Ivan Bubalo: "Hech qanday imkoniyat berilmasdan ishdan bo‘shatishgani meni hayron qoldirdi" (1-qism)

  • 1 iyul, 2024, 12:09
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Ma’lumki, qishda “Bunyodkor” klubiga xorvatiyalik Ivan Bubalo bosh murabbiy etib tayinlangandi. Biroq dastlabki ikkita turdagi mag‘lubiyatlardan keyin ushbu mutaxassis iste’foga chiqarib yuborilgan.

Tecno

Yodingizda bo‘lsa, ilk turda Toshkentda “Qizilqum”ga 1:3, ikkinchi turda esa safarda “Andijon”ga 5:1 hisobida imkoniyat boy berilgan. Bubaloning ketishiga ushbu o‘yinlardagi mag‘lubiyat sabab sifatida ko‘rsatilgan.

Anchadan beri xorvatiyalik mutaxassis bilan bog‘lanib, Sports.uz uchun intervyu uyushtirishni rejalashtirib yurgandik. Nihoyat, bu istagimiz amalga oshdi va Ivan Bubaloga suhbatga rozi bo‘ldi. Oldindan aytish lozimki, suhbatni ikki qismga bo‘lgan holda e’tiboringizga havola qilamiz.

- Suhbatga rozi bo‘lganingiz uchun minnatdormiz. Avvalo ayting-chi,“Bunyodkor” klubidagi faoliyatingiz juda qisqa davom etdi. Murabbiylik hayotingizda bu holat birinchisimi yoki ilgari ham shunga o‘xshash holat kuzatilganmi?

- Meni O‘zbekistondagi vaqtim juda ham qisqa bo‘ldi. Bu futbol olamida g‘alati hodisa. Ikkita turdan keyinoq murabbiy bilan xayrlashish, hech qanday imkoniyat berilmasdan, uning nimalarga qodirligini sinovdan o‘tkazmasdan turib ishdan bo‘shatish g‘alati. 31 yoshimdan beri murabbiylik qilayotgan bo‘lsam, faoliyatimni davom ettirayotganimga 15 yil bo‘ldi. Bu kabi holatga birinchi marta duch kelyapman. Shu paytgacha menda O‘zbekistondek kam vaqtga ega bo‘lgan davlatim yo‘q edi. Yuz bergan holat meni hayratga soldi. Shu o‘rinda intervyuga taklif qilganingiz uchun rahmat. Men jurnalistlarning savollariga javob berishdan doim xursandman. Sizning kasbingizni yuqori baholayman. Shunday hisoblaymanki, sizlar futbol olamining muhim bo‘lagi hisoblanasiz.

- Adashmasam, bungacha biror klubda bosh murabbiy sifatida ishlamagandingiz. “Bunyodkor” taklifi qanday paydo bo‘lgandi va bu taklifni qabul qilishingizda nimani hisobga olgandingiz?

- Aytib o‘tganimdek, 15 yildan beri murabbiylik qilaman. Ularning 10 yilidan ortiq vaqt davomida bosh murabbiy bo‘lib ishlaganman. Uning dastlabki ikki yili yoshlar jamoalari miqyosida o‘tgan: U15, U16 jamoalarida murabbiylik qilganman. Undan keyin 4 mavsum davomida asosiy jamoani boshqarganman. 2016-2019 yillarda Bosniya va Gertsogovinaning “Zrinskiy mostar” klubida yordamchi murabbiy sifatida ishlaganman. Ikki karra mamlakat chempioni bo‘lganmiz. Evropa maydonlarida ishtirok etganmiz. 2020 yilda Xorvatiyada faoliyat olib borganman. 2021 va 2022 yilgi mavsumda Bosniyaning boshqa bir klubida ham mehnat qildim. Keyin BAAning “Al-Ayn” klubida, xususan U-18 jamoasida faoliyat yuritdim.

- Siz haqingizda internetda ham ma’lumot topish qiyin bo‘ldi. Birdaniga esa O‘zbekistonga kelib qolgandingiz...

- Menga O‘zbekistondan qo‘ng‘iroq juda kutilmagan holatda paydo bo‘ldi. O‘zbekistonda ikki mavsum o‘ynagan xorvatiyalik bir futbolchi orqali menga aloqaga chiqishdi. U vataningizda yaxshi taassurot qoldirgan ekan. “Bunyodkor” klubi vakillari unga yosh va ambitsiyalarga ega murabbiy qidirayotganligi haqida aytishgan. Ularning o‘zlarida ham bir qator nomzodlar bo‘lgan. Ammo ular xorvatiyalik yosh va kelajagi porloq murabbiyni istashgan. U mening nomzodimni ularga tavsiya qilgan. O‘tgan mavsumning oxirlarida Toshkentda bir necha kun bo‘ldim. Bir qancha suhbatlarda qatnashdik va uchrashuvlar o‘tkazdik. Klub vakillariga o‘z g‘oyalarim va qarashlarim, klubni qiyin holatidan olib chiqib ketish borasida o‘zimning strategiyamni namoyish qildim. Uyga qaytganimda ma’lumot oldimki, ular mening nomzodimni tanlashibdi. Shundan so‘ng yana O‘zbekistondan qo‘ng‘iroq keldi.

- Endi bevosita yurtimizdagi faoliyatingizga to‘xtalsak, “Bunyodkor”da ishlab qanday kamchilikka yo‘l qo‘ydim, deb o‘ylaysiz?

