
Kishini hayratga soluvchi hikoya! Entso Fernandes 6 yil ilgari Messiga qanday xat yozganini bilasizmi?
26 noyabr sanasida Argentina guruhdagi ikkinchi tur o‘yini doirasida Meksika ustidan (2:0) g‘alaba qozondi. Jamoaganing g‘alabasiga Leo Messi va Entso Fernandesning gollari hissa qo‘shdi. Yodingizda bo‘lsa, bundan 6 yil ilgari hissiyotlarini jilovlay olmagan Messi terma jamoadagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qilgan edi. Ana o‘sha paytda, ijtimoiy tarmoqlardan birida hech kimga tanish bo‘lmagan 15 yoshlik bola Messiga xat yozgan edi. U termini tashlab ketmasligini Leodan iltimos qilib so‘ragan edi.
Xatda nimalar yozilgan edi?
2016 yilning 27 iyun sanasida Kopa Amerika finali bo‘lib o‘tadi. O‘yindan keyingi penaltilar seriyasida Messi va Lukas Bilyaning noaniq zarbalari sababli Argentina alamli mag‘lubiyatni qabul qilib olgach, o‘sha paytlarda “River Pleyt” akademiyasi tarbiyalanuvchisi – Entso Fernandes Messiga murojaat etadi:
“Biz sizni fikringizdan qaytarishga qodirmizmi? Oddiy insonlarning nolasi sizga etib boradimi? Qanday qilib, siz his qilgan bosimning 1 foizinigina elkamizga olmagan bo‘lsak. Siz har kuni ertalab uyg‘ongach, oynaga boqasiz. Unda, 40 million xalqning talabini bajarishga mahkum insonni ko‘rasiz. Ular sizdan qanday ahvolda ekanligingizni so‘ramaydi. Sog‘lig‘ingiz va kayfiyati bilan ishi yo‘q, ammo katta voqealarga asos bo‘lishingizni talab qiladi.
Afsuski, biz sizni super iqtidor egasi bo‘lsa-da, oddiy inson ekanligingizni tan olmaymiz. Sayyoramizning eng kuchli futbolchisi bo‘lsangizda, avvalo biz kabi issiq jon ekanliginzni unutamiz. Har bir mag‘lubiyatdan so‘ng, siz uchrayotgan nafratning asl sababi boshqa ekanligini anglamasak ham, qolishingizni so‘rashga haqqimiz bormi?
Keling, mard bo‘lib o‘zimizga savol beramiz. Biz Leodan talab qilayotgan narsalarimizni hech bo‘lmasa bir foizini o‘zimizdan ham talab qilamizmi? Og‘ir o‘tgan mavsumdan so‘ng berilgan qisqa ta’tilda ham yurtimiz sharafini himoya qilishga sarflayotganingizni birov bildi, birov bilmadi.
Avvalo, qanday qaror qabul qilishni sizdan yaxshiroq hech kim bilmaydi. Shunday bo‘lsa-da, ketishdan oldin so‘nggi bor o‘ylab ko‘ring. Insonlar sizdan olib qo‘ygan hotirjamlikni his qilish maqsadida barchasidan qo‘l siltamang.
Menimcha, yoshligingizda terma jamoada to‘p surishni orzu qilgansiz. Hozir sizni egningizdagi ko‘k-oq libosni ko‘rganimizda, bizni qalbimiz hayajonga to‘ladi. Iltimos, bizni bu baxtdan mosuvo qilmang.”
2022 yilning sentyabr oyida Entso Fernandes Argentina terma jamoasi safidagi debyut o‘yinida maydonga tushdi. U bor yo‘g‘i 26 daqiqa to‘p tepdi. Gol yoki assistni o‘z hisobiga yozdirishni uddalay olmagan edi. Qatardagi mundialda esa u orzusiga etdi. Meksikaga qarshi o‘yinda zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Fernandes kumiri tashlab bergan to‘pni darvozaga joylab qo‘ydi. Bundan 6 yil ilgari boshlangan hikoyaning xotimasi ham naqadar go‘zal.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar