Klubga yangi legionerlar keladi, 3 nafar futbolchisiga etakchilar jiddiy qiziqib qolgan yoxud "Metallurg"dagi o‘zgarishlar haqida

  • 9 dekabr, 2022, 18:35
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliga ishtirokchilari ayni vaqtda ta’tilda ekanini yaxshi bilasiz. Lekin yaqin vaqtlar ichida klublarimiz mavsumlar oralig‘idagi mashg‘ulotlarga kirishishadi. Kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, Sports.uz sayti orqali jamoalarning yangi mavsum uchun tayyorgarlik rejalari haqida ma’lumotlarni siz aziz o‘quvchilar bilan baham ko‘rmoqdamiz. Biz ushbu yo‘nalishimizda davom etamiz va bu safar “Metallurg” klubining rejalari bilan o‘rtoqlashmoqchimiz.

Tecno

Bekobod jamoasi “mavsum-2022”ni 32 ochko to‘plab 10-o‘rinda yakunladi. “Metallurg” chempionat davomida turli taassurot qoldirib keldi. Lekin umumiy ma’noda, bu jamoa o‘zidan yomon xotiralarni qoldirgani yo‘q. Yangi mavsum uchun tayyorgarlik borasida albatta o‘ziga yarasha rejalar bor.

Bizga ma’lum bo‘lishicha, “Metallurg” klubi 25 dekabrda to‘planadi va 30 dekabrgacha 5 kun mobaynida shug‘ullanishi ko‘zda tutilgan.  Tabiiyki, asosiy yig‘in yanvar oyidan boshlanadi. Xabaringiz bor, “Metallurg” rahbariyati 2023 yilda ham ispaniyalik bosh murabbiy Luisma Ernandes bilan hamkorlikni davom ettirishga kelishib olgan. Ayni paytda uyda ta’tilda bo‘lgan mutaxassis “Metallurg” klubiga 4 yanvarda qo‘shiladi. Aynan shu kundan jamoa yig‘inni boshlaydi. Yanvar oyining o‘rtalaridan mashg‘ulotlar Toshkentga ko‘chiriladi. Qishki yig‘inning uchinchi bosqichi Turkiyada davom ettirilishi belgilangan.

meta_1

Hammani tarkib masalasi qiziqtiryapti. Ayniqsa, bekobodlik muxlislar uchun bu juda muhim sanaladi. Sports.uz jurnalisti Shuhratbek Jo‘raev yana ushbu klub bilan bog‘liq bir qator ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Demak, dastlabki yangilik sifatida shuni aytishimiz mumkinki, ikkinchi davrada jamoa safiga qo‘shilgan bosniya va gertsegovinalik yarim himoyachi Kerim Palich yangi mavsumni yana “Metallurg” safida o‘tkazadigan bo‘ldi. Futbolchi bekobodliklar tarkibida 12 ta uchrashuvda maydonga tushib 6 bor sariq kartochkaga “sazovor” bo‘lgan. U rahbariyat bilan hamkorlikni davom ettirishga rozilik bildirgan.

Yana bir muhim jihatni ham aytib o‘tmasak bo‘lmaydi. Endi “Metallurg” klubi yangi mavsum uchun legionerlar limitidan to‘liq foydalanmoqchi. Bu masalada rahbariyat ham tarkibga xorijlik malakali futbolchilarning olib kelinishga rozilik bildirgan. Bu borada klubdagilar jamoaga yangi legionerlarni olib kelish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlab yuborishgan va ayni chog‘da muzokaralar qizg‘in pallasiga kirgan. Shu bois yangi mavsumda “Metallurg” tarkibida albatta legionerlar ko‘rinish beradi.

met

Shu bilan birga rahbariyat boshqa klublarda to‘p surgan mahalliy futbolchilar bilan ham kelishuvga erishib qo‘ygan. Katta ehtimol bilan shu oy oxiriga qadar bu xususida klub rasman ma’lumot berishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, “Metallurg”ning bir qator futbolchilariga Superliganing etakchi jamoalari jiddiy tarzda qiziqib qolishgan. Jumladan, Damir Temirov, Abror Toshqo‘ziev va Ibrohim Ibragimov etakchi klublarning e’tiborini o‘ziga qaratmoqdalar. Uchalasi yarim himoyachi va yakuniga etgan mavsumda o‘zlaridan ajoyib taassurot qoldirdilar. Ibrohimov, 21 yosh, Temirov va Toshqo‘ziev esa 24 yoshni qarshilashgan. “Metallurg” rahbariyati hozirda ularga kelib tushgan takliflar ustida ishlamoqda. Albatta, yuqoridagi o‘yinchilarning bekobodliklar bilan shartnomalari bor. Agar tomonlar kelishuvga erishishsa, “Metallurg” o‘zi istagan narxga sotishi ham mumkin. Mazkur klubdagi voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Shuhratbek Jo‘raev. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!