
Legionerlarimiz o‘ynayotgan jamoa mag‘lubiyatga uchradi
Rossiya Milliy futbol ligasining 13-turi legionerlarimiz uchun omadsiz kechdi. Chunki hamyurtlarimiz – Vagiz Galiulin va Bobir Davlatov to‘p surayotgan “Nefteximik” jamoasi mag‘lubiyatga uchradi.
Safarda Astraxanning “Volgar” jamoasiga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda raqibning uchta goliga “Nefteximik” bitta gol bilan javob qaytardi – 3:1.
Ushbu bellashuvda jamoa sardori Vagiz Galiulin o‘yinni asosiy tarkibda boshlab, 77-daqiqada o‘rnini jamoadoshiga bo‘shatib bergan bo‘lsa, Bobir Davlatov 56-daqiqada zaxiradan o‘yinga qo‘shildi.
Ayni paytda “Nefteximik” 13 ta o‘yinda 6 g‘alaba, 4 durang va 3 mag‘lubiyat qayd etgan holda 22 ochko bilan 8-o‘rinda boryapti. Navbatdagi 14-tur uchrashuvlari 9 oktyabrda o‘tkaziladi va unda “Nefteximik” o‘z maydonida “Fakel”ni qabul qiladi.
Fikrlar