Husanovni yanvarda olib ketishmoqchi. Legionerimiz faoliyatini qaerda davom ettiradi?

  • 26 oktabr, 2024, 08:10
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Lans” klubi himoyachisi Abduqodir Husanov faoliyatida o‘zgarish bo‘lishi ehtimoli oshib bormoqda. Mavsumni yorqin boshlagan 20 yoshli futbolchimiz Evropaning bir necha klublari nishonida turibdi.

Tecno

“Ko‘hna qit’a”ning qator manbalari va ekspertlari o‘zbek futbolchisining kelajagi va  transfer imkoniyatlari haqida o‘z qarashlarini yozmoqda.

Sports.uz portali o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga bir necha manbalarning legionerimiz faoliyatiga oid mulohazalarini havola qilishni davom ettiradi.

Mano Buve, sport.fr sayti eksperti:

Abduqodir Husanov butun Evropaning orzusiga aylandi. PSJ bosh murabbiyi Luis Enrikega bu himoyachi ma’qul keldi. Lekin PSJ o‘zbek legionerini olishni istayotgan yagona jamoa emas, uning xaridorlari ko‘payib boryapti.

Bu transferni amalga oshirish PSJga oson bo‘lmaydi. Chunki raqobatga Angliya Premer-ligasi klublari ham qo‘shilgan. Bu ishni murakkablashtirdi.

Boshqa tomondan “Lans” rahbariyati o‘zbek futbolchisining transferidan mo‘may daromad ishlab olishiga ishonchi komil. Faqat bir masala – bu qachon amalga oshishi hozircha noma’lum bo‘lib turibdi.

Leons Siriak, foot-sur7.fr portali eksperti:

PSJ va “Arsenal” navbatdagi transfer bozorlarida “Lans”da o‘ynayotgan o‘zbek futbolchisi Abduqodir Husanovni qo‘lga kiritish uchun ancha murakkab kurash olib borishiga to‘g‘ri keladi. Raqobat kuchaygani sari 20 yoshli legionerning narxi ham ko‘tarilib boradi.

Insayderlarga ko‘ra, PSJ mutasaddilari Milan Shkrinyarning yanvarda yoki mavsum oxirida klubdan ketishi tufayli Abduqodir Husanov xizmatidan foydalanish imkoniyatini o‘rganib chiqmoqda. Parijliklar bosh murabbiyi Luis Enrike o‘zbekistonlik markaziy himoyachini Markinos va Uilyam Pachoga yordam berish uchun olib kelishni istayapti. Husanovning qobiliyati ispaniyalik mutaxassisning talablariga ideal tarzda mos tushadi.

Lekin bu rejani amalga oshirish uchun “Arsenal” bilan raqobatlashishiga to‘g‘ri keladi. “Kanonirlar” bir necha grand klublar olishga harakat qilayotgan Vilyam Salibaga o‘rinbosar qidirmoqda. Bundan tashqari, Saliba klubda qolgan taqdirda ham londonliklar himoya markazini kuchaytirishni maqsad qilgan. “Arsenal” har ikki vaziyatda ham Abduqodir Husanovni eng maqbul nomzod deb hisoblamoqda va transfer harakatlarini yanvardanoq boshlashni mo‘ljallagan.

ALLEZLENS.FR:

Mavsum boshidan beri “Lans” himoyasi markazida o‘ynab kelgan Abduqodir Husanov “Sent-Eten” bilan bo‘lgan bellashuvda o‘ng qanotga o‘tkazilgandi. Yangi pozitsiyada uning yangi samarali qirralari ochildi. Bu holat darrov ekspertlar diqqatini tortdi.

Angliya Premer-ligasi vakillaridan “Nyukasl” va “Everton” o‘zbek futbolchisiga endi qiziqa boshlagan bo‘lsa, “Arsenal” yanvar oyida dastlabki taklifini yuborishi kutilyapti.

Biroq, so‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, “Lans” mavsum o‘rtasida etakchi o‘yinchisini qo‘yib yubormoqchi emas. Ular mavsum yakunlanishini kutadigan bo‘lyapti. Bu transfer ko‘p jihatdan “Lans” chempionatni nechanchi o‘rinda yakunlashi, qaysi Evropa kuboklariga yo‘llanma olishi, Kevin Dansoning kelajagiga oydinlik kiritilishi kabi bir qator omillarga bog‘liq.

Biroq shunisi aniqki, mavsum oxirida Abduqodir Husanov “Lans”ning eng qimmatbaho aktiviga aylanadi.

Ta’kidlash joizki, Abduqodir Husanov futbol sir-asrorlarini “Bunyodkor” klubi tizimida o‘rgangan. Professional faoliyatini Belarusning “Energetik-BGU” klubida boshladi. O‘zbekiston yoshlar terma jamoalari ishtirokidagi o‘yinlari orqali qator xorijiy klublar nazariga tushdi.

“Lans” uni 2023 yilning yozida o‘z safiga qo‘shib oldi. Husanov Frantsiya chempionatida o‘ynagan birinchi va hozircha yagona o‘zbek futbolchisi hisoblanadi.

 

“Lans” Angliya grandlari kutayotgan Husanovni qanchaga baholayapti?

“Real”ning transferi Husanovning grand klubga o‘tishiga yo‘l ochadi!

Yangi pozitsiyada raqibni titratgan Husanovning o‘yini qanday baholandi?Fayzullaevning narxi ko‘tarilib ketadi!

Rossiyada O‘zbekistonning jahon chempionatiga chiqishiga ishonishyapti

O‘zbekiston himoyasini mustahkam ushlab turgan Husanovning o‘yini Evropada qanday baholanyapti?

Husanov qachon grand klubga o‘tadi?

Husanov Evropada cho‘qqiga ko‘tarilyapti!

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!