
Legionerlarimizning narxi oshdi!
Tojikiston chempionatining oliy ligasida o‘nta jamoa g‘oliblik uchun kurashmoqda. Bu mamlakat chempionatida jami 239 nafar futbolchi to‘p suradi. Shulardan qariyb 20 foizi, ya’ni 40 nafardan ortig‘i xorijlik legionerlardir. Ulardan eng ko‘pi O‘zbekiston vakillari hisoblanadi. Tojikistondagi futbolchilarimiz orasida milliy chempionatimiz yuqori divizionida o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmaganlari ham ko‘p.
Transfer ma’lumotlariga ixtisoslashgan xalqaro transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, oliy liga futbolchilarining umumiy narxi 18,15 million evroni tashkil qilmoqda. Tojikiston chempionatidagi eng qimmat futbolchi Alisher Jalilovdir. “Istiqlol” jamoasi hujumkor yarim himoyachisining narxi 450 ming evroga baholangan.
Transfermarkt portali yaqinda Tojikiston chempionatida o‘ynayotgan futbolchilarning narxlari haqida yangi ma’lumotlarni tarqatgan edi. Unga ko‘ra, O‘zbekistondan bu mamlakatga kelib o‘ynayotgan charm to‘p ustalarining barchasini transfer narxi oshgani ma’lum bo‘ldi.
Tojikistonda to‘p surayotgan hamyurtlarimiz orasida Sanjar Rixsiboev eng qimmat futbolchiga aylandi. Yil boshida “Xo‘jand” futbol klubi tomonidan “Bunyodkor”dan ijaraga olingan futbolchimizning transfer summasi yil boshidan beri 50 ming evroga ko‘tarilib, ayni paytda 200 ming evroni tashkil qilmoqda. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Sanjar Tojikiston chempionati ishtirokchilari orasida kuchli 15 talikka da’vogar. Chap qanot vingeri vazifasini bajarayotgan Rixsiboev 12 ta uchrashuvda uchta gol urib, “Xo‘jand”ning ikkinchi o‘ringa ko‘tarilishiga hissa qo‘shdi.
Xo‘jandliklar safida o‘ynayotgan tajribali markaziy himoyachimiz Siroj Hamroevning narxi 125 mingdan 150 ming evroga ko‘tarildi. Futbolchimiz oliy ligada to‘qqizta uchrashuvda qatnashdi.
O‘zbekiston Superligasidagi uchrashuvlarda umuman qatnashmagan yosh futbolchi Jasur Qurbonovning o‘yini qo‘shni mamlakat chempionatida haqiqatan ochildi. Hujumkor yarim himoyachi “Fayzkand Vose” jamoasi tarkibida sakkizta uchrashuvda bitta gol urib, uchta golli pasga mualliflik qildi. Uning transfer narxi bugungi kunda 100 ming evroga etdi.
“Fayzkand Vose” sharafini himoya qilayotgan hamyurtlarimizdan bitta gol urgan Dilshod Baratov va ikki aniq zarba muallifi Anvar Murodov 75 ming evroga baholandi. Ushbu jamoada bittadan gol urgan o‘zbekistonlik Aziz Zaripov va Abbos Ikromov, “Istaravshan” futbol klubi posboni Shahzod Shamsuddinov, himoyachi Zufar Akbaraliev, “Ko‘ktosh”dagi universal yarim himoyachi Bunyod Shodiev, hujumkor futbolchi Muhiddin Odilovning transferi 50 ming evroni tashkil qilmoqda.
Transfer summasi 25 ming evro bo‘lgan futbolchilar qatoriga TsSKAda uchta to‘p kiritgan jizzaxlik Nodirbek Ibragimov, “Xo‘jand” darvozasini qo‘riqlayotgan mashhur golkiperimiz Ma’mur Ikromov, “Istaravshan” himoyachisi To‘lqin Umarov qo‘shildi.
Tojikiston chempionatida o‘ynayotgan legionerlarimiz orasida Sanjar Rixsiboev O‘zbekiston yoshlar terma jamoasiga nomzod hisoblanadi.
Fikrlar