
Husanov bir soatda jahon futboli tarixiga kirdi
Dunyoning ko‘plab ligalarida milliy chempionatlar yakunlanib, yozgi ta’til boshlangan bir pallada futbol jamoatchiligining e’tibori FIFA tomonidan yangi formatda tashkil etilgan klublar o‘rtasidagi jahon chempionatiga qaratilgan.
O‘zbekistonlik futbol ishqibozlari ham AQShga turli mintaqalardan kelgan 32 ta jamoa ishtirokidagi turnirni alohida e’tibor bilan kuzatib bormoqda. Chunki ushbu musobaqada O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov to‘p tepayotgan “Manchester Siti” ham qatnashyapti.
Xosep Gvardiola shogirdlari “G” guruhida dastlabki turda Marokashning “Vidad” jamoasini 2:0 hisobida engganidan keyin ikkinchi turda Birlashgan Arab Amirliklarining “Al-Ayn” futbolchilari bilan bellashdi.
Muhim jihati shundaki, Abduqodir Husanov bir necha oy davom etgan tanaffusdan keyin nihoyat jamoasining boshlang‘ich tarkibiga qaytarildi. Xosep Gvardiola jahon chempionatining birinchi turidan keyin tarkibni to‘liq yangilashini bildirgandi. Ispaniyalik mutaxassis bu taktikasi ortidan Husanov yana maydonga tushdi.
Uchrashuv Angliya klubining to‘liq ustunligida o‘tdi. 8-daqiqada Ilkay Gyundogan raqib jarima maydonchasida paydo bo‘lib, hisobni ochdi. 27-daqiqada esa yosh argentinalik iqtidor egasi Klaudio Echeverri ikkinchi golni urib, hisobdagi farqni oshirdi.
Tanaffusga chiqish oldidan jamoa to‘purari Erling Xoland penaltidan mukammal zarba yo‘llab, hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi.
Ikkinchi bo‘limda ham “shaharliklar”ni to‘xtatib bo‘lmaydi. Shu o‘rinda, uchrashuv davomida faol o‘ynab kelgan Abduqodir Husanov 58-daqiqada qo‘polligi uchun ogohlantirilgani va uch daqiqadan so‘ng o‘rnini Oskar Bobbga bo‘shatib berganini ta’kidlash lozim.
Husanov maydonni tark etganidan keyin jamoadoshlari yana uchta gol urdi. 70-daqiqada tajribali pleymeyker Ilkay Gyundog‘an o‘z nomini tabloga yozdirib, dubl qayd etdi.
Oradan ko‘p o‘tmay, Abduqodir Husanov o‘rniga maydonga tushgan Oskar Bobb o‘zini ko‘rsatib, turnirdagi debyut golini urdi. Uchrashuvdagi hisobga yangi o‘yinchi Rayan Sherki nuqta qo‘ydiyu 89-daqiqada frantsiyalik yarim himoyachining zarbasi amirlik futbolchilari darvozasidan joy oldi – 6:0.
Abduqodir Husanov 61 daqiqa o‘ynagan bo‘lsa-da, FIFA shafe’ligida o‘tkazilayotgan yangi formatdagi klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida qatnashgan birinchi o‘zbekistonlik futbolchi sifatida o‘z nomini tarixga yozdirib qo‘ydi.
Bundan tashqari, 21 yoshli legionerimiz ushbu musobaqada sariq kartochka olgan “Manchester Siti” tarkibidagi birinchi o‘yinchi bo‘ldi. Avvalgi uchrashuvda “shaharliklar”dan hech kim ogohlantirilmagan, faqat Riko Lyuis to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka olib, maydondan chetlatilgan edi.
Endi “Manchester Siti” guruhdagi oxirgi uchrashuvni xuddi o‘zi kabi olti ochko jamg‘argan Italiyaning “Yuventus” jamoasiga qarshi to‘p tepadi. Muddatidan avval pley-offga chiqqan har ikki jamoaning o‘zaro o‘yini guruhda qaysi jamoa birinchi o‘rinni egallashini hal qilib beradi. Uchrashuv 26 may kuni bo‘lib o‘tadi.
Husanov o‘rniga “Jumavoy”!
Shomurodov kuchayib ketdi...
“Top-5” yoki Turkiya: Shomurodov qaysi jamoani tanlagani ma’qul?
Ronaldu Masharipovga: Nima, sen Messining muxlisimisan?!
Fikrlar