“Manchester Yunayted” - “Tottenxem”: Prevyu

  • 4 oktabr, 2020, 18:50
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

APL grandlari o‘zaro bellashuvga deyarli bir xil holatda etib kelmoqda. Shuningdek, “Tottenxem”ni “Old Trafford”ga Mourino boshlab kelyapti. Bu ham o‘yinga bo‘lgan qiziqishni yana bir karra oshiradi. MYu o‘tgan turni g‘alaba bilan yakunladi. Ammo “Brayton”ga qarshi uchrashuvni Sulsher shogirdlari ulkan omad evazigagina yuta oldi. Trossard boshliq “chaykalar” jamoasi shu kuni rekord miqdorda darvoza to‘sini va ustunini nishonga olishga erishdi. “Qizil iblislar” muxlislari bu kabi ojizona g‘alabadan mamnun emasligi aniq.
“Tottenxem”da ham ishlar joyida emas. Liga kubogi o‘z yo‘liga. APLda keraksiz vaziyatlarda ochko yo‘qotilmoqda. “Nyukasl”ga qarshi bellashuvning katta qismida hisobda oldinda borgan “shporlar” yakunda g‘alabani boy berdi. VARning qaroridan norozi bo‘lgan Mourino yana maydonni hafsalasi pir holda tark etdi. Aslida, londonliklar mana shu durangga mos harakatlarni amalga oshirayotgan edi. Grand jamoa 1:0 hisobiga ishonib, to‘pni orqa chiziqda ushlab turishi hech qanaqasiga oqlanmaydi.
Demak, muammolar girdobidagi ikki grand o‘zaro bellashadi. Kim nochorroq ahvolda?

Tecno

photo_2020-10-04_18-45-46

“Manchester Yunayted”

Sulsher Sanchoni tushlarida ham ko‘rib chiqayotgan bo‘lsa kerak. Ammo transferlar oynasi yopilish arafasida ekanini inobatga olsak, u tobora sarobga aylanmoqda. Xo‘sh, mankunianlar ushbu yozda faqat Van de Bek xaridini amalga oshirdi, xolosmi? So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Edinson Kavani Manchesterga uchyapti va transfer oynasi yakunigacha yangi jamoasi bilan shartnoma imzolaydi. Bu Ibragimovichning “Manchester Yunayted” tarkibiga kelishini yodingizga solmayaptimi? Zlatan mankunianlarga Evropa Ligasi g‘olibligini olib berdi. Urugvaylikning qo‘lidan nima keladi, buni birgalikda kuzatamiz.

Taxminiy tarkib: De Xea; Uan-Bisakka, Lindelyof, Maguayr, Shou; Pogba, Matich; Grinvud, Fernandesh, Reshford; Marsyal.

photo_2020-10-04_18-42-27

"Tottenxem"

Transfer oynasi yakuniga yaqin ancha faollashgan londonliklar “Benfika”dan Karlos Vinisiusni ham olib keldi. Daniel Levidan bu qadar saxiylikni yaqin orada ko‘rmagandik. Ammo Mourino falsafasida bu yulduzlar qanchalik foyda keltira olarkin?! “Tottenxem”ga kelgan paytda portugaliyalik mutaxassis avval yo‘l qo‘ygan xatolaridan xulosa chiqarganligini aytib o‘tgandi. Ammo natijalar buning aksini ko‘rsatyapti. U avtobusdan voz kechdi, evaziga undan yaxshiroq uslubni yaratmadi. G‘alabalar Keyn, Son va Moura kabi ijrochilar mahorati evaziga kelmoqda. Uning kursisi qimirlab qolgani haqida ingliz matbuoti allaqachon bong urmoqda. Bunday gap so‘zlarga chek qo‘yish uchun “Manchester Yunayted” etarlicha jiddiy raqib.

Taxminiy tarkib: Loris; Doerti, Sanches, Dayer, Devis; Xyoyberg, Uinks; Moura, Alli, Bergveyn; Keyn.

photo_2020-10-04_18-47-42

Murabbiylar

Ole-Gunnar Sulsher: “Natija doim sizga xotirjamlik taqdim etadi. O‘yinimizni kuchaytirganimiz sari yaxshiroq natijalarga erisha boramiz. Futbolchilarim tobora yaxshiroq formaga chiqib bormoqda. Shu jihatdan, “Tottenxem”ga qarshi bellashuvdan faqat g‘alaba kutyapman. APLdagi har bir uchrashuvga jiddiy yondashmaslik, murabbiyning eng katta xatosi bo‘ladi”.

0_GettyImages-1144516211

Joze Mourino: "Biz juda yaxshi holatdamiz va o‘yinimiz ham shunga yarasha. Men buni “Makkabi”ga qarshi uchrashuvning ta’sirida aytmayapman. APLda juda qiyin o‘yinlarni o‘tkazyapmiz. “Chelsi”ga qarshi biz ko‘rsatgan futbol menga juda yoqdi. Bizni oldinda “Old Trafford”dagi qiyin sinov kutib turibdi. Raqib tarkibida bir qator kuchli futbolchilar bor. Qiziqarli futbol ko‘rishimiz aniq”.

jose_mourinho_tottenham_first_press_conference

Xulosa o‘rnida

Jamoalar o‘z tarixlarida barcha musobaqalarda jami 192 ta bahsda maydonga tushgan. Tabiiyki, manchesterliklar g‘alabalar soni bo‘yicha oldinda (91 ta). “Tottenxem” hisobida 51 ta yutuq bor. Shuningdek, 50 ta to‘qnashuvda tomonlar murosa ko‘chasini tanlagan.
Bugun Joze Mourino shogirdlarida kichik ustunlik bordek. “Manchester Yunayted” yozgi transferlar oynasida ancha passiv harakat qildi. “Tottenxem”ning xaridlari salmoqliroq. Ha, yuqorida aytib o‘tganimdek, ularda ham muammoli holatlar ko‘p. Biroq, Sulsher oldida hal qilinishi zarur bo‘lgan masalalar bisyor.

Abdulvosid Valixonov tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!