
"Katta o‘yin"ga qaytgan "Navbahor" guruhdan omon chiqadimi?
Xabaringiz bor, 18 sentyabr sanasida OChL guruh bosqichi o‘yinlari start oladi. Unga qadar, yurtimiz sharafini himoya qilishi kutilayotgan jamoalarimizning guruhlaridagi raqiblari, ularning o‘yin uslubi va imkoniyatlarimiz haqida fikr almashamiz.
Birinchi bo‘lib maydonga tushishi kutilayotgan Nasaf” bu maqolalar seriyasini boshlab bergan bo‘lsa, Olmaliqning OKMK klubi uni davom ettirdi! Endi navbat Namanganning "Navbahor" jamoasiga!
Samvel Babayan shogirdlari o‘zgacha guruhdan o‘rin egallagan. O‘zbekiston klublari o‘z guruhlarida transfer qiymati borasidagi ko‘rsatkichda 3-pog‘onani zabt etgan bo‘lsa, birgina "Navbahor" bu borada ikkinchi bo‘lishga muvaffaq bo‘lgan. Qo‘shimchasiga, jamoa kvartetdagi chinakam "yashirin tulpor" obrazida harakat qiladi. Bunga qadar, xalqaro maydonda ko‘rinish bermagan Eronning "Nassaji Mozandaron" va "Mumbay Siti" klublari biz uchun nima taklif eta olishi so‘roq ostida turibdi...
Raqib safida kimlar to‘p tepmoqda?
"Al-Hilol".
Osiyo qit’asining ayni damdagi birinchi raqamli jamoasi sanalgan "Al-Hilol" bilan nafaqat guruhning, balki OChL musobaqasining favoriti ekanligi hech kimga sir emas. Tarkibi istalgan Evropa grandi bilan tenglasha oladigan "Al-Hilol" "Navbahor" uchun chinakam imtihon bo‘lishi turgan gap. Tarkibida Neymar, Nevesh, Mitrovich, Kulibali, Bunu singari legionerlari bor jamoa Saudiya Arabistoni termasi a’zosi sanalgan bir nechta futbolchilarga ega. Saud Abdulhamid, Salmon Faraj, Al-Dovsari, Al-Shahroni, Al-Ovais va boshqalar bugungi "Al-Hilol" Osiyoning eng qudratli jamoasi bo‘lishini ta’minlab kelayotgan mahalliy futbolchilardan.
"Navbahor"ning bu bahslardagi imkoniyati borasida oldindan biror narsa deyish mushkul, biroq maydonga qo‘rquvsiz chiqsa, umid qilish mumkin.
Raqibning legionerlari va hisob raqamidagi pullari o‘z yo‘liga. Maydonda barcha teng va imkon hammada bor. Qo‘shimchasiga, ikkinchi davradagi bahsga kelib "Al-Hilol"ning Namangandagi o‘yini mehmonlar uchun ahamiyatini yo‘qotishi hech gap emas. Bu esa tarixiy natija yaratish imkonini beradi. Nima bo‘lgan taqdirda ham, bu o‘yinlar "Navbahor"ni Osiyoning grand klublari qatoriga qo‘shilganini anglatadi. Yangi daraja muborak "lochinlar"ga!
"Nassaji Mozandaron".
Eronning "Nassaji Mozandaron" jamoasi guruhimizda biz bilan ikkinchi o‘rin uchun jang qilishi taxmin qilinayotgan bo‘lsada, voqealar rivojidan ilgarilab ketmaslikni maslahat beraman. Sababi, Hindistonning "Mumbay Siti" klubi ham "jang" taklif etishi aniq. Eron chempionatidagi ishtirokini mag‘lubiyatlar bilan boshlagan "Nassaji Mozandaron" 4 o‘yinda 5 ochko jamg‘ardi, xolos. E’tiborli tomoni shundaki, klub o‘tgan mavsumda Eron chempionatini 13-pog‘onada yakunlagan. Kubokda g‘alaba qozongani sababli OChLda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan. "Nassaji" joriy mavsum uchun yaxshi tayyorgarlik ko‘rganiga qaramay, tarkib borasida maqtana olmaydi.
