Messi uchun intiho yaqinlashmoqda - “el-klassiko” oldidan muhim fikrlar (prevyu)

  • 24 oktabr, 2020, 16:07
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

24 oktyabr sanasi sportga chin dildan muxlis hisoblangan insonlar uchun og‘ir kelishi aniq. Bu qadar ko‘p sport musobaqalari bo‘lib o‘tadigan kechada kundalik yumushlar bilan band bo‘lish qiyin. Bu kabi emotsiyaga boy kechadan keyin uyg‘onish ham yanada qiyin kechadi. Nima bo‘lgan taqdirda ham, ushbu oqshomdan sport ixlosmandlari faqatgina yutadi. Uni esa “el-klassiko”, deb atalmish tarixiy qarama-qarshilik ochib beradi. 

Tecno

Ushbu to‘qnashuv avvalidan, ko‘pchilikni qiziqtirayotgan muhim savollarga javob axtaramiz.

photo_2020-10-24_16-00-38 (2)

O‘zaro o‘yinlarda ustunlik kimda?

Ispaniya La Ligasi tarixida jamoalar naqd 180 ta o‘yinda o‘zaro to‘qnash kelgan. Ularning 73 tasida madridliklar, 72 tasida Kataloniya klubi zafar quchgan. Yana 35 ta bellashuv durang natija bilan nihoyasiga etgan. 

Qizig‘i, har ikkala jamoa shu paytgacha La Liga doirasidagi to‘qnashuvlarda 288 tadan gol urishga erishgan. 

O‘zaro o‘yinlarda erishilgan eng yirik natijalar “Real”da 8:2, “Barsa”da esa 7:2 ko‘rinishida. Albatta, ushbu jamoalarning qarama-qarshiliklarida bundan ham yirik hisoblar bo‘lgan. Ammo ushbu bahslar La Liga doirasida bo‘lib o‘tmagani tufayli yuqoridagi natijalarni eng yirik hisoblar sifatida kiritdik. Eng sermahsul o‘yin sifatida 1943 yilda 5:5 hisobidagi durangni qayd etishimiz mumkin. 

O‘tgan mavsum halokatli “Barselona” La Ligadagi har ikkala o‘yinda madridliklardan ustun kela olmadi va ta’bir joiz bo‘lsa, juda ko‘p jabhalarda imkoniyatni boy berdi. 

photo_2020-10-24_16-00-38 (3)

Jamoalarning muammoli chiziqlari qaysi?

Ha, to‘g‘ri topdingiz: “Real” markaziy himoyasi asosiy ustunisiz xarobaga aylanishi bor gap. Ramosning holatini esa 50 ga 50 ham deb bo‘lmaydi. Zidan La Ligadagi chempionlik poygasini o‘ylab, “Barsa”ga qarshi bellashuvlar darajasini his qilgan holda, “el-kapitano” xizmatiga murojaat etishi mumkin. Ammo har qanday holatda ham, futbolchining sog‘ligi masalasi ustuvor bo‘lishi lozim. Frantsiyalik mutaxassisga esa futbolchilarning jismoniy holati haqida qayg‘urishni uqtirish shart emas. U Ramosning o‘zi yolvorgan taqdirda ham, tayyor bo‘lmasa, maydonga tushirmaydi. 

Zidan “Real”ga yaxshi kelajak taqdim etuvchi jamoani tuzish niyatida ish olib bormoqda. U klubga yig‘gan yoshlarning katta natijalar keltirishiga esa biroz vaqt kerak. Ammo madridliklar shu qadar katta nomki, muxlislari 1 yilga ham muvaffaqiyatsizlikni qabul qila olmaydi. 

Ustiga-ustak, Zidanning o‘zi ham marrani baland oldi. Ketma-ket 3 marta Chempionlar Ligasi g‘olibiga aylantirgan murabbiydan “Real” muxlislari yana va yana g‘alabalar kutishadi. Bu kabi katta sovrinlarga o‘rganib qolgan muxlislar uchun “Kadis” va “Shaxtyor”dan uchralgan mag‘lubiyatlar sharmandali hisobdek qabul qilinadi. Ketma-ket uchinchi o‘yindagi mag‘lubiyat va eng yomoni, “Barsa”dan qabul qilinsa, Zidanning ulkan mavqeyiga ham putur eta boshlaydi. 

“Barselona”da ham katta muammo mudofaada. Avvalo, Ter Shtegensiz o‘ynashga majbur bo‘layotgan “ko‘k-anorranglilar” muhim o‘yin oldidan Netuga suyanishga majbur bo‘ladi. Uning ustiga, o‘ng qanot himoyasida asli yarim himoyachi bo‘lgan Serji Roberto va hali 20 yoshga ham kirmagan Serjino Dest o‘ynamoqda. Ushbu qanot Vinisiusning tezkor reydlariga to‘liq javob bera oladigandek ko‘rinmayapti. “Blaugranas”ning amerikalik yangi himoyachisi haqidagi ilk taassurotlar ijobiy. Biroq u hali katta bellashuvlar sinovidan o‘tib ulgurmadi. 

photo_2020-10-24_16-00-38

Taqvim muammolari

Bu borada, asosan, kataloniyaliklar muammolarga duch keladi. Sababi, ushbu o‘yinni o‘tkazib olgach, bir necha kun o‘tib ularni “Yuventus”ga qarshi Chempionlar Ligasi guruh bosqichining juda muhim uchrashuvi kutib turibdi. 

