
Legionerimiz eng qimmat futbolchi nomidan ayrildi
Qozog‘iston premer-ligasida “Tobol” sharafini himoya qilayotgan Igor Sergeev 2022 yilgi mavsumni chempionatning eng qimmatbaho futbolchisi sifatida yakunlagan edi.
Transferlarga ixtisoslashgan https://www.transfermarkt.world portali mutaxassislari tomonidan 1,4 million evroga baholangan legionerimiz narxi mavsum davomida 300 ming evroga arzonlaganiga qaramay, Qozog‘iston Premer-ligasining eng qimmatbaho o‘yinchisi bo‘lib turgandi.
Biroq, “Astana” jamoasi o‘z safiga Dembo Darboni qo‘shib olganidan keyin eng qimmatbaho futbolchi nomi endi afrikalik legionerga o‘tdi.
Dembo Darbo o‘z davrida “Shaxtyor Soligorsk”da o‘ynaganidan keyin Birlashgan Arab Amirliklarining “An-Nasr” jamoasiga ko‘chib o‘tgandi. Arab yurtida bir necha oy o‘ynagan futbolchini dubayliklar “Astana” klubiga ijaraga berib yubordi.
Gambiya terma jamoasi hujumchisining transfer summasi 2,5 million evroga baholangan va u Qozog‘iston chempionatida eng qimmat futbolchi sifatida qayd etilgan.
2021 yilning boshidan beri Qozog‘iston Premer-ligasida o‘ynayotgan Igor Sergeev qo‘shni mamlakat yuqori divizionida hozirga qadar ikkita jamoa sharafini himoya qilib ulgurdi. Dastlab, “Paxtakor”dan “Aktobe”ga ko‘chib o‘tgan to‘purar keyinchalik o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘ygan “Tobol” bilan shartnoma imzoladi.
Igor Sergeev “Tobol” safida muvaffaqiyatli to‘p tepmoqda. 2021 yilgi mavsumni Qoxzog‘iston chempioni sifatida yakunlagan hamyurtimiz, o‘tgan yili chempionatning bronza medaliga ega chiqdi. Shuningdek, 29 yoshli hujumchimiz klublar miqyosidagi eng nufuzli musobaqa – Evropa Chempionlar ligasida qatnashgan va saralash turnirida gollar hisobini ochgan o‘zbekistonlik futbolchilar safiga qo‘shildi.
Umuman olganda, yangi mavsumda Qozog‘iston Premer-ligasida 25 ta xorijiy mamlakatdan kelgan 99 nafar legioner to‘p tepishi kutilyapti.
Eng ko‘p xorijiy futbolchi Rossiyadan kelgan. Rus futboli tarbiyalanuvchilaridan 25 tasi Qozog‘iston yuqori divizionida mahorat ko‘rsatadigan bo‘ldi. Ukraina, Belarus, Braziliya va Serbiyadan sakkiz nafarda charm to‘p ustasi qatnashadi.
Qo‘shni mamlakat chempionatida O‘zbekistondan ikki nafar futbolchi qayd etilgan. Igor Sergeev chempionatning eng mahoratli to‘purarlaridan biri sifatida qadrlanadi. Hujumchimizga Rossiya premer-ligasi jamoalaridan taklif bo‘layotgani aytilgandi. Hozircha, bu borada hech qanday yangilik yo‘q va Sergeev hamon “Tobol” ro‘yxatida turibdi.
Qozog‘iston premer-ligasining yana bir kuchli klubi – “Ordabasi” Belarusning BATE klubidan Shahboz Umarovning transferini to‘liq sotib oldi. Hujumkor futbolchimiz BATEda murabbiylar shtabi bilan mojaro yuz berganidan keyin o‘tgan yili yozda ijara asosida “Ordabasi”da yarim mavsum o‘ynagandi.
Uning harakatlari klub rahbariyatiga ma’qul keldi. “Ordabasi” https://www.transfermarkt.world portali 400 ming evroga baholagan o‘zbekistonlik futbolchining transferini BATEdan 50 ming evroga sotib oldi.
Shahboz Umarov o‘tgan mavsumda mazkur jamoa bilan Qozog‘iston kubogida g‘olib chiqdi.
Demak, 2023 yilgi chempionatda o‘zbekistonlik futbol muxlislari Qozog‘iston Premer-ligasida O‘zbekiston milliy terma jamoasining ikki o‘yinchisi – Igor Sergeev va Shahboz Umarov o‘ynaydigan “Tobol” va “Ordabasi” jamoalariga ishqibozlik qiladi.
Shomurodov Messi boshchiligidagi superto‘purarlar bilan birga!
To‘purar hujumchimiz maoshni tanlasinmi yoki Moskva klubini?
Fikrlar