
Jasur Jaloliddinov: Birinchi kundanoq Gilerme menga o‘z yordamini ayamayapti
Kechagi kunning muhim xabari shubhasiz 18 yoshli futbolchimiz – Jasur Jaloliddinovning “Lokomotiv” (Moskva) klubi bilan shartnoma imzolagani bo‘ldi. Aslida bu ro‘y berishi mumkin bo‘lgan o‘zgarish edi va buni barchamiz kutayotgandik ham. Mana, endi barchasi rasman o‘z tasdig‘ini topdi. Jaloliddinov esa faoliyatida oldinga katta qadam tashladi. Uni oldinda jiddiy yo‘l va shu bilan birga o‘ziga yarasha qiyinchiliklar ham kutib turibdi. Axir legioner sifatida o‘ynash, boz ustiga 18 yoshli o‘yinchimiz uchun oson bo‘lmasligi aniq. Biz esa Jasur bilan bog‘lanib dastlabki intervyuni oldik.
- Avvalambor, sizni “Lokomotiv” bilan shartnoma imzolab, klubning yangi a’zosiga aylanganingiz bilan tabriklayman. Ayni paytda o‘zingizdagi his-hayajonlar qanday? “Lokomotiv”dek jamoaning oilasidan joy olganingiz ham katta gap. Shunday ekan, ilk taassurotlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz?
- Assalomu alaykum, tabrik uchun rahmat. Albatta, bunday jamoaga kelishning o‘zi yoqimli. “Lokomotiv” – top-klub. Baribir hissiyotlarim zo‘r.
- “Lokomotiv” bilan besh yillik shartnomaga imzo chekdingiz. Bundan avval ham aytganingizdek, ular bilan bitim tuzilgach, ma’lum vaqt “Bunyodkor”da ijarada o‘ynab turishingiz varianti ham yo‘q emasdi. “Lokomotiv” bilan muzokaralar va shartnoma tuzilgach, voqealar rivoji qanday tus oladi? Bizni qiziqtirayotgani “Lokomotiv”da to‘liq qolasizmi yoki boshqa jamoada ijarada o‘ynab turasizmi?
- Nima bo‘lishi haqida ayrim saytlar turlicha yozyapti. Hamma har xil gapiryapti. Menimcha, nima bo‘lishini vaqtning o‘zi ko‘rsatib bersa kerak. Qolamanmi-ketamanmi, hammasi o‘z qo‘limda.
- Yangi jamoaning bosh murabbiyi bilan gaplashdingizmi? Umuman, u erda dastlab qaysi futbolchilar bilan muloqotda bo‘ldingiz?
- Ha, bosh murabbiy bilan tanishishga ulgurdim. Shuningdek, futbolchilar bilan ham tanishdim. Menga hozirgi paytda darvozabonlar ko‘proq yordam berishyapti. Gilerme birinchi kundanoq menga juda yaxshi munosabatda bo‘la boshladi va nima yordam kerak bo‘lsa, bemalol aytishimni ta’kidladi. Bundan tashqari, klubning Kochinkov degan zaxiradagi darvozaboni ham bor. U ilgari Sanjar Tursunov bilan bir jamoada o‘ynagan ekan. Aytishicha, Tursunov bilan yaxshi aloqada ekan. Shuning uchun u ham menga yordamini ayamayapti.
- “Bunyodkor”dan “Lokomotiv”ga ko‘chib o‘tishingiz sifatida sizning transfer narxingiz 350 ming evroni tashkil qilgani haqidagi xabarlar aytildi. Ushbu narx sizga qanchalik ta’sir qilishi mumkin? Har xolda hali yoshsiz va odatda bunday paytlarda to‘lanadigan katta summa turlicha ta’sir ko‘rsatishi mumkin? Balki bosim o‘tkazishi ham hech gap emas...
- Transfer summasining menga hech qanday aloqasi yo‘q. Masalan, u pul menga emas, klubning o‘ziga to‘lanadi. Shu bois o‘sha pullar sabab nimadir o‘zgaradi deb o‘ylamayman. Bu faqat klublar o‘rtasidagi kelishuv xolos.
- “Lokomotiv”ning mashg‘ulotlarida ishtirok etishni boshladingiz. Ayting-chi, klubdagi hayot tarzi, ishga bo‘lgan yondashuv, muhit qanday? U erda o‘zingizni yo‘qotib qo‘ymayapsizmi?
- Mashg‘ulotlari baribir boshqacha ekanligi bilinib turadi, xuddi Evropaniki kabi. Ularda talab boshqa. Futbolchilardan ham boshqacha yondashuv talab qilinadi. Jamoadagi o‘yinchilar o‘z ishiga faqat professional yondashadilar. Shunga yarasha bu erda murabbiylar ham ko‘p. Kimdir trenajyor bo‘yicha murabbiy, yana kimdir mashg‘ulotni o‘tkazadi, shunisi bilan ham “Lokomotiv”da juda talabchan.
- Yaqinda Yuriy Belous siz haqingizda iliq fikrlarni aytdi va kelajakda “Lokomotiv”ning o‘yinini belgilab beradigan futbolchi sifatida e’tirofladi, shuningdek, klubni tark etgan Joau Mariudan ustun qo‘ygan. Ammo bunga javoban boshqa bir ekspret qarshi chiqdi. Umuman olganda, Rossiyada o‘ziga yarasha tanqidiy va tahliliy fikrlar bo‘lishi odatiy hol. O‘zingiz haqingizdagi fikrlarga qanchalik e’tibor qaratyapsiz?
- Baribir o‘qiyman, chunki kimdir menga bu haqida ma’lumot tashlashi mumkin. Lekin bunday narsalarga jiddiy e’tibor berib, ortiqcha o‘ylanib o‘tirmayman. Mening ishim maydondan tashqarida emas, balki maydonga chiqib o‘ynash. Men haqimda yoziladigan maqola yoki fikrlarga e’tiborchan emasman.
- Moskvaga borib “Lokomotiv” bilan shartnoma tuzganingizda kimdir sizga hamroxlik qildimi?
- Ha, agentlarim Rossiyada bo‘lib turishibdi, barcha masalalarda o‘zlari qarab yordamlashib turishibdi.
- Darvoqe, siz yangi klubda 23-raqam ostida o‘ynaydigan bo‘ldingiz. Uni o‘zingiz tanladingizmi yoki klub tavsiya qildimi?
- Yo‘q, raqam masalasida klub hech qanday taklif bildirmadi. Bo‘sh raqamlarning ichida yaxshirog‘i 23 edi. Lekin buni Joau Mariuga aloqasi yo‘q. Faqat bo‘shligi uchun oldim.
Fikrlar