021 yil 7 yanvar sanasida chiqish eshiklari ko‘rsatib yuborildi. Ayni damda, okeanortida mavsumlar oralig‘i. Shu bois, yangi mavsumda «Inter Mayami»ni yangi bosh murabbiy boshqaradi.

inter4

Shuningdek, klubning suyagini tiklagan Pol MakDona ham ishdan olindi. Klub akademiyasi va tarkibini shakllantirgan menejerning ishidan Bekxem qoniqish hosil qilgani yo‘q. Shu bois, unga o‘z minnatdorligini bildirdi va iste’foga chiqardi. Ayni damda, uzoq yillik rejaga ega yangi menejer izlanmoqda.

«Inter Mayami» bankrotga uchrashi ham mumkin!

inter3

Endilikda, MLSning mavqeyi yanada ko‘tarilishi aniq. Sababi, kelasi mavsumda Kanada futbol jamoalari ham turnirda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, endi turnirda ishtirok etuvchilar soni 27 tani tashkil etmoqda. Bu ikkita konferentsiyaga bo‘linib, musobaqani tashkillashtirish uchun imkoniyat. Shuningdek, yangi mavsumdan boshlab Texasning «Ostin» jamoasi ham kurashga kirishadi. Aktyor MakKonaxiga tegishliligi aytilayotgan jamoa ham katta byudjetga ega.

Aslida, Beks AQShda futboldan ulkan pullar ishlab topish orzusidagi yagona shaxs emas. Bunday ishbilarmonlar soni 20 dan ortiq. Afsuski, pandemiya futboldan pul ishlab olish niyatidagilarning rejalarini barbod qildi. AQSh klublari o‘zlarining asosiy daromadlarini stadionga tashrif buyurgan muxlislar soni bilan o‘lchashadi. Shu bois, pandemiya klubning kelajagiga raxna solmoqda. Hozirda, klub 18 ming muxlisga mo‘ljallangan kichik arenada to‘p suryapti. MLS klubi uchun ajoyib natija, biroq «Inter Mayami» o‘zi uchun super zamonaviy stadion qurish niyatida. Klub o‘z bag‘riga 120 ming muxlisni sig‘dirishga qodir stadion barpo etish rejasini tuzib qo‘ygan. Arena atrofidagi ko‘ngilochar maskanlar futbol uchrashuvlari yo‘q kunlari ham fantastik daromad keltirishi taxmin qilinmoqda. Afsuski, Ibrohimovichning MLS haqida bildirgan fikrlaridan so‘ng, okeanortidagi o‘yinlarni tomosha qilish niyatidagilar soni kamayib ketdi. Shunday bo‘lsa-da, agar Beks Ronaldu va Messining bir jamoada to‘p surishini ta’minlasa, bu butun chempionat uchun oldinga tashlangan qadam bo‘lishi turgan gap. Bugungi kunda Devid jamoasi uchun yangi menejerlarni izlamoqda. Transferlar bobida ham, uning ishtahasi karnay!

Yulduzlardan hech bo‘lmasa bittasi MLSga kelishi shart!

inter2

Aslida, Leo va Krishtianuning bir jamoada to‘p surishi qiyin masala. Ronalduning rejalari qanday ekanligini noma’lum, biroq «Inter Mayami» Messi bilan muzokaralarni boshlab yuborgan. Devid argentinalik futbolchiga kattagina villa va yiliga 5 million dollar maosh berishga tayyor. To‘g‘ri, bu voqea ikki-uch yildan keyin sodir bo‘lishi mumkin, biroq amalga oshmaydigan orzu emas!

Shunday bo‘lsa-da, Messi uchun «Inter Mayami»dan tashqari, «Nyu York Siti» ham qiziqib qolgan. Shayxlar Messi uchun kurashda g‘alaba qozonish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishlarni amalga oshirishi turgan gap. Shu bois, Bekxem Messidan tashqari Ronaldu bilan ham aloqalarni yaxshilab borish ilinjida.

«Biz ayni damda Messi va Ronaldu bilan muzokaralar olib boryapmiz. Sayyoramizdagi boshqa jamoalar singari, ularni bir xil libosda to‘p surishidan umidvormiz. Hozir «Inter Mayami»ning tarkibi yaxshi, biroq biz doimo o‘sishda davom etmoqchimiz».

Aslida, «Inter Mayami»ning imkoniyatlari boshqa Evropa grandlarinikidan kam emas. Ular Iguainni hech qanday muammosiz tarkibga qo‘shib olishdi. Ronaldu yoki Messi uchun ham jamoada pul topiladi. Hozir klub uchun ulardan ham muhimroq vazifa bor: klubga yangi bosh murabbiyi kerak. Ingliz nashrlarining ma’lum qilishicha, nishonda Angliya ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi – Fil Nevill mavjud. Ular yoshlikdan birga o‘sgan do‘stlar. «The Sun» nashri bergan ma’lumotlarga qaraganda, Nevill «Inter Mayami»ni boshqarish maqsadida Angliyani tark etishga tayyor.

Klub tarkibida ajoyib nomlar va iqtidorli yoshlar mavjud. Endilikda, ularni bir kuchga aylantirish va chempionlik uchun kurash olib boradigan jamoa hosil qilish lozim. Pisarro, Iguain va Matyuidi hali natija ko‘rsatishga qodir. Shunday bo‘lsa-da, Ronaldu yoki Messining kelishi katta o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. Agar ularning ikkisi ham kelsa, bu futboldagi ulkan voqea sifatida tarixda qolishi aniq! Voqealar rivojini SPORTS.uz bilan kuzatib boring!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!