
Kim tez yugurdi?
“Yangi O‘zbekiston” bog‘ida “Men G'olib” harbiy-vatanparvarlik ommaviy yugurish musobaqasining 3 kilometr masofada o‘tkazilgan bahslarida g‘olib va sovrindorlar nomi aniq bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi va Vatan himoyachilari kuni arafasida tashkil etilgan mazkur musobaqa Qurolli Kuchlar vakillari, kuch tuzilmalari xodimlari, harbiy ta’lim muassasalari kursantlari va noprofessional yuguruvchilarni birlashtirdi.
Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, joriy yilgi “Men G‘olib Run” yugurish musobaqasi ilk bor Markaziy Osiyo yurish va yugurish akademiyasi tomonidan tashkil etildi.
Musobaqada kuch tuzilmalarining 7 ta jamoasi va harbiy o‘quv yurtlarining 6 ta jamoasi raqobatlashdi.
“Men G‘olib Run” musobaqasining umumiy sovrin jamg‘armasi 76 million so‘mdan oshdi. Ishtirokchilar erkaklar va ayollar o‘rtasida 3 va 10 kilometrlik masofalarda mutlaq g‘oliblik, erkak va ayol kursantlar o‘rtasida jamoaviy birinchilik, kuch tuzilmalari vakillari orasida erkaklar va ayollar jamoaviy birinchiligi bo‘yicha taqdirlandi.
Jumladan, 3 kilometrlik yugurish musobaqasiga harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillarining oilalari, shu jumladan katta-kichik avlod farzandlari ham qo‘shildi. Ushbu masofadagi bahslarda Eldor Botirov va Aziza Mirzaakbarova g‘olib deb topildi.
Ma’lumot o‘rnida: “Men G‘olib Run” musobaqasining ikkinchi bosqichi may oyida, 9 may - Xotira va qadrlash kuni arafasida bo‘lib o‘tadi.
Fikrlar