Lamin Yamal Ispaniya terma jamoasi tarkibidan chiqarildi
"Barselona" hujumchisi hisoblangan Lamin Yamal jarohati sabab Ispaniya terma jamoasi tarkibidan chiqarildi. Bu haqida Ispaniya terma jamoasi ma’lum qildi.
"Lamin Yamal Luis de la Fuente tomonidan chaqirilgan Ispaniya terma jamoasi ro‘yxatidan chiqarildi. U 2026 yil Jahon chempionati saralash o‘yinlarida Gruziya va Bolgariyaga qarshi maydonga tushishi kerak edi.
Kecha Ispaniya futbol federatsiyasi (RFEF) tibbiy xizmati ma’lumot so‘ragach, “Barselona” shifokorlari bugun, rasmiy chaqiruv e’lon qilinganidan keyin Yamalning qo‘shimcha tekshiruv natijalarini taqdim etdi. Unga ko‘ra, yosh hujumchining eski jarohati yana qaytalagan va futbolchi o‘zini yana noqulay his qilgan.
Shu sababli, futbolchilar salomatligini xavf ostiga qo‘ymaslik va tezroq tiklanishni ta’minlash maqsadida u chaqiruv ro‘yxatidan chiqarildi.
Terma jamoa yig‘ini 6 oktyabrm, dushanba kuni, soat 20:00 da Las Rozasdagi “Futbol shahri”da boshlanadi", - deya xabar berildi.



Fikrlar