
Ikki autsayder to‘qnashuvi, Qarshidagi markaziy o‘yin yoxud tur oldidan
26-30 iyun kunlari Superligada 14-tur bellashuvlari bo‘lib o‘tadi. Qarshida markaziy o‘yin bor. Ikki autsayder ham ushbu turda o‘zaro bellashadilar Quyida tur oldidan imkoniyatlar baholanadi.
26 iyun
20:00. “Xorazm” – “Andijon”
Tur Jizzaxda “Xorazm” – “Andijon” o‘yini bilan boshlanadi. Urganch jamoasining uy arenasi hali to‘liq tayyor bo‘lmagani sababli jamoa nominal mezbon sifatida boshqa stadionlardan foydalanib kelmoqda. Shu bois “Xorazm” navbatdagi uy uchrashuvini ham Jizzaxdagi “So‘g‘diyona” stadionida qabul qiladi. Ikkala jamoa 14 ochko bilan 9 va 10-o‘rinlarni egallab turishibdi. Ikkala klub ehtiyotkorlik bilan o‘yin o‘tkazishi tabiiy va bu bahsda kim birinchi gol ursa o‘sha jamoa muvaffaqiyatga erishadigandek. Baribir ko‘p narsa tayyorgarlikka bog‘liq.
27 iyun
20:00. “Qo‘qon-1912” – “Dinamo”
Yaxshi o‘yin bo‘ladi. Bahrom Haydarov jamoasi ketma-ket mag‘lubiyatlar girdobidan qutulish uchun "Dinamo"ni taslim qilishi lozim. Lekin 6 ta o‘yindan beri yutqazayotgan “Qo‘qon-1912”ning ruhiy holati qanday? “Dinamo” o‘tgan turdagina chempionatdagi birinchi mag‘lubiyatini qabul qilib oldi. Vadim Abramov jamoasining o‘yini ko‘pchilikka manzur kelmoqda. Qolaversa, ular safarda ham ancha erkin va xotirjam o‘ynashyapti. Qo‘qonliklarda shubhasiz bosim bor. Chunki yutmasa bo‘lmaydigan holatda. Bu esa futbolchilarga qo‘shimcha qiyinchilik tug‘dirishi ham mumkin. Bahrom Haydarov boshchiligidagi murabbiylar shtabi futbolchilarni ruhiy tomonlama ham puxta tayyorlashi kerak. Agar mezbonlar o‘z o‘yinini ko‘rsatsa, “Dinamo”ga ham oson bo‘lmaydi.
20:00. “Nasaf” – “Paxtakor”
Turning markaziy o‘yinini hamma kutyapti. Hali mag‘lubiyatga uchramagan yagona jamoa sifatida “Nasaf” qoldi. “Paxtakor”ga qarshi bahs tur bezagiga aylanadi, katta ehtimol. Kamol Tojiev “Paxtakor” bosh murabbiyligiga kelgach, “Sherlar” yutqazmasdan, raqiblaridan ochkolarni tortib kelyapti. Bu e’tiborga molik. Qarshidagi bahsda ham jamoalar eng yaxshi o‘yinlarini ko‘rsatish payida bo‘ladilar. Balki Dragan Cheranning “Paxtakor”ga qarshi aytar so‘zi bordir...
28 iyun
19:00. “Navbahor” – “Mash’al”
Muborakning “Mash’al” klubi bir necha kun ilgari O‘zbekiston Kubogi nimchorak finalida Farg‘onada musobaqa favoritlaridan biri “Neftchi”ni mag‘lub etib turnirdan chiqarib yubordi. Ularning navbatdagi safari yana vodiyga bo‘lib, bu gal Namanganda “Navbahor”ga qarshi maydonga tushadilar. Asror Aliqulov boshchiligida “Mash’al” oxirgi paytlarda o‘zini o‘nglab borayotgani haqiqat. “Navbahor” esa sovrinli o‘rinlar uchun kurashga qaytyapti. Lushchan jamoasining o‘yini rang-barang, juda qiziqarli va hujumkor. “Mash’al”ga qarshi uchrashuvda tabiiyki, mezbonlarning imkoniyati yuqoriroq. Qolganini uchrashuv davomida ko‘ramiz.
20:00. “Qizilqum” – “Neftchi”
O‘zbekiston Kubogidan chiqib ketgan “Neftchi” bor e’tiborini chempionatga qaratadi. “Qizilqum” uchun jiddiy imtihon. Albatta, farg‘onaliklar tarkibi kuchli, individual jihatdan ham etuk ijrochilarga ega. Biroq jamoaviy o‘yin borasida nimadir etishmayapti. “Qizilqum” shu tomonlama foydalanib qolishi mumkin. Himoya chizig‘ida kamchiliklar ko‘zga tashlanib turgan navoiyliklar kuchli hujumchilariga ega bo‘lgan “Neftchi”ning hamlalarini qaytarishi zarur. Aks holda qiyin vaziyatga tushib qolishi hech gap emas.
29 iyun.
19:00. “Bunyodkor” – “So‘g‘diyona”
O‘tgan turda Samarqandda yorqin o‘yin ko‘rsatib, “Dinamo”ning ilk mag‘lubiyatini tan olishga majbur qilgan “Bunyodkor” chindan olqishlarga munosib bo‘ldi. Endi Ilyos Zeytullaev jamoasi “So‘g‘diyona”ni qabul qiladi. Turnir jadvalidagi hozirgi holatdan kelib chiqsak, “Bunyodkor” o‘z uyidagi navbatdagi imkoniyatni qo‘ldan chiqarib yubormasa kerak. Boz ustiga, Samarqanddagi ajoyib g‘alabadan keyin ularda kayfiyat a’lo. “So‘g‘diyona” eson-omon birinchi davrani tugatib olish va yozgi selektsiyada jiddiy o‘zgarishlar qilishga e’tibor qaratgan. Lekin bu o‘yinda hamma narsa bo‘lishi mumkin. “So‘g‘diyona” baribir xavfli raqib bo‘lib qolaveradi.
20:00. “Buxoro” – “Sho‘rtan”
Ulug‘bek Baqoev jamoasi O‘zbekiston Kubogi 1\8 finalida OKMKni 3:1 hisobida yutib keyingi bosqichga chiqdi. Chempionatda esa u qadar ishlari yurishmayapti. Bu turda ikki autsayder bellashadi. “Sho‘rtan” ham oxirgi paytlarda o‘yinini o‘zgartirdi va bu natijalarda ham bilinyapti. Ikkala klubning ko‘rsatkichlari va ochkolari bir xil. Yutgan jamoa uch ochkoga o‘zib ketadi. Bu ham o‘ziga yarasha qiziq bahsga aylanadi.
30 iyun.
20:00. OKMK – “Surxon”
O‘zbekiston Kubogidan chiqib ketgan OKMK xuddi yaralangan sher kabi va chempionat doirasida ularni “Surxon”ga qarshi uchrashuv kutmoqda. Hozircha “Surxon”ning ham chempionatdagi natijalari ko‘ngildagidek emas. Mirjalol Qosimov jamoasi garchi kuchli uchlikda bo‘lsa-da, ayrim holatlarda barqarorlik etishmayapti va jamoa o‘yinchilari oddiy vaziyatlarda xatolarga yo‘l qo‘yishmoqda. Bu Qosimovni tashvishlantiryapti. “Surxon”ga qarshi o‘yinda kichik ustunlik OKMK tarafida.
Fikrlar