
Lutfulla To‘raev jiddiy yo‘qotishmi? Uning o‘rnini qanday to‘ldirishmoqchi? Sharkich "Neftchi"da qoladimi? Bosh murabbiy qanday javob berdi?
Farg‘onaning “Neftchi” klubi ayni chog‘da Turkiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini olib boryapti. Ikkita uchrashuvda jamoa durang o‘ynadi.
Turkiyadan “Neftchi” muxlislari uchun yoqimsiz xabar keldi. Jamoa sardori va etakchisi Lutfulla To‘raev oyog‘idan jarohat olishi oqibatida 3-4 oyga safdan chiqdi. Shu bois Sports.uz jurnalisti mazkur masala, Turkiyadagi yig‘in hamda selektsiya borasida Levchenko bilan bog‘landi.
- Vitaliy Grigorevich, “Neftchi” Turkiyadagi yig‘inining dastlabki ikkita uchrashuvida bir xil 0:0 hisobida durang o‘ynadi. Mazkur bahslar sizga yoqdimi?
- Biz ajoyib raqiblarga qarshi ikkita sparring o‘tkazdik. Yigitlar o‘sha o‘yinlarda oldilariga qo‘yilgan vazifalarni bajardilar.
- Futbolchilar rejalaringiz va o‘yin uslublaringizni to‘liq tushunib boryaptimi?
- Tarkibimizga yangi o‘yinchilar kelib qo‘shilishdi va ular jamoaga, sheriklariga asta-sekinlik bilan ko‘nikib bormoqdalar.
- Jamoa etakchisi Lutfulla To‘raev jarohat olib, bir necha oyga safdan chiqdi. O‘ylashimcha, bu “Neftchi” uchun juda jiddiy yo‘qotish-a?
- Biz uchun har bir futbolchi muhim va qadrli. Albatta, etakchi o‘yinchi jarohat oladigan bo‘lsa, bu jiddiy yo‘qotishga aylanadi.
- Endi To‘raevnnig o‘rnini qanday to‘ldirmoqchisizlar?
- Tabiiyki, Lutfullaning o‘rnini bosadigan futbolchini topish ustida bosh qotiryapmiz. Albatta, uning tezroq sog‘ayishini istaymiz.
- Jamoangizda yana yangi legioner ko‘rishimiz mumkinmi? Sir bo‘lmasa, bu borada kimlar bilan muzokaralar olib borilyapti?
- Bizga yordami tegadigan o‘yinchilardan iborat nomzodlar yo‘q emas. Shuningdek, yangi legionerlarni safga qo‘shib olishni xohlaymiz.
- Eshitishimcha, tarkibdagi yana bir qator futbolchilarda jarohat alomatlari sezilayotgan ekan. Bundan chiqdi, klubda yana jarohatlar epidemiyasi boshlandimi?
- Yo‘q, bu to‘g‘ri emas. Afsuski, jarohatlar futbolchi kasbining ajralmas qismlaridan biridir. Bizda mikrojarohatga yo‘liqqan o‘yinchilar bor va ularning ahvolini og‘irlashtirib yubormaslik uchun ularga biroz dam olish imkonini beramiz.
- Vitaliy Grigorevich, jamoangizning selektsiya ishlaridan qoniqish hosil qilyapsizmi?
- Biz hali selektsiya ishlarini tamomlaganimizcha yo‘q. Transfer oynasi yopilgunga qadar bu savolingizga javob bera olmasam kerak.
- Darvoqe, klubga qo‘shilgan Oliver Sharkich masalasi nima bo‘ldi?
- Bizda hali echimini kutaetgan bir qancha masalalar bor. Faqat shundan keyin bu masalani hal qila olamiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar