
"Manchester Yunayted" Ronalduning futbolkasi savdosidan qancha pul ishlab topdi?
SPORTS.uz Krishtianu Ronalduning futbolkasi sotuvi haqidagi barcha haqiqatlarni oshkor qiladi.
15 million evro ishlab olish uchun nechta futbolka sotish kerak?
3 sentyabr sanasida "Manchester Yunayted"ning rasmiy do‘konida turnaqator navbat paydo bo‘ldi. Ichkarida esa, sotuvchilarning o‘zi MYuning 7-raqamdagi libosini talashib janjal ko‘tardi.
Bir necha kundan so‘ng, turli xorij nashrlarida bir sutkada APLda hech qachon bunday ko‘p futbolka sotilmagani haqidagi shov-shuvli xabarlar urchib ketdi. Ayrim manbalar, "qizil iblislar" 24 soat ichida Krishtianuga sarflagan pulini ishlab oldi, deb bong urdi. Bu xabarlar qanchalar haqiqatga yaqin?
Imkoni bor, lekin bir sutkada emas!
2014 yilda "Manchester Yunayted" "adidas" kompaniyasi bilan 10 yillik shartnomaga imzo chekdi. Sport olamidagi gigant bilan tuzilgan bitim 750 million funtga baholandi. Shartnomaning barcha bandlari aniq bo‘lmagani bois, to‘liq ma’lumot berishning imkoni yo‘q. Shunga qaramay, futbolkalar sotuvidan tushadigan summaning atigi 7 foizigina klubga tegishli ekanligi fakt!
Bundan chiqdi, Krishtianu Ronalduning transferiga sarflangan pullarni oqlash uchun 2 075 650 futbolka sotilishi kerak. Hisob-kitob biroz aniq bo‘lmasligi mumkin. Sababi, klub sotuvga qo‘ygan liboslarning o‘rtacha narxidan kelib chiqib raqamlarni aniqlashtirdik. 12 million funt sterling ishlab olishi uchun "qizil iblislar" savdo bo‘limi rahbarlari biroz sabr qilishlari shart.
"Love the Sales" nashri bergan ma’lumotlarga qaraganda, "Ronalduning libosi" deb internetga qidiruv berish so‘nggi oylarda avvalgisiga qaraganda naqd 600 barobar ortib ketgan. Darhaqiqat, Krishtianuning MYudagi libosi APLdagi eng bozori chaqqon "tovar" bo‘lib turibdi. Shuningdek, sayt internet do‘konlari orqali Ronalduning 7-raqam tushirilgan libosini sotib olish istagidagilar soni vebdo‘konlardagi futbolkalar sonidan bir necha barobar ko‘proq. Bunga Vetnamdagi ulkan "adidas" kompaniyasining yopilgani asosiy sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Nemis brendining bir yilda ishlab chiqaradigan mahsulotining 28 foizi Sharqiy Osiyo davlatida tayyorlanadi.
Bu rostmi?!
"Love the Sales" keltirib o‘tgan yana bir qiziq faktga e’tibor qarating! "Manchester Yunayted" allaqachon 13,9 million funt sterlingni aynan 7-raqamli libosi savdosi sababli qo‘lga kiritgan. Buning uchun 2,5 millionta futbolka sotilishi kerak ekanligi haqida yuqorida aytib o‘tdik. To‘g‘risi, bu ma’lumot qay darajada to‘g‘ri ekanligini noma’lum. Sababi, o‘tgan mavsumda MYu umumiy hisobda 1,7 million futbolka sotgan. 2019 yilda 1,8 million libos o‘z egalariga etkazib berilgan.
To‘g‘ri, Ronalduning effekti savdoga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin, biroq aynan futbolkalar sotuvidan jamoa u qadar katta daromad olmaydi. Bu bizning hisob-kitob, xolos. Mavsum so‘ngida "adidas" o‘z rasmiy kanalida "Manchester Yunayted" nechta libos sotgani haqida ma’lumot beradi. Nima deb o‘ylaysiz, klub 2021/22 yilgi mavsumning o‘zidayoq Ronalduga sarflangan pullarni ishlab olishga qodirmi?
Ya . U
Fikrlar