Islom Isoqjonovning yangi jamoasi "Navbahor"...mi?

  • 24 dekabr, 2019, 20:43
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 4
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugungi maqolamiz iqtidorli hujumchi Islom Isoqjonovga bag‘ishlanadi. 26 yoshli futbolchi bekobodliklar safida 24 ta uchrashuvda ishtirok etib, uchta gol urdi. Lekin shunga qaramay, uning foydali o‘yinchi ekanligini bir nechta uchrashuvlarda ko‘rsata olgani ham e’tiborga molik. Ayni paytda ta’tilda bo‘lib turgan futbolchining faoliyatida navbatdagi o‘zgarish yuz bersa ham ajab emas.

Tecno

«Mavsum sustroq o‘tdi deb o‘ylayman»

«Metallurg» klubi ketma-ket ikkinchi yili chempionatda 5-o‘rinni band etishdi. Isoqjonov esa dastlab jamoasining joriy mavsumdagi ishtiroki xususida fikr bildirdi.

- Bu yilgi chempionatga keladigan bo‘lsak, oldingi yilga qaraganda, biz uchun biroz bo‘shroq o‘tdi. Medallar uchun kurashgan etakchilarga qarshi ko‘plab jamoalar raqobat ko‘rsata olishmadi. Buning ustiga «Paxtakor» 6-7 tur qolganida mamlakat chempioni bo‘ldi. Shuning uchun ham mavsum sustroq bo‘ldi deb o‘ylayman. Oldingi mavsumdagi kabi shiddatli va qiziqarli o‘yinlar kam bo‘ldi. Lekin 3-5 – o‘rinlar uchun kurash jiddiy kechdi. O‘ylaymanki, ushbu o‘rinlarga klublar o‘rtasida yaxshigina raqobat yuzaga keldi. «Metallurg»ga keladigan bo‘lsak, oldimizga qo‘yilgan vazifani bajardik. Lekin biz bundan ham ko‘prog‘iga loyiq edik. Faqat o‘z maydonimizda yaxshi o‘ynab, yutqazgan o‘yinlarimiz ham talaygina bo‘ldi. Afsuski, yuqori o‘rinlar uchun kurashish imkoniyatini qo‘ldan chiqardik deb o‘ylayman. Albatta, jamoamizda o‘yin borasida oldingi yillarga qaraganda anchagina o‘sish bo‘ldi. Klubga tajribali futbolchilar kelishdi. Ularning oldida yoshlarimiz ham o‘sishga erishishdi.

«Metallurg» bilan shartnomam yakunlangan»

Isoqjonov bekobodlik muxlislarning ishonchini qozonishga harakat qildi. Qolaversa, jamoasining etakchilaridan biriga ham aylandi. Lekin o‘zining aytishicha, u o‘z o‘yinidan u qadar qoniqmagan, buning ustiga rejalari borasida ham gapirdi.

- Bu yilgi mavsumda jamoamizning o‘yini va egallagan o‘rnidan kelib chiqib, qoniqish hosil qildim desam bo‘ladi. Ammo shaxsiy o‘yinimga kelsak, ko‘plab uchrashuvlarda o‘zimning hatti-xarakatlarimdan qoniqqanim yo‘q. Chunki men bundan-da, yaxshiroq o‘yinlar ko‘rsata olishimga qodir edim. Agar o‘yinimga yanada qo‘shishda davom etganimda va o‘zimga bo‘lgan ishonch bundan ham kuchliroq bo‘lganida o‘z o‘yinimdan qoniqish hosil qildim deb aytgan bo‘lardim. Endi takliflarga keladigan bo‘lsak, albatta, yangi chaqiruvlar bo‘lyapti. O‘ziga yarasha kuchli jamoalardan takliflar borligi rost. «Metallurg» bilan esa shartnomam yakunlangan. Hali bekobodliklar jamoasida qolish yoki qolmasligim noma’lum. Lekin shuni ayta olamanki, muxlislarning mehrini qozonib, shu darajaga etishishimda klubning o‘rni katta.

isoqjonov

«Yangi mavsumni «Navbahor»da boshlashim mumkin»

Oxirgi paytlarda Isoqjonov borasida turli xabarlar tarqalmoqda. Ya’ni, uning «Metallurg» bilan xayrlashib «Navbahor»ga ko‘chib o‘tishi borasidagi gap-so‘zlar ham yo‘q emas. Namanganlik futbolchi esa bular haqiqat ekanligini yashirmadi.

- Men ham internet orqali yangiliklarni o‘qib boryapman. Namanganda chempionlikka xos bo‘lgan va g‘olib jamoa sifatida uning o‘yinlarini tomosha qilishga arziydigan muxlislari bor. O‘ylaymanki, namanganlik barcha futbolchilar bunday jamoada o‘ynashni xohlashadi. Bunday muxlislar va yaratilgan sharoitlardan kelib chiqqan holda «Navbahor» chempionlikka munosib. Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynashga arziydigan jamoa. To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, yangi mavsumni «Navbahor»da boshlashim ehtimoli ham yo‘q emas. Agar jamoamni o‘zgartiradigan bo‘lsam, katta ehtimol bilan yangi mavsumni «Navbahor»da boshlayman.

