Markaziy Osiyo chempionati oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Toshkent shahar hokimiyati va O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi tomonidan shaxmat bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida FIDE 3.4 hududiy chempionatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Xalqaro shaxmat akademiyasining maxsus binosida bo‘lib o‘tgan anjumanda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, Husan Turdialiev mamlakatimizda navqiron avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan etuk, yuksak intellektual salohiyatli etib voyaga etkazish, sportning barcha turlari qatori shaxmatni izchil rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasida o‘zbek shaxmat maktabi vakillari nufuzli xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishib kelayotganini alohida ta’kidladi.
Mazkur musobaqada vakillarimizdan tashqari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Avg‘onistondan kelgan 50 nafarga yaqin shaxmatchi 9 turdan iborat shveytsarcha tizimda dona suradi.
Anjuman so‘ngida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.


Fikrlar