- Menda bir oydan kamroq vaqt bo‘ldi. “Bunyodkor”ning barcha o‘yinlarini imkon qadar ko‘rib chiqishga harakat qildim. Kelgusi mavsumda bizni nima kutayotgani borasida o‘z qarashlarim bo‘lishi uchun bu o‘yinlarni ko‘rib chiqdim. O‘zbek futbolida ko‘rganim shuki, sizlarda juda yaxshi darajada futbol o‘ynalar ekan. O‘yinchilaringiz texnik jihatdan juda iste’dodli. Futbolning dinamikasi, o‘ziga yarasha tez va o‘zgaruvchan, maydonlar sifati ham juda yaxshi. Bu meni hayron qoldirdi. Meni yana negativ tomondan hayron qoldirgani jamoani ko‘p o‘yinchilar tark etayotgandi. Ularning aksariyati asosiy etakchi futbolchilar edi. Mening oldimda yangi jamoa tuzish vazifasi turgandi. 5 ta legioner va 5 ta o‘zbekistonlik o‘yinchi “Bunyodkor”ga kelib qo‘shilgandi. Bundan tashqari, qo‘shimcha futbolchilarni akademiyadan olgan holda yangi jamoa tuzishimiz kerak edi. O‘tgan mavsum ijarada to‘p surgan o‘yinchilar orqali “Bunyodkor”da raqobatni shakllantirishimiz kerak edi. Jamoa sardori O‘lmasaliev va eng yaxshi to‘purar Jasur Hakimov, yarim himoyachi Abdurahmonov menga noma’lum bo‘lgan sabablarga ko‘ra, klubga kelgunimcha ular jamoani tark etib bo‘lishgandi. Jamoani tark etgan muhim o‘yinchilardan atigi bir nechtasini sanab o‘tdim, xolos. Lekin men kelganimda o‘sha yigitlar ixtiyorimda bo‘ladi va yangi mavsumda ularning xizmatiga tayanishim mumkin, deb o‘ylagandim. Garchi 10 ta yangi o‘yinchi va iqtidorli yoshlarni olgan bo‘lsak-da, baribir jamoa boshqatdan qurilishi kerak edi. Hamma bizning ish uslubimizdan qoniqish hosil qilayotgandi, barchaga yoqayotgandi. Klubdagi bosh direktor, sport direktori, deyarli barcha qilayotgan ishimizdan qoniqish hosil qilayotgandilar. O‘z oldimdagi vazifaga tayyor edim va unda muvaffaqiyatga erishishimga ishonardim. Agar menga vaqt va ishonch taqdim etishganida sport ichidagi odam sifatida bilishingiz kerakki, futbolda bir kechaning ichida hamma narsani o‘zgartirib bo‘lmaydi. Bu vaqt talab qiladigan jarayon. Bu eng kamida 2-3 ta transfer oynalarini o‘tkazishni talab qiladi. Mana shunda bor imkoniyatingizni ko‘rsatib bera olasiz.

- Rostini aytish kerakki, klubdagi legionerlarning hozircha mahalliy futbolchilardan ustun tomonlarini ko‘rganimiz yo‘q. Masalan, Maltadan ham legioner olib keldingiz. Bu ham boshida ko‘pchilikni hayron qoldirgandi. Bu masalada nima deya olasiz? Chunki siz olib kelgan legionerlar o‘sha dastlabki ikkita o‘yinda xatolarga yo‘l qo‘yishgandi va sizga ham pand berishdi. Ular sizga ham zarba berishgandek bo‘ldi. Misol uchun Toni Yovich chempionatda hamon gol urgani yo‘q. Siz ishonganlar sizga yordam bera olishmaganini tan olasizmi?

- Sizning fikringizga qo‘shilaman, legionerlar shu paytgacha o‘zlaridan kutilgan natijani ko‘rsatib bera olmadilar. Biroq doim aytganimdek, futbolda biroz moslashish, jamoaga kirishib ketish uchun sabr, klubning yordami, uning ishonchi kerak bo‘ladi. Bu kabi ko‘p sonli etakchi futbolchilarning jamoani tark etishidan so‘ng klub tezkor ravishda yangi futbolchilarga extiyoj sezgandi. Bu mavsum avvalida “Bunyodkor”ga kelgan barcha futbolchilar klub rahbariyatining ruxsati bilan taklif qilingan. Ishonamanki, siz bilasiz, Evropada asosiy transferlar yozgi transferlar oynasi hisoblanadi. Qishki transferlar oynasi paytida o‘z jamoangiz darajasini ko‘taradigan yaxshi futbolchilarni topish qiyin. Kompensatsiya to‘lamasdan turib ularni qo‘lga kiritish ancha mushkul. Bizda jamoaga mos futbolchilarni qidirib topish masalasida kam vaqt bor edi. Ko‘rinishdan o‘zbekistonlik muxlislar bilishmaydiki, Maltadan kelgan Rasho Serbiyaning “Radnichki” va Kipr klublarida to‘p surgan. Evropa ligalarida ishtirok etgan klublar. Ushbu futbolchi yuqori darajadagi jamoalarda o‘ynagan, tajribali futbolchi. Men tavsiya va kafolat bergan futbolchilardan biri edi. Hozirgi kungacha ham uni o‘zini ko‘rsata olishiga ishonaman. Darvozabon Lyubich masalasiga keladigan bo‘lsak, uni jamoadan ketishimda asosiy sababchilardan biri sifatida ko‘raman. Lekin unga qarshi hech qanday adovatim yo‘q. Xalqaro tajribaga ega bo‘lgan yaxshi darvozabon. Tan olamanki, unga imkoniyat berilsa yaxshi o‘yin ko‘rsata oladi. Toni Yovich Bosniya va Gertsegovina premer-ligasida o‘tgan mavsumning eng yaxshi to‘purarlardan biri bo‘lgan. Mavsum yakunida Bosniyada yilning ramziy jamoasidan ham o‘rin olgan.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!