
Italiyaliklar Shomurodov haqida nimalar deyapti?
“Kalyari” hujumchisi Eldor Shomurodov 2026 yilgi jahon chempionatiga chiqish uchun kurashayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi oldidagi vazifalarini yuz foiz ado etib berdi. 28 yoshli forvard Gonkong terma jamoasi bilan bo‘lgan ikkita o‘yinda bittadan gol urib berdi.
Shomurodov xalqaro miqyosda urgan gollari sonini 40 taga etkazib, o‘ziga tegishli rekordni yana bittaga oshirib qo‘ydi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo saralash turnirining uchinchi bosqichi va 2027 yili Saudiya Arabistonida bo‘ladigan Osiyo kubogining final bosqichiga muddatidan oldin yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Biroq, Toshkentdagi uchrashuvning 30-daqiqasida Shomurodov yil boshida operatsiya qilingan o‘ng oyog‘idan jiddiy zarba egani ko‘pchilikni xavotirga qo‘ydi. “Kalyari” muxlislari ijtimoiy tarmoqlarda bu holatni muhokama qilmoqda.
Sports.uz portali o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga italiyalik muxlislarning Shomurodov jarohatiga bildirayotgan munosabatlarini havola etadi.
JIJI11:
Bu jarohat hozir umuman kerak emasdi...
KARALIS 52:
Har doim kimdir etishmaydigan bo‘lyapti. Aynan hozir Eldor Shomurodov o‘zini eng yaxshi tomondan ko‘rsatayotgan edi. Jarohati jiddiy emasligiga umid qilamiz. Olg‘a, Shomurodov! Olg‘a, “Kalyari”!.
JORJIO LODDO:
Xavotirga o‘rin yo‘q, hammasi yaxshi bo‘ladi, Eldorning jarohati jiddiy bo‘lmasa kerak.
MORFRI:
Shomurodov ehtiyot yuzasidan maydonni erta tark etdi, deb umid qilamiz. Eldor endigina o‘zining darajasiga ko‘tarilib oldi va o‘z kuchiga ishonchi paydo bo‘ldi. Gonkong bilan oxirigacha o‘ynab, qiyinchilik bilan erishgan jismoniy holatini yo‘qotib qo‘ymasligi kerak edi. Oldinda “Verona”ga qarshi muhim o‘yin bor va u o‘zini ehtiyot qilishi kerak bo‘ldi. Aniq ma’lumotlarni klubdan kutib qolamiz.
ANGELOROSSOBLU:
Klaudio Ranerining bu o‘yinchidan umidi katta. Oyog‘iga kuchli zarba berilganidan keyin o‘ynagani tiklanish muddati cho‘zilishiga olib kelishi mumkin. Eldor tezroq safga qaytishini kutib qolamiz.
MAYSTEMURU:
Shomurodov A Seriyadagi joyimizni saqlab qolishimiz uchun kerak bo‘ladi. Jarohati jiddiy bo‘lmasa kerak. Eldor yog‘iga zarba berilganidan keyin 15 daqiqa o‘ynadi. Jiddiy bo‘lganda o‘ynamas edi. Tanaffusda zaxiraga olingani ehtiyot chorasi bo‘lgan.
Italiya manbalarining ta’kidlashicha, Eldor Shomurodov Sardiniyaga qaytganidan keyin klub mutasaddilari futbolchini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi va uning natijalariga ko‘ra, bir qarorga kelinadi.
Italiyaliklar Shomurodovdan xavotirda!
Fikrlar