
Fayzullaev transferi amalga oshadimi?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va TsSKA klubining iqtidorli hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullaevning kelajagi hamon mavhum bo‘lib turibdi.
Evropaning ayrim nufuzli manbalari va taniqli insayderlari 21 yoshli o‘zbek futbolchisi “Istanbul Bashakshehir”ga ko‘chib o‘tishini kutmoqda. Xususan, Turkiya chempionati iqtidorli o‘yinchining Evropa top-ligalariga o‘tishida tramplin vazifasini o‘tashi aytilyapti.
Garchi “Istanbul Bashakshehir” matbuot xizmati klub rahbariyati Abbosbek Fayzullaev nomzodini ko‘rib chiqmayotganini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, Rossiya futboli ekspertlari o‘zbek legionerining transferini qizg‘in muhokama qilyapti.
Sports.uz portali taniqli ekspertlarning Abbosbek Fayzullaevning transferi bo‘yicha fikr-muloazalarini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi. Qizig‘i shundaki, bu munosabatlarda mutaxassislar bir-biriga qarshi fikr bildiryapti.
Evgeniy Aldonin, TsSKA sobiq futbolchisi:
Fayzullaevni aynan mana shu yozgi transferlar davrida sotib yuborish TsSKA uchun foydali variant bo‘ladi. Fayzullaevning Rossiyadagi debyut mavsumi juda yorqin vaziyatlarga boy bo‘ldi. Lekin o‘tgan mavsumda Abbos TsSKAda asosiy rollardan chetga chiqib qoldi va kutilgan darajada o‘yin namoyish qila olmadi.
Fayzullaev yaxshi ta’lim ko‘rgan va kelajagi bor futbolchi. U muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi. Agar Abbosga yaxshi sharoit va TsSKAgayaxshi summa taklif qilinsa, bu transferga rozilik berish kerak.
Fayzullaev hozir tarkibdagi o‘rnidan qoniqish hosil qilmayotgani aniq. Chunki juda kam o‘ynayapti. Marko Nikolich o‘yin sxemasini o‘zgartirib, Abbosga umuman to‘g‘ri kelmaydigan usulni qo‘lladi va Fayzullaev o‘z imkoniyatlaridan past darajada o‘ynadi.
Fayzullaevning jismonan baquvvat futbol emasligi uning doim o‘yin tonusida bo‘lishini talab etadi. Agar bu holat bo‘lmasa, Abbos yakkakurashlarda samarali o‘ynashi juda qiyin bo‘ladi.
Timur Lepsaya, futbol funktsioneri:
TsSKAning o‘rnida bo‘lganimda Abbosbek Fayzullaevning transfer qilish uchun jahon chempionatini kutgan bo‘lardim. Futbolchini yana bir yil qolishga ko‘ndirardim. Abbosbek narxini keskin ko‘tarishi mumkin bo‘lgan mundialdan keyin bu transferni qimmat narxga amalga oshirsa bo‘ladi. Shuning uchun ham, bu imkoniyatlarni inobatga olib, bu transferni hozir to‘xtatib turish lozim.
“Paxtakor” tarbiyalanuvchisi Abbosbek Fayzullaevni TsSKA 2023 yilning avgustida o‘z safiga qo‘shib olgan. “Paxtakor” bu transferdan 500 ming evro olgani qayd etilgan.
Abbosbek Fayzullaev legioner sifatidagi dastlabki mavsumidayoq o‘zini ko‘rsata oldi va Rossiya Premer-ligasining asosiy kashfiyoti sifatida e’tirof etildi. Bundan tashqari, Fayzullaev Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi nominatsiyasida ham g‘olib chiqdi.
Bu yil legionerimiz Rossiya futbolidagi dastlabki sovrinlarini qo‘lga kiritdi. Abbos Fayzullaev TsSKA safida mamlakat chempionatining bronza medaliga ega chiqdi, kubok va Superkubok sohibiga aylandi.
Fayzullaev “armiyachilar” safiga ko‘chib o‘tganidan beri barcha turnirlarda 72 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 8 ta gol va 22 ta assist rasmiylashtirdi.
Fikrlar