“Real”da ham xuddi shunday taqvim. Biroq ularda raqiblar nom jihatidan pastroq darajada. Klubni noyabr so‘ngida ancha qiyin taqvim kutib turibdi. Ammo hali u paytgacha ancha muddat bor va o‘rtada FIFA kunlari ham mavjud. 

photo_2020-10-24_16-00-39

Kuman qurishga bel bog‘lagan yangi jamoa va Messi

“Barselona”da tozalash ishlari bo‘lib o‘tdi. Ammo klub brendi bo‘lib turgan Messini jamoada olib qolishni niyat qilmoqdalar. O‘z vaqtida, aynan Leoning jamoada tobora ko‘tarilib borayotgan mavqeyi sabab, Ronaldino “blaugranas”ni tark etgandi. Messi ham shu yo‘lni ixtiyor etgan ko‘rinadi. Barcha o‘rinbosar sifatida Fatini ko‘rayotgani ham ayni haqiqat. Ammo ispaniyalik yosh futbolchi Ronnini ketkazishga qodir bo‘lgan Leo darajasiga chiqib ulgurdimikan? Menimcha, yo‘q va bunga kamida 2 mavsum stabil o‘yin namoyish etish kerak. 

Aksariyat muxlislar Messining jamoada qolishi prezidentlik saylovlariga bog‘liq, deb o‘ylamoqda. Aslida, hamma narsa Kuman va u “Barsa”ga singdirmoqchi bo‘lgan falsafaning samarasida. Chunki, har qanday holatda ham, Bartomeu jamoadan martda ketadi. Niderlandiyalik mutaxassisning futbolidan esa umid qilsa bo‘ladi. 

Murabbiylar fikrlari

Ronald Kuman: “Har ikki jamoa futbolchilari ham katta tajribaga ega. Men “Real”da motivatsiya bo‘yicha muammolar bor, deb o‘ylamayman. Biz o‘zimizni tayyorlashimiz kerak. Raqib to‘p bilan sifatli o‘yin namoyish eta oladi. So‘nggi qarama-qarshiliklarda “Real” 4-4-2 sxemasida o‘ynaganini kuzatdim. Ular o‘tgan mavsum “Barselona”ga bo‘sh hududlar bermaslikka harakat qildik. Ramos o‘ynaydimi yoki yo‘q, dunyoning eng yaxshi himoyachilaridan biri va uning jamoasiga beradigan ruhiy yordami beqiyos”.

Zinedin Zidan: “Klasiko bu - klasiko. Ikkita katta jamoa o‘zaro bahs olib boradi. Hozirgi vaziyat va bo‘m-bo‘sh stadionlarga qaramay, o‘yinning darajasi yuqori. Shbu bahs o‘zimizga bo‘lgan ishonchni qayta tiklashimiz uchun juda mos keladi. Biz so‘nggi o‘yinlarda yuzaga kelgan muammolar girdobidan chiqib olmoqchimiz. Albatta, o‘z o‘yinimizga suyangan holda. 

Bilamiz, Ramos bizning sardorimiz, etakchimiz. Ammo har qanday holatda ham uning jismoniy holati muhim hisoblanadi. Biz futbolchilarimiz bilan tavakkal qilishni xohlamaymiz”.

koeman-zidane-marca

Xulosa o‘rnida

Bugun shiddatli “Real” va o‘tgan mavsumdagidan xotirjamroq “Barsa”ni ko‘ramiz. Sababi, natijalar “Qirollik klubi”da yaxshi emas. Kuman esa, o‘zi qurayotgan jamoada natijalarni ham berib turibdi. Biroq ushbu muvaffaqiyatli o‘yinlar nisbatan kuchsiz jamoalarga qarshi o‘yinlarda bo‘lib o‘tdi. Mana, niderlandiyalik mutaxassisning salohiyatiga baho berish uchun yaxshi qarama-qarshiliklar. “Real” va “Yuventus” to‘sig‘idan talafotlarsiz o‘tib olsa, bu uning yutug‘i. Sobiq himoyachining baxtiga, har ikkala raqibning bittadan etakchisi maydonga tushmaydi. 

Biroz yoshargan “Klasiko” bizni kutib turibdi. Faqat “en-klastiko”larni (!) ko‘radigan do‘stlaringizga Ronaldu, Suares, Ramos, Inesta qaerda ekanligini tushuntirishga majbur bo‘lasiz!

 

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!