
Islom Kenjaboev: “Navbahor" chempion bo‘lar edi, agar...” (Katta intervyu)
O‘tgan mavsumni “Qizilqum” safida yakunlagan iqtidorli futbolchi Islom Kenjaboev SPORTS.uz sayti uchun kattagina intervyu berdi. Suhbat davomida futbolchi faoliyati va ayni damdagi rejalari bilan o‘rtoqlashdi.
O‘tgan mavsumni “Navbahor” safida boshladingiz, ammo kutilganidek futbol namoyish etganingiz yo‘q. Namanganda o‘ynab keta olmaganingizning sababi nima?
- Nega o‘ynab keta olmadingiz, degan savol noo‘rin. O‘zbekistondagi istalgan jamoada bemalol asosiy tarkibda to‘p surishim mumkin. “Navbahor” safida Samvel Babayan menga ishonch bildirgani yo‘q. U o‘z futbolchilariga ko‘proq ishondi va erkinlik taqdim etdi. Agar o‘zining "qadrdon"lariga ishongandek, menga ham imkon berganida, jamoaga yaxshigina yordam bergan bo‘lar edim. Balki, chempion bo‘larmidik. To‘g‘risi, sabablar bisyor.
Ikkinchi davrada ancha yaxshi o‘yin ko‘rsatdingiz. Aytingchi, “Qizilqum”da haqiqatan ham ichki nizolar bor edimi?
- Ikkinchi davrada “Qizilqum” safiga kelib qo‘shildim. Ochig‘i, Navoiyda mazza qilib futbol o‘ynadim. Murabbiy ham menga ishonch bildirdi. Men jamoadagi katta futbolchilar orasida hech qanday muammo ko‘rganim yo‘q. Ikkiga bo‘linib ketish yoki murabbiyga qarshi birlashish haqida gap-so‘z ham bo‘lmagan. Lazarevichga qolgan futbolchilarning munosabati qanday ekanligini bilmayman. So‘nggi ikki oy davomida futboldan chetga chiqib qolganim uchun, balki ko‘p narsadan xabarim yo‘qdir.
Nikola Lazarevich masalasida fikringiz qanday?
- Uning jamoadagi o‘rni qanday ekanligini aniq ayta olmayman. Shunga qaramay, futbol jamoasida murabbiyning o‘z o‘rni bo‘lishi kerak. U shogirdlaridan bir bosh baland bo‘lishi shart. Boshqachasiga, o‘z gapini hech kimga o‘tkaza olmaydi. Menimcha, Lazarevich shu ishni uddalay olgani yo‘q.
Tez orada yangi mavsum boshlanadi. Keyingi jamoangiz masalasida bir qarorga keldingizmi?
- Hozircha yo‘q. Menda 2-3 ta taklif bor. Shuningdek, “Qizilqum” ham yangi kontrakt taklif qildi. Hali yakuniy qarorga kelganim yo‘q. Nasib qilsa, transfer oynasi so‘ngiga qadar variantlar ichidan eng yaxshisini tanlab olaman. Futbolni sog‘inganman. Muxlislarni, gollar va bu sport turidagi azartning o‘rnini hech narsa egallay olmaydi. Nasib qilsa, Islom Kenjaboev yangi mavsumga yanada kuchli bo‘lib qaytadi.
Sizni “Nasaf” bazasida shug‘ullanayotganingiz haqida mish-mishlar tarqaldi. Bu transfer amalga oshishi mumkinmi?
- “Nasaf” bilan barchasi reja asosida ketayogan edi. Yakunda, mendagi muammo sababli Qarshiga ko‘chib o‘ta olmadim. Buning sababi sir bo‘lib qolishini istayman. Shunga qaramay, “ajdarlar”ga mehrim bo‘lakcha. Afsuski, bu safar klub va men boshqa-boshqa yo‘ldan ketishimizga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasini kuzatib boryapsizmi? Yana termaga chaqirilish imkoniyatingizga qanday baho berasiz?
- Albatta kuzatib boraman. Bu xalq jamoasi. Menimcha, qanday klubda o‘ynashning ahamiyati yo‘q. Futbolchi o‘z ishini sitqidildan amalga oshirsa, istalgan jamoadan terma yig‘iniga taklif olishi mumkin. Asosiysi, barchasi futbolchining o‘ziga bog‘liq. U xorijda yoki o‘zimizda to‘p surayotganining ahamiyati yo‘q deb o‘ylayman. Katanets qo‘l ostida terma libosini kiyishni istayman. Buning uchun, yangi mavsumda qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman. Yuqorida aytganimdek, sport formamni a’lo darajaga olib chiqib, yana muxlislarni xursand qilishni xohlayman.
Siz bir muddat Janubiy Koreyada to‘p surdingiz. Aytingchi, bugungi O‘zbekiston futbolining darajasi qanday?
- Menimcha biz Janubiy Koreyaga etib olishimizga ancha vaqt kerak bo‘ladi. Gap futbolchilar yoki jamoalarda emas. U erda futbol uchun yaratilgan sharoitlar, yo‘lga qo‘yilgan tizim, bolalar futboli va infratuzilmaga faqatgina havas qilish mumkin. Bizda ham sekin-asta rivojlanish uchun qadamlar tashlanmoqda. To‘g‘ri, farq hozir katta, ammo yillar davomida to‘g‘ri amalga oshirilgan mehnat evaziga bu tafovutni yo‘qotishimiz mumkin.
Yaqin yillar ichidagi rejalaringiz qanday?
- Kelayotgan mavsumda o‘zimni yaxshi tomondan ko‘rsatib, birinchi imkon bo‘lishi bilan legionerga aylanishni rejalashtiryapman. Menimcha, futbolchilarimiz xorijda qancha ko‘p harakat qilsa, futbolimiz rivoji uchun shuncha yaxshi bo‘ladi. Istaymizmi, yo‘qmi, baribir legionerlarning terma jamoa uchun keltirayotgan foydasi mahalliy futbolchilarnikidan ko‘proq. Nasib qilsa, kelasi mavsum so‘ngida xorijdan kelgan takliflarni ko‘rib chiqish uchun mehnat qilishdan to‘xtamayman.
Futbol ishqibozlari uchun tilaklaringiz bo‘lsa, marhamat?!
- Birinchi navbatda futbolga bo‘lgan muhabbat hech qachon so‘nmasligini tilab qolaman. Aynan ular borligi uchun ham biz to‘p tepamiz. Ularning qo‘llab-quvvatlab turishi barchasidan muhim. Barcha o‘zi o‘ylagan ezgu niyatlarga etib yursin. Biz esa, mehnat qilishdan charchamaylik.
Ya . U
Fikrlar