Ilmiy ish va tadqiqotlar o‘tkazish kerak!

  • 9 may, 2024, 03:17
  • Karim Xudayqulov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

"Real" o‘z maydonida "Bavariya"ni 2:1 hisobida taslim etdi va ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra, 4:3 hisobida EChL finaliga yo‘l oldi. Hal qiluvchi bahsda ular "Borussiya" Dortmundga qarshi o‘ynaydi. 

Xo‘sh, endi savol: "Qirollik klubi" nimaning evaziga "Bavariya"ni taslim etdi? Haydovchi o‘z mijozini manziligi eltib beradi. Agar biror ko‘ngilsiz voqea sodir bo‘lmasa. Biror restoranga kirsangiz va taomga buyurtma bersangiz, o‘sha taom 99 foiz holatlarda sizga etkaziladi. Agar siz do‘konga kirib, etarli pulni berib, o‘zingiz istagan mahsulotni sotib olsangiz, unda o‘sha mahsulot sizniki. Bular mutlaq odatiy va hayotimizda qayta-qayta sodir bo‘ladigan voqealar. Ana endi asosiy savolga qaytamiz. Oxirgi yillardagi "Real"ning kambeklari yoki g‘alabalari yuqoridagi misollar kabi o‘ta oddiy ish, aniqrog‘i, "Real" bizga asli murakkab bo‘lgan voqeliklarni xuddi taom buyurtma berib, tanovvul qilishday oson ishga aylantirib qo‘ydi.

"Bavariya" ilk uchrashuvda "Real"dan o‘yin tomonlama ustun edi. Ko‘proq hujumlar va sifatli futbol. O‘sha bellashuvda "qirollik klubi" epizodlarda faollik ko‘rsatib, durangni ta’minladi. Javob bahsida ko‘proq hujum qildi. Ba’zan Noyer qahramonliklar ko‘rsatgan bo‘lsa, ayrim hollarda Madrid klubi hujumchilarning o‘zi imkoniyatlarni ko‘kka sovurdi. Qarangki, "Real" uchun jarayon biroz asabiy ketayotgan bir paytda "Bavariya" gol urishning uddasidan chiqdi. Bu shundoq ham hujum qilib, darvozani ishg‘ol qila olmayotgan Anchelotti shogirdlari uchun ikki hissa bosim bo‘ldi. Biroq Madrid bosimni yaxshi ko‘radi. Mana shunday vaziyatlarda o‘zini "suvdagi baliq"day his qiladi. Kambekni shu qadar oddiylik bilan va o‘rta klassdagi hujumchi bilan amalga oshirdi. Hatto ular bu ishni Jahon darajasidagi biror yulduzsiz ham amalga oshiraveradi, degani bu. Qanday futbolchi bo‘lishidan qat’i nazar DNKsiga "shprits" orqali g‘oliblik ruhiyati yuborilarmikan yoki? Hayronman! 

Anchelotti qanday mutaxassis ekanki, uning istalgan qarori o‘zini oqlab ketaveradi. Biroz oshirib yuborayotgan bo‘lishim mumkin. Biroq siz bu jamoaning ayni damdagi ijrochilariga qarang. To‘g‘risi, Vinisius, Rodrigo, Bellingem va Valverde kabi ijrochilardan iborat "banda" davrimizning eng zo‘r hujum chiziqlaridan biri. Biroq bu jamoaning har bir pozitsiyasi va ayniqsa, himoyasi u qadar mukammal emas va hatto hozirgi holatida anchagina muammoli. Biroq xoh Nacho tushsin, xoh Chuameni shu pozitsiyada harakat qilsin yuqoridagi kundalik ishni qilib ketaveradi. Karlo turli o‘lchamdagi, "legolar"dan shakllar yasayverib charchamaydi. Kamdan-kam holatlarda uning "proekti" muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. "Bavariya", "Siti" yoki "Leyptsig", 2 yil avvalgi yana o‘sha "Siti", "Chelsi" yoki PSJ aybdor emas. Ular mukammal ko‘rinmaydigan mukammalikning qurbonlari xolos. 



Bu harakter, bu "genetika" albatta o‘rganilishi kerak. Ilmiy ish va tadqiqotlar o‘tkazilishi lozim, albatta. 



                                                                                                                                                                                   Karim Xudayqulov  

Tecno

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!