«Lokomotiv»dan ham qiziqish bo‘ldi»

Bundan tashqari, Isoqjonovga «Lokomotiv»dan ham chorlov bo‘lgandi deyish mumkin. Ya’ni, klubing sobiq bosh murabbiyi Samvel Babayan «Metallurg» hujumchisiga qiziqish bildirgan. Futbolchi o‘z o‘rnida ushbu masalaga ham to‘xtalib o‘tdi.

- To‘g‘ri, mavsum o‘rtalarida, aniqrog‘i «Lokomotiv» bilan o‘yindan keyin menga ulardan taklif kela boshladi. O‘shanda Samvel Babayan bilan Toshkentda bir marta ko‘rishdik va telefon orqali ham gaplashib turdik. Chindan ham «Lokomotiv» tomonidan qiziqish bo‘ldi. Keyin esa Babayan Xitoyga ketgach ham menga yana «Lokomotiv» klubidan qo‘ng‘iroq bo‘lib, o‘z jamoasida ko‘rishni istayotganini ma’lum qilishdi. Lekin boya aytganimdek, agar «Metallurg»dan ketadigan bo‘lsam, o‘ylab o‘tirmasdan «Navbahor»ga o‘taman. Qolaversa, shunchalik mehnatimni qadrlab, meni o‘z jamoasida ko‘rishni xohlashgani uchun Babayan va «Lokomotiv» jamoasiga minnatdorchilik bildiraman.

«Shipilov bilan keyingi taqdirim borasida gaplashib turibmiz»

Albatta, futbolchi o‘zining keyingi faoliyati haqida «Metallurg» ustozi Andrey Shipilov bilan ham gaplashayotgan bo‘lsa ajab emas. Bunday vaziyatda murabbiyning qanday munosabatda bo‘lishi ham muhim ahamiyat kasb etadi.

- Hozircha keyingi taqdirim haqida aniq bir nima ayta olamasam kerak. Nazarimda, yaqin kunlarda hal bo‘lib qoladi. Bu borada Andrey Shipilov bilan ham gaplashib turibman. Mening «Navbahor»ga o‘tishim borasidagi gap-so‘zlardan «Metallurg» ustozi va boshqa mutasaddilarning ham xabarlari bor. Albatta, bekobodliklar kelasi mavsum uchun ham meni o‘z jamoasida saqlab qolishga harakat qilishyapti. Bu to‘g‘risida murabbiy bilan gaplashyapmiz.

isoqjonov2

«Chiroyli gollar tasodif bo‘ladi»

Hujumchi «Metallurg» safida uchta gol urdi. Ammo uning kiritgan gollari bir-biridan chiroyli chiqqanini ham aytish kerak. Har qanday futbol uchrashuvlarini bezay oladigan ajoyib gollar muallifiga aylana oldi. Isoqjonov esa bunday gollar odatda tasodif bo‘lishini aytdi.

- Evropa chempionatlarini ham tomosha qilib turaman va ularda ham ajoyib gollar guvohi bo‘lamiz. Chiroyli gollar esa tasodif bo‘ladi deb o‘ylayman. Lekin har bir o‘yindan oldin futbolchilarning o‘z oldiga qo‘yilgan maqsadi bo‘ladi. To‘g‘risi, mashg‘ulotlarda ham bunga ko‘p e’tibor qarataman. Ya’ni, zarba pozitsiyasiga chiqqan paytimda darvoza tomon tepishni xohlayman. Chiroy tomondan urgan golingiz tasodif bo‘lsa, ammo zarba yo‘llash pozitsiyasida o‘zimga bo‘lgan ishoch ortgan bo‘ladi. Menga eng yoqqan gollarimga kelsak, shaxsiy fikrim shundayki, kiritgan gollarim jamoamning g‘alabasi uchun foyda keltirgan bo‘lsa, shular men uchun eng chiroylisi bo‘lib qoladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Расулжон Тоштемиров
25/12/2019 09:47
Олга
Абдусамат Жураев
25/12/2019 09:36
НАВБАХОР янги Мисрлик бола жиловласа одам булади лекин Исокжонов машгулотда куринмади
Абдусамат Жураев
25/12/2019 09:35
КЕЧА МАШГУЛОТ пайтида куринмади
Muhammad Rahmatillaev
24/12/2019 23:15
Хозир Навбахордаги шароит Ўзбекистонда йўқ бирон жамоада фақат Пахтакорда бўлиши мумкин шунга келсанг кам бўлмайсан.