
Ko‘plar bilmaydigan, Pro-ligaga yo‘llanma beruvchi Birinchi liga haqida
O‘zbekistonda ayni payt klublar futboli doirasida hammaning e’tibori Superliga va Pro-liga bahslariga qaratilgan. Ammo ko‘pchilik Birinchi liga musobaqasi borligini hatto bilmasa ham kerak. Bu turnir nufuzi bo‘yicha O‘zbekiston miqyosida uchinchi o‘rinda turadi. Pro-liga yo‘llanmasiga aynan mana shu musobaqa orqali ega chiqish mumkin.
Demak, hozirda Birinchi ligada 14 ta jamoa ishtirok etmoqda. Dastlab, jamoalar soni 16 ta edi. Ammo "Lochin" va "Neftgazmontaj" klublari moliyaviy muammolar sabab turnirni erta tark etdi. Shu tariqa, mavsum 28 ta turdan iborat bo‘ladi. Birinchi liga g‘olibi va 2-o‘rin sohibi Pro-liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.
O‘tgan mavsumda "Zomin" chempionlikni rasmiylashtirib, Pro-ligaga chiqishni eplagan bo‘lsa, ikkinchi o‘rin "G‘ijduvon"ga nasib etgandi. Zominliklar o‘tkailgan 20 o‘yinda 16 g‘alaba, 1 durang va 3 mag‘lubiyat qayd etgan. 49 ochko to‘plagan klubning to‘plar nisbati 55:27 ni tashkil etgan. "G‘ijduvon"da 20 bellashuvda 13 g‘alaba, 3 durang va 4 mag‘lubiyat mavjud bo‘lgan. To‘plar nisbati - 56:24.
"Jizzax-Bars" va "Rubin" klublari turnirni so‘nggi o‘rinlarni egallagani bois tark etgan.
Hozirda Birinchi liganing 19-turi ortda qoldi. Jadvalda peshqadamlikni Namanganning "Navbahor-Farm" klubi o‘z qo‘liga olgan. Klub jami o‘tkazilgan 17 bahsda 11 g‘alabaga erishgan, 3 tadan o‘yin durang va mag‘lubiyat bilan yakun topgan. Ochkolar soni 36 tani tashkil etadi, to‘plar nisbati esa 38:18.
Ikkinchi va beshinchi o‘rindagi jamoalar orasida farq atigi ikki ochkoni tashil etadi. "Andijon 2" "Paxtakor-79", "Shaxrixonchi" va "Aral" jamoalari Pro-liga uchun jiddiy kurash olib bormoqda.
So‘nggi o‘rinlarda "Lokomotiv-BFK", "Nasaf-Farm" va "Chig‘atoy" klublari band etgan. Ular mos ravishda 11 ("Lokomotiv-BFK") va 14 ochko ("Nasaf-Farm" va "Chig‘atoy") to‘plashga muvaffaq bo‘lgan.
To‘purarlar ro‘yxatida etakchilik "Lokomotiv-BFK" klubi a’zosi Abdujabbor Zuhriddinovga tegishli bo‘lib turibdi. U 15 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan.
Keyingi o‘rinda 13 gol bilan "Andijon 2" vakili Shaxboz Jumaboev kelayotgan bo‘lsa, 3 va 4-o‘rinni "Aral" futbolchilari Ruslan Qalmag‘anbetov va Damir Nizanov bvnd etgan. Ular mos ravishda 12 va 11 tadan gol urgan.
Navbatdagi o‘rinlardan 10 tadan gol urgan Komil Tojiddinov ("Navbahor-Farm") va Yashnarbek Rahmonov ("Lokomotiv-BFK") joy olgan.
Mavsum yakunlanishiga 8 ta tur qoldi. Pro-liga uchun esa kurash avjida. Namangan, Toshkent, Andijon va Qoraqalpog‘iston klublari yuqori ligaga chiqish uchun qizg‘in kurash olib boradi. Voqealar rivojini kuzatamiz. Ko‘ramiz, yakunda kim o‘z maqsadiga erisharkin?!
Shohrux Zoirov tayyorladi.
Fikrlar