"Hujumchi 2 ta o‘yinda gol urmasa zaxirada bo‘lishi kerak, oldin hamma hakamdan qo‘rqardi" - "Mash’al" ustozi yana nimalarni aytdi?

  • 12 sentabr, 08:18
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing 21-turida voha derbisi bo‘lib o‘tadi. Unda “Mash’al” G‘uzorda “Sho‘rtan”ni 2:1 hisobida taslim qildi. Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida “Mash’al” bosh murabbiyi Otabek Narzullaev jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

Tecno

- Bu o‘yin biz uchun juda muhim edi. Yil davomidagi eng kerakli uchrashuvlarimizdan biri hisoblanardi. Birinchidan bu derbi. Ikkinchidan turnir jadvalida mavqeimizni yaxshilash uchun oldinroqqa chiqib olish imkoniyati bor edi. G‘alaba bilan futbolchilarimizni, muxlislarimizni tabriklaymiz. Ushbu g‘alaba hammamizniki.

- Birinchi taymda boshqacha, ikkinchi taymda boshqacha o‘yin bo‘ldi...

- Bu - futbol. Unda har xil vaziyatlar bo‘lishi mumkin. 2:0 hisobidan so‘ng yigitlarda ruhan yutdik, degan narsa bo‘ladi. Eslasanglar, “Dinamo” bilan o‘yinda 2:0 hisobida yutayotib yakunda yutqazganmiz. Yigitlarga tushuntirganmizki, 2:0 - bu eng yomon natijalardan biri. 2:0 dan keyin 2:3, 2:4 yoki 2:5 ga yutqazganlarini ko‘p ko‘rganmiz. Himoyada to‘g‘ri o‘ynash va to‘p o‘tkazib yubormaslikni tushuntirdik. Ha, xatolar bo‘ldi. Futbol o‘ynayotgan jamoada xatolar bo‘ladi.

- “Sho‘rtan”ni o‘yiniga qanaqa baho bergan bo‘lardingiz?

- “Sho‘rtan”ni bilamiz. Ikkinchi davrada ancha yaxshi jamoa shakllantirishdi. Yosh futbolchilar ham bor. Ular yaxshi jamoa. Baribir bu futbol. Turnir jadvalida oxirgi o‘rinda bo‘lish ko‘p o‘yinchilarga ruhan ta’sir qiladi. Biz ularni kuchli va kuchsiz tomonlarini xulosa qilib chiqqandik. Biz o‘z imkoniyatlarimizdan foydalandik va yutib ketdik. “Sho‘rtan”ga yaxshi baho beramiz.

- “Sho‘rtan”dan qanaqa o‘yin kutgandingiz yoki raqib siz kutgandan boshqacha o‘yin ko‘rsatdimi?

- Kutgan edik. “Sho‘rtan” bor kuchini berishini kutgandik va shunga yarasha futbolchilarni ham tayyorlagandik. Birinchi taymda ularga o‘yin bermadik. Faqat tajovuzkor o‘ynashni va pressing bilan harakat qilishni tushuntirgandik. 2:0 dan keyin xohlaymizmi-yo‘qmi, yutayotgan jamoa ikkinchi raqam bo‘lib, qarshi hujumda o‘ynaydi. Bundan ham yaxshi o‘yin kutgandik. Xudoga shukr, g‘alaba qozondik.

- Futbolchilaringiz to‘liq ko‘rsatmalaringizni bajardimi yoki qandaydir jabhalarda jamoangizdan qoniqmagan jihatlaringiz ham bo‘ldimi?

- Yutgan jamoa muhokama qilinmaydi. Futbolda kamchiliklar bo‘ladi. Buni ustida ishlaymiz. Bu yilgi vazifamiz chempionatda o‘z o‘rnimizni saqlab qolish, iloji boricha yuqoriroq o‘rinlardan birini egallash, akademiyamizdan futbolchilarni tarbiyalash. Hisob yaxshiroq bo‘lganida akademiyamizdagi o‘yinchilarni ham maydonga tushirmoqchi edik. 2:0 dan keyin ularga imkoniyat bera olmadik.

- Murabbiy nuqtai nazaridan “Sho‘rtan”ning qaysi tomonlarini kuchli yoki kuchsiz deb ayta olasiz?

- Raqib jamoani muhokama qila olmayman. Klubni ichida emasman. O‘zimizni jamoa haqida qancha savol bo‘lsa javob berishga tayyorman.

- Humoyun Murtazoevning holati haqida nima deya olasiz?

- “So‘g‘diyona”ga borib o‘rtoqlik o‘yini tashkil qilgandik. Xumoyun Murtazoev, Sardor Abduraimov va Umid Ryashinni engil jarohatlari bor edi, olib ketmagandik. Baribir bu o‘yinda shuni ta’siri bo‘ldi, katta “nagruzka” olishdi. Holati yomon emas, ancha yaxshilangan. Asosiy hujumchilarimizdan biri, unga dam berdik. Unga aytganmiz, agar ikkita o‘yinda gol urmasang zaxiraga o‘tirasan. Hujumchi ikkita uchrashuvda gol ura olmasa, o‘z-o‘zidan zaxirada bo‘lishi kerak. Yaxshi jamoalarda shunaqa. Uni o‘rnini to‘ldiradigan yaxshi, yosh futbolchilarimiz bor.

- Hakamlik haqida fikringiz qanday?

- Hakamlarni ishini muhokama qilmoqchi emasman. Ularni o‘zini qo‘mitasi bor. Bizga eng asosiysi, uch ochko qiziq. Hamma o‘z ishini qiladi. Xato va kamchilik bo‘lishi mumkin. Bir narsani aytib o‘tmoqchiman, 2015, 2016, 2017 yoki undan avvalgi yillari hamma hakamdan qo‘rqardi. Hozir ancha tozalangan. Agar siz kuchli bo‘lsangiz uyda ham, safarda ham yutasiz. Hakamlar haqqoniy ish olib borishyapti. VAR ham bor. Hech qanaqa yon bosishlar yo‘q.  

- “Mash’al” 21-turdan keyin 21 ochko jamg‘ardi. Hamma o‘yin safarda bo‘lyapti. Agar uyida o‘ynaganida ochkolar soni ko‘proq bo‘larmidi?

- Albatta. Chunki bu eng katta og‘ir nuqtalarimizdan biri. Biz ham uyda, muxlislarimiz ko‘z o‘ngida o‘ynashni xohlaymiz. O‘z uyingda devorlar ham yordam beradi, degan joyi bor. O‘z uyimizga qaytarishlarini so‘rab qolamiz. Agar uyimizda o‘ynaganimizda turnir jadvalini o‘rtalarida yurishimiz mumkin edi. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!