Deyarli barchasi mahalliy futbolchilardan tashkil topgan. Birgina ispaniyalik yarim himoyachi Nono legioner maqomida xarakat qilishi mumkin. Shuningdek, Iroq termasi vakili Ala Abbos ham qaydnomaga kiritilgan bo‘lib, hujumda ko‘rinish berishi mumkin. Jamoani 40 yoshli iqtidorli mutaxassis Mehdi Rahmati boshqarib boradi. Joriy mavsumdan boshlab jamoa postini qabul qilib olgan mutaxassis fors nashrlari tomonidan keskin tanqid qilinmoqda. Balki, "Navbahor" bilan o‘yinlar Mehdini iste’fosiga sabab bo‘lar?!
"Mumbay Siti".
Hindistonda futbol rivojlanayotganini tan olmaslikning imkoni yo‘q. Bundan 10-15 yil avvalgi stereotiplarni sindirib tashlab, vaziyatga real ko‘z bilan qarash lozim. "Mumbay Siti" bugun OChLda chinakam boshog‘riqqa aylanishi hech gap emas. 38 yoshli Des Bukingham qo‘l ostida inglizcha futbol o‘ynashga intilayotgan jamoa tarkibida Nasser El-Hayati (Niderlandiya), Roystin Griffits (Avstraliya), Tiri (Ispaniya), Jorjo Pereyra Diaz (Argentina) va Greg Styuard (Shotlandiya) singari saviyali legionerlar mavjud. Shuningdek, Hindiston terma jamoasining asosiy tarkib futbolchilari sanalgan 6 ta ijrochi ham bor.
Tarkib va mahalliy futbolchilarning imkoniyati haqida ortiqcha to‘xtalib o‘tirmoqchi emasman. Shunchaki, Hindiston futbol rivojlanish yo‘lida dadil qadamlar bilan odimlayotgani ko‘zga tashlanmoqda. Hozir jamoa "Navbahor" uchun boshog‘riq bo‘la oladigan darajada kuchli yoki yo‘q, aniq fikr bildirish qiyin. Sababi, hali xalqaro maydondagi imkoniyatlarini ko‘rib olganimiz yo‘q. Shunchaki, "Mumbay Siti"ni raqib o‘rnida ko‘rmaslikka endi haqqimiz yo‘q.
"Navbahor"ning guruhdan chiqish imkoniyatlari qanday?
Guruhdagi birinchi o‘rin masalasini "Al-Hilol" ortiqcha qiyinchiliksiz hal etishi haqiqatga yaqin, biroq ikkinchi o‘rin uchun jang ayovsiz kechadi. Imkoniyatlar "Navbahor"da a’lo darajada! Namanganliklar Eronning 13, Hindistonning 1-raqamli jamoasi bilan o‘zaro o‘yinlarda maksimal 12 ochko jamg‘arishi lozim. Bu o‘z-o‘zidan eng yaxshi ikkinchi o‘rin uchun beriladigan pley-off yo‘llanmasini taqdim etishi mumkin. "Al-Hilol" bilan Namangandagi bahsda esa kamida durang uchun jang qilish lozim.
Musobaqa darajasi baland bo‘lsada, vazifani yuqoriroq qo‘yaverish lozim. Menimcha, namanganliklar bu guruhda katta qiyinchilik bilan bo‘lsada, ikkinchi o‘rinni band etadi. Pley-off uchun bu jamg‘arilgan ochkolar etarli bo‘lish-bo‘lmasligini esa, vaqti kelib bilib olamiz. Hozirgi "Navbahor" katta tanaffusdan keyin xalqaro maydonga qaytganiga qaramay, jamoa yangi tarix va millionlab ishqibozlarning orzu-umidlari uchun 6 o‘yinda 6 marotaba o‘lib-tirilishiga to‘g‘ri keladi. Boshqachasiga, kvartetdan omon chiqishning imkoni yo‘q.
Fikrlar