
"Manchester Yunayted" boshladi: Klub qishda kimlarni o‘z tarkibiga qo‘shib olmoqchi?
Mavsumni kutilganidek boshlamagan "Manchester Yunayted" klubi qishki transferlar oynasida kamchiliklarni to‘ldirish maqsadida bir nechta xaridlarni amalga oshirishni reja qilib qo‘ygan. Jamoaning asosiy maqsadi bu bitta hujumchi bilan shartnoma imzolashdir. Shuningdek, APL vakili bitta yarim himoyachini ham o‘z tarkibiga qo‘shib olishni istaydi.
"Bavariya"da so‘nggi paytlar zaxirada qolib ketayotgan Shupo-Motingning klub bilan tuzgan shartnomasi yozda tugaydi. Ammo u qishning o‘zida ham jamoani tark etishga qarshi emas. Shu bilan birga, har qanday taklifni ko‘rib chiqishga tayyor. Ammo hali "qizil iblislar" hujumchi borasida muzokaralarni olib borayotgani yo‘q. Shunchaki, Erik rahbariyat tomonidan ko‘rib chiqilayotgan nomlardan biri. "Bavariya" ham uni olib qolish uchun jiddiy harakat qilmayapti. Shuningdek, nemislar muzokaralarni boshlashga qarshi emas. Shupo-Motingni yozda erkin agent sifatida o‘z tarkibiga qo‘shib olishni istayotgan Saudiya jamoalari ko‘p. Aslida futbolchining rejasi ham shartnomasi o‘z nihoyasiga etganidan keyin Osiyo tomonga yo‘l olish edi.
Timo Verner "Leyptsig"da kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘layotganidan norozi va yangi chaqiruvlarga tayyor. "Manchester Yunayted" uni ijaraga olishi mumkinligi borasida mish-mishlar tarqalmoqda. Bir paytlar "Chelsi"da biroz omadi kelmagan hujumchi endi Manchester shahriga yo‘l olishi mumkin. Ammo Shupo-Moting kabi Vernerga ham taklif bilan chiqilmagan, klubi bilan hech qanday muzokaralar bo‘lmayapti. Sababi, hali rahbariyat aniq kimni olib kelishni hal qilgani yo‘q.
Ayni paytda Bundesligada to‘purarlik bo‘yicha Xarri Keyndan keyin 2-o‘rinda ketayotgan Seru Girassi nafaqat "Manchester Yunayted"ning balki boshqa top klublarning ham e’tiboriga tushgan. Uni qishning o‘zida qo‘lga kiritishni istaydigan jamoalar ham yo‘q emas. Shunday ekan Girassini sotib olish biroz qiyin bo‘ladi. Ayni paytda kurashda "Bavariya" fovorit. Myunxen klubi futbolchining rejalaridan xabardor, ya’ni uni qachon "Shtutgard"ni tark etmoqchiligini biladi va shunga qarab harakatni boshlaydi. Ayrim manbalar Girassini qishning o‘zidayoq grand jamoa safiga borib qo‘shilishni xohlashini ma’lum qilgan. Ganalik straykerning tovon puli 17 million evrodir.
2022 yilda "Atalanta" "Salerntinada"dan sotib olgan yarim himoyachisi Ederson klubga yaxshigina daromadi keltirishi mumkin. Braziliyalik futbolchi uchun tez orada "Manchester Yunayted" taklif bilan chiqishi kutilmoqda. Agarda klublar kelishuvga erishsa, fulbekning o‘zi Manchesterga yo‘l olishga tayyor. Edersonning "Transfermarket"dagi narxi 27 million evroga baholangan.
"Manchester Yunayted" yozgi transferlar oynasida nisbatan faolroq bo‘lishni maqsad qilgandi, lekin chiqish eshiklari ko‘rsatilgan futbolchilar ketmaganligi sababli, "qizil iblislar" transferlarni amalga oshirishda qiynaldi. Bu safar esa vaziyat boshqacha, ya’ni tarkibdan joy ololmagan o‘yinchilar klubni tark etishni boshladi. Bu esa yangi xaridlarga imkon yaratadi.
Fikrlar