
Gvardiola hayron: Husanov Yamal bilan o‘ynashi mumkinmi?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov “Manchester Siti” o‘yinchisi ekani va o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari orasida “shaharliklar”ga muxlislik qilayotganlar ko‘pligini inobatga olib, sports.uz portali ushbu klubga oid yangilik va ma’lumotlarni berib borishda davom etadi.
“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola yakunlangan mavsumning birinchi yarmida yuz bergan inqirozdan keyin bu masala echimini jamoa tarkibini yangilashda, deb topdi.
Bosh murabbiyni qo‘llab-quvvatalagan klub rahbariyati yanvar oyidayoq katta xarajatlarga qo‘l urdi. Birinchi bo‘lib, “Lans”dan Abduqodir Husanov transfer qilindi. Bir necha kun ichida “Palmeyras”dan Vitor Reys, “Ayntraxt”dan Umar Marmush va “Portu”dan Niko Gonsalems olib kelindi.
Husanovdan boshlangan yangi transferlar siyosati yozda yanada kuchaytiriladi. Xususan, “shaharliklar” 70 million evro evaziga “Milan” etakchisi Tijani Reyndersni o‘z safiga qo‘shib oladigan bo‘ldi. Hali oldinda yana bir qator katta xaridlar kutmoqda.
Klub transfer bozorida faollik ko‘rsatayotgan pallada Xosep Gvardiola nega “Manchester Siti” xo‘jayinlari “Barselona” yulduzi Lamin Yamalni olish haqida bosh qotirmayotganidan hayron ekanini ma’lum qildi.
- Hozir Lamin Yamalning yangi maoshining kattaligini gapirishyapti. Demak, u shu summaga yarasha o‘yin ko‘rsatmoqda. Uning atrofida o‘z ishining ustalari jamlangan. Masalan, Lionel Messiga ham katta maosh hech qanday salbiy ta’sir ko‘rsatmagan, u maydonda nimalarga qodirligini ko‘rsatib kelgan.
Meni boshqa narsa hayratga solyapti. Nega “Manchester Siti” Yamalni olib kelishga qiziqmayapti. Lamin juda kuchli o‘yinchi. Buni “Inter”ga kechgan uchrashuvning qo‘shimcha vaqtida yaqqol ko‘rdik, jamoadoshlari faqat u orqali o‘ynadi.
Xans-Diter Flik aytganidek, Lamin bundan keyin ham o‘z ustida ishlashi kerak va bu borada “Barselona” unga yordam berishda davom etadi. Anig‘i shuki, Yamal o‘zi uchun eng zo‘r joyda.
“Barsa”ning muxlisi sifatida Lamin Yamalning bu klubda paydo bo‘lganidan men ham baxtiyorman, - dedi Xosep Gvardiola.
Ta’kidlash lozimki, Gvardiola Lamin Yamalni o‘z jamoasida ko‘rishni istayotgan bo‘lsa-da, ispaniyalik yosh iqtidor egasi o‘zini faqat “Barselona” o‘yinchisi, deb biladi va hech qaysi taklifni qabul qilmay kelmoqda.
Gvardiola: Klubimiz 500 ta o‘yinchiga qiziqyapti!
“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola “shaharliklar”ning turli futbolchilarga, xususan, “Espanol” darvozaboni Joan Garsiyani nishonga olgani haqidagi xabarlarga izoh berdi.
- Ommaviy axborot vositalarning xabarlariga tayanadigan bo‘lsak, klubimiz 500 ta o‘yinchiga qiziqish bildiryapti. Shuni rost, deb o‘ylaysizlarmi?
Joan Garsiyaning ishlari qanday ketayotganini bilmayman. Menga uni zo‘r darvozabon ekanini aytishdi. Darvozabonlar masalasida ko‘p narsani yaxshi tushunmayman. Men ularga faqat to‘pni to‘xtatib qolish kerakligini aytaman xolos.
Bir necha haftadan beri kelasi mavsum rejalarini muhokama qilyapmiz. Ederson va Shtefan Ortega biz uchun o‘ynashda davom etadi, - dedi Xosep Gvardiola.
Husanov jamoasi himoyachi bilan xayrlashmoqchi
“Manchester Siti” qishki transferlar davrida ikki yosh markaziy himoyachi – Abduqodir Husanov va Vitor Reysni qo‘lga kiritganidan keyin bu pozitsiyadagi boshqa o‘yinchilarni qo‘yib yuborish uchun qulay sharoit yuzaga keldi.
Xususan, Xosep Gvardiolani mavsum davomida Jon Stounz, Manuel Akanji va Natan Ake kabi yoshi katta markaziy himoyachilarning jarohat tufayli ko‘p safdan chiqqani rosa bezovta qildi.
GiveMeSport nashrining ma’lum qilishicha, “shaharliklar” 31 yoshli Jon Stounzni qo‘yib yuborishga tayyor. Bu o‘yinchiga sobiq jamoasi – “Everton” bosh murabbiyi Devid Moyes shaxsan qiziqish bildirmoqda.
Stounz 2013-2016 yillar davomida “Everton” garafini himoya qilgan va manchesterliklar uni 47,5 million funtga transfer qilgan edi.
Xosep Gvardiola qo‘l ostida Jon Stounz olti bor mamlakat chempioni bo‘ldi, Evropa Chempionlar ligasi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib chiqdi.
Yakunlangan chempionatda Jon Stounz atigi 11 marta maydonga tushdi. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2026 yilning yozigacha davom etadi. Angliyalik himoyachi maydonda Abduqodir Husanov bilan bir pozitsiyada o‘ynaydi.
Fikrlar