
Husanov hali yangi klubiga bormay turib, jamoasi bir uchrashuvda sakkizta gol urdi
“Manchester Siti” mutasaddilari o‘zbek himoyachisi Abduqodir Husanovning transferini yakunlash bo‘yicha ish olib borayotgan bir paytda jamoa futbolchilari Angliya kubogi doirasida yirik hisobda zafar quchdi.
Musobaqaning 1/32 final bosqichida uchinchi divizion vakili “Solford Siti” bilan ro‘baro‘ kelgan manchesterliklar mehmonlarni ayab o‘tirmadi.
Xosep Gvardiola shogirdlari “Solford Siti” darvozabonini o‘z ortidan sakkiz marotaba to‘p olib chiqishga majbur qildi.
G‘alaba keltirgan gollardan uchtasi Jeyms Makeyti, ikkitasini Jeremi Doku, qolganlarini Divin Mubama, Niko O'Rayli, Jek Grilish kiritdi.
E’tiborli jihati, jamoa yulduzi Jek Grilish penaltini aniq bajarib, bir yilu ikki oy davom etgan golsiz seriyasiga barham berdi.
“Manchester Siti” bu natija orqali 92 yillik natijani takrorladi. Squawka statistika markazi bergan ma’lumotga ko‘ra, manchesterdiklar 1933 yilning yanvaridan beri ilk bor Angliya kubogi doirasida raqib darvozasini sakkiz bor ishg‘ol qildi. 92 yil muqaddam “Geytsxed” jamoasi bilan bo‘lgan bahsda “Manchester Siti” futbolchilari to‘qqizta gol urib, bu musobaqa uchun klub rekordini o‘rnatgan edi.
Umuman olganda, Angliya kubogi musobaqasida “Manchester Siti” jami etti marotaba g‘olib chiqqan va mamlakat klublari o‘rtasida kubokni qo‘lga kiritish bo‘yicha “Aston Villa” bilan oltinchi pog‘onani bo‘lishib turibdi.
Xosep Gvardiola shogirdlarida o‘tgan mavsumda ettinchi sovrinni o‘ziniki qilish imkoni tug‘ilgan edi. Biroq Angliya chempionligiga sazovor bo‘lgan jamoa mamlakat kubogi uchun o‘tkazilgan finalda “Manchester Yunayted”ga 1:2 hisobida yutqazib qo‘ydi.
Ta’kidlash joizki, Abduqodir Husanov “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tganidan keyin Angliya Premer-ligasida kuchli to‘rtlikdan joy olib, Evropa chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashda ishtirok etadi.
Garchi Xosep Gvardiola shogirdlari joriy mavsumda Angliya chempionligi uchun kurashish imkoniyatini qo‘ldan boy bergan bo‘lsa-da, Husanov yangi jamoasi safida mamlakat kubogi uchun kurashish imkoniyatiga ega.
Qolaversa, mamlakat chempioni sifatida “shaharliklar” hali qit’a miqyosidagi eng nufuzli musobaqa – Evropa Chempionlar ligasidagi yurishlarini davom ettirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Evropaning barcha nufuzli manbalari “Manchester Siti” mutasaddilari O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘yinchisi uchun Frantsiyaning “Lans” klubiga 40 million evro badal puli va 10 million evro bonus to‘lashi haqida ma’lumot chiqardi.
Hozircha, bu transfer rasman e’lon qilinishi qoldi xolos.
Fikrlar