
“Liverpul”dan ketmasam bo‘lmaydi
“Liverpul”ning zaxira darvozaboni Kuvin Kellexer boshqa jamoaga ko‘chib o‘tishga tayyor ekanini ta’kidladi. Irlandiyalik darvozabon birinchi raqamli golkiper sifatida o‘ynash istagida ekan.
“Liverpul”dagi debyutini 2019 yili nishonlagan posbon asosiy tarkibga kira olmayapti. U birinchi raqam egasi Alisson Beker soyasida qolib kelmoqda.
25 yoshli Kellexer yakunlangan mavsumda raqobatchisi jarohat tufayli safdan chiqqan payt atigi o‘n marotaba maydonga tushdi.
- “Liverpul”ning asosiy darvozaboni sifatida maydonga tushsam, zo‘r bo‘lardi. Lekin ahmoq emasman. Alisson bir necha yildan beri jahonning eng zo‘r darvozabonlaridan biri bo‘lib turganini yaxshi bilaman.
“Liverpul”da ajoyib davrni boshdan o‘tkazdim. Men klubni, muxlislarni yaxshi ko‘raman, xodimlar va futbolchilar bilan munosabatim zo‘r. Biroq keyingi qadamim birinchi raqamda o‘ynash, buni boshqa jamoada amalga oshirishim kerakka o‘xshaydi, - dedi Kuvin Kellexer.
Fikrlar