
Futbol mutaxassisi – Rossiya terma jamoasining AFKga o‘tishi uchun nima qilishi kerakligini tushuntirib berdi!
Taniqli futbol mutaxassisi Alisher Nikimbaev o‘z "telegram" sahifasida Rossiya terma jamoasining AFCga o‘tishi borasida kattagina maqola e’lon qildi. Unda Rossiya Futbol Ittifoqining kelajakda kutib turgan voqealar haqida bayon etilgan.
"Xullas, Rossiya futbolidagi jurnalistlarning aytishicha, mamlakat Futbol Ittifoqi rahbari bugun UEFAdan chiqish uchun ovoz beradi. Xo‘sh, keyin nima bo‘ladi?
UEFA nizomining 8-bandida federatsiya ittifoqdan chiqishi uchun yilning moliyaviy yakuni sanalgan kundan kamida 6 oy avval bu haqida xabar bergan bo‘lishi shart. Joriy mavsumda bu 2023 yilning 30 iyun sanasiga to‘g‘ri keladi. Shunday ekan, barchasini qonuniy qilish uchun ariza topshirishga shoshilish talab etiladi.
Bundan boshqa talablar yo‘q. Birgina arizaning o‘zi kifoya qiladi. AFCga kirish esa, bir necha barobar murakkabroq. Avvaliga, UEFAdan chiqish va Evropa futbol ittifoqidan AFCga o‘tish uchun ruxsat so‘rash talab etiladi.
AFCning to‘liq a’zosi bo‘lish uchun Kongressning ruxsati bo‘lishi shart. Eng yaqin Kogress 1-2 fevral kunlari 2023 yilda Bahraynda bo‘lib o‘tadi. Bir qarashda barchasi oddiydek ko‘rinishi mumkin, ammo Rossiya futbol ittifoqi bunga qadar UEFAdan chiqib ketishga ulgurmasligi turgan gap. Keyingi Kongress esa 2023 yilning sentyabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Uni o‘zida qabul qilish uchun Toshkent asosiy da’vogarlardan biri bo‘lib turibdi. Ana o‘shandagina Rossiya Osiyo futbol konfederatsiyasining to‘laqonli a’zosi bo‘lishi mumkin.
Boshqa tomondan, jamoasi musobaqalarda ishtirok etishni istasa, Rossiya AFCning mahsus a’zosiga aylanishining o‘zi kifoya. Buning uchun, konfederatsiya raisining ruxsati etarli bo‘ladi. Buning uchun, onlayn majlis yoki yozishmalar orqali beriladigan ovozlar ham masalani hal etib berishi mumkin.
Xo‘sh, AFC rahbari 2023 yilning iyul oyiga qadar Rossiya futbolini Osiyoning bir bo‘lagi, deb e’lon qilishi va unga 2026 yilda bo‘lib o‘tadigan mundial saralashida ishtirok etishga ruxsat beradimi? Eslatib o‘tamiz, Shimoliy Amerikada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga saralashning birinchi raundi 2023 yilning oktyabr oyida boshlanadi. Rossiya Futbol Ittifoqida esa barchasiga ulgurish uchun vaqt deyarli yo‘q.
Agar AFC RFI topshirgan hujjatlarni UEFAdan chiqishidan avvalroq ko‘rib chiqishni boshlasa, demak, uni tarkibga qo‘shilishidan Osiyo qit’asi manfaatdor. Amalda ham shunday bo‘lib chiqsa, demak Kuala-Lumpur Rossiyani o‘z safiga qo‘shib olish uchun bir necha oy davom etishi kerak bo‘lgan jarayonni qisqartirishga qodir. Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz."
Fikrlar