Evro-2020 musobaqasini O‘zbekistonda qaysi telekanal namoyish etishi ma’lum bo‘ldi
Xabaringiz bor, 2020 yilning 10 iyunidan 12 iyuliga qadar Evropaning 11 mamlakatida Evro-2020 musobaqasi bo‘lib o‘tadi. Musobaqaning 60 yillik tarixida birinchi marta chempionat bitta mamlakat hududida emas, balki butun Evropa bo‘ylab 12ta shahardagi 12ta stadionda o‘tkaziladi.
UZREPORT Axborot Agentligi (UZREPORