Gollivud kinolarida ham uchramaydigan voqea! Oilasi uchun o‘limga teng jangga chiqqan bokschi hikoyasi!

  • 7 iyul, 2022, 20:57
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Bundan qariyb 100 yil avval bo‘lib o‘tgan bir voqeani sizlarga so‘zlab bermoqchiman. To‘g‘ri, yillar o‘tgach, voqea aktualligini yo‘qotadi deyishingiz mumkin, ammo ishoning bu voqea yana 100 yildan so‘ng ham o‘quvchini larzaga soladi. Afsonaviy bokschi - Billi Miske boks tarixida qaysi qahramonligi uchun oltin harflar bilan bitib qo‘yilganini bilasizmi? U aslida kim?

Tecno

Billi Miske haqida qisqacha

Billi Miske4

Ushbu voqeani so‘zlab berishimizdan avval, uning qahramoni bilan yaqindan tanishib olishimiz shart. 1894 yilning 12 aprel’ sanasida Minisota shtatidagi mittigina Tsent-Pol shaharchasida bir bolakay dunyoga keladi. Uning oilasi juda qashshoq hayot kechirgani bois, Billi yoshligida biror marotaba to‘q qorin bilan uyquga yotmaydi. Shu bois, hayotini o‘zgartirish uchun 12 yoshdan boshlab boks bilan jiddiy shug‘ullanishga kirishadi. 19 yoshga qadam qo‘ygach, professional boksdagi debyutida ringga ko‘tariladi. O‘sha davrlarda boks oilasini och qolmasligini ta’minlovchi yagona vosita bo‘lgani bois, Billi boksni sport emas, hayot tarziga aylantiradi. Kuniga 3 bor 2 soatdan o‘tkazilgan mashg‘ulotlar o‘z so‘zini aytmay qolmadi.

To‘g‘ri, Miske fantastik karera egasi emas, ammo bunga etarlicha sabablar bor. O‘sha davrlarda, charmqo‘lqop egalari 30 raundli janglarda ishtirok etar, ko‘proq pul ishlash uchun bir oyda 3-4 bor ringga ko‘tarilishga majbur edi. Zich taqvim sababli, tez-tez mag‘lubiyatlarga uchrab turishi tabiiy. Shunga qaramay, qahramonimiz og‘ir vazn toifasidagi elitadan juda uzoqda bo‘lgan bokschi ham emas. Uning afsonaviy chempion - Jek Dempsi bilan to‘qnashuvi hali-hamon turli reytinglarda ushbu sport tarixidagi eng zo‘r to‘qnashuvlardan biri sifatida qayd etiladi. Billi mutlaq jahon chempionligi kamari uchun bo‘lgan jangda Dempsi bilan tengma-teng "olishadi", biroq ochkolar farqi sababli Jek chempionlikni o‘zida saqlab qoladi. 1918 yilda Billi jahon boksi tarixidan muqim o‘rin egallashi mumkin edi, ammo Dempsi bunga yo‘l qo‘ymagan. Alamli mag‘lubiyatga uchragan Billi chuqur depressiyaga tushib qolmadi, ammo o‘sha yil oxiridagi bir voqea uni batamom "sindirdi".

Diagnoz

sh4o5psh45opsh4op5

1918 yilga kelib, qahramonimiz oila quradi. Sportdagi yutuqlar, yaxshigina pul va sevgan ayoli. Barchasi baxtli bo‘lish uchun etarlidek ko‘rinishi mumkin. Afsuski, hayotning zarbasi ringdagidan ancha kuchliroq. Sababi, uni qachon va qanday kelishini taxmin qilishning imkoni yo‘q. Dempsi bilan to‘qnashuvdan so‘ng, o‘zini yomon his qilishni boshlagan Miskega shifokorlar Brayt kasalligi bilan og‘riyotganini ma’lum qiladi. Zamonaviy meditsinada bu dardning nomi nefrit. Hozir bu dardni engish mumkin, lekin bundan 100 yil oldin nefritning yakuni o‘lim edi. Shifokorlar bokschiga uzog‘i bilan 5 yil umri qolganini aytishga majbur bo‘ladi. Boks bilan shug‘ullanish, qolgan 5 yilni bir necha barobar qisqarib ketishi mumkinligidan ogoxlantirishadi.
Bu paytga kelib, Billining oilaviy biznesi bankrotga uchragan, qarzlari ortib borayotgan edi. Uning oila a’zolari va ota-onasi uning ko‘magiga juda muhtoj edi. Natijada, MIske sportga qaytishdan boshqa chora topa olmadi. Butun umr boks bilan shug‘ullangani bois, boshqa ish uning qo‘lidan ham kelamasligini tushungan qahramonimiz kasal ekanligini barchadan yashiradi.

Billi Miske3

Kattaroq pul ishlash maqsadida Miske og‘ir vazn chempioni Jek Dempsi bilan yana ikki bor ringga ko‘tariladi. Oddiyroq bokschilar bilan janglar katta daromad keltirmasligini anglagach, Billi yana og‘ir mashg‘ulotlarni boshlab yubordi. Dempsi bilan ikkita jangdan so‘ng, u yaxshigina pul ishlab oldi. Afsuski, chuqur nokautga uchragach, sog‘lig‘i yanada yomonlashdi. Kasallik organizimni ancha zaiflashtirgani ko‘zga tashlana boshladi.
Dempsidan 2 bor engilgach, kichikroq gonorar evaziga bo‘lsa-da, Billi ringga ko‘tarilishda davom etdi. Tug‘ma pancher bo‘lgani bois, u 3-4 raundlarga qadar bor kuchini bir zarbaga joylashga urinar, agar jang 5-raundga ko‘chsa, og‘ir zarbalar ta’sirida ko‘zini shifoxonada ochar edi. Ketma-ket janglar va og‘ir mashg‘ulotlar o‘z so‘zini aytmay qolmadi. 1923 yilga kelib, Billi to‘shakka mixlandi.

Oila uchun so‘nggi jang!

1923 yilning kuziga kelib, kasallik sababli kuchdan qolgan Billi og‘ir ahvolga tushib qoldi. U baliq qaynagan suvdan boshqa narsani ist’emol qilmas, organizmni hatto nonni ham hazm qila olmay qolgan edi. To‘g‘risi, oila dasturxonida baliq qaynagan suvdan boshqa narsa yo‘q edi desak, adolatdan bo‘ladi. 5 yil ichida Miske 5 bor ota bo‘ldi. Bolalari ko‘z oldida ochlikdan qiynalayotganini ko‘rar ekan, o‘zining yoshlik davrlari ko‘z oldiga kela boshladi.

Oilaparvar Miske farzandlarini juda ham yaxshi ko‘rar, javdirab turgan ko‘zlarga qarab ich-ichidan ezilar edi. 1923 yilning noyabrida oila o‘zining so‘nggi tsentlarini ishlatib bo‘ldi. Bolalari allaqachon yangi yil bayramini kutishni boshlagan. Dasturxon tuzash uyoqda tursin, hatto kommunal to‘lovlar uchun pul yo‘q. Chiroq o‘chirilganiga 2 oydan oshgan. Tobora o‘limi yaqinlashayotganini sezgan Billi abadiy safar oldidan oila a’zolarini xursand qilishga qaror qildi.

Uning so‘nggi bor ringga ko‘tarilmoqchi ekanligini eshitgan agenti avvaliga taklifni rad etdi. Xatto, biroz pul ham taklif qildi. Billi ko‘zda yosh bilan so‘nggi imkon berishini yalinib yolvordi:

"Nima farqi bor? To‘shakdami yo ringda? Bu o‘limni nogironlar aravachasida kutishdan yaxshiroq!"

Billi MIske

Billi do‘sti ko‘zda yosh bilan jangga rozi bo‘lganini ko‘rgach, o‘zi ham yig‘lab yubordi. Ular uzoq payt so‘zsiz jim o‘tirishdi. 1923 yilning 7 noyabr sanasida o‘zining og‘ir zarbasi bilan barchaga yaxshi tanish bo‘lgan Billi Miske yanga ringga qayti. Ko‘proq gonarar ishlab olish maqsadida u o‘sha davrning eng kuchli bokschisi - Bill Brennan bilan to‘qnash keldi. Bunga qadar, birorta bokschi Bill bilan ringni bo‘lishishni istamagan bo‘lsa, mashg‘ulot o‘tkazishga ham holi yo‘q Miske uni jangga chorladi.

7 noyabr oqshomi butun Amerikani qalqitib yubordi. Miske Brennanni 4-raundda chuqur nokautga uchratdi. Oilasi uchun so‘nggi kuchini ringda sarflagan Billi o‘sha payt uchun anchagina katta pul sanalgan 2400 dollar bilan uyga qaytdi.

Ko‘p o‘tmay, yangi yil oqshomi uchun tayyorgarlik boshlandi. Billi barcha yaqinlarini o‘z uyida jamladi. To‘kin-sochin dasturxon atrofida 31 dekabr oqshomida hayotidagi eng so‘nggi baxtli kunini o‘tkazdi. Tongda o‘g‘illari sovg‘alar sababli birdan uning xonasiga otilib kirganini ko‘rgach, yuzida tabassum paydo bo‘ldi. U oilasi oldidagi so‘nggi burchini bajarganini his qilib engil tin oldi.

1924 yilning birinchi kuni tushlik payti Billi hushini yo‘qotdi. Shifonada ko‘zini ochar ekan, turmush o‘rtog‘ining xavotirli nigohini ko‘rib jilmaydi. Umri yakunlanishiga bir necha soat qolgandagina 5 yildan beri nefrit kasalligi bilan og‘riganini aytdi... Kechga borib, Billi bu yorug‘ olamni tark etdi.
To‘g‘ri, Billi boks olamida jahon chempioni yoki yulduz darajasiga chiqa olmadi, ammo har qanday sportchi birinchi navbatda inson bo‘lishi shart. Bugungi hikoyamiz o‘zining so‘nggi kunlarini katta mashaqqat evaziga oilasining bir necha soniyalik quvonchi uchun sarflagan oddiy yigit haqida edi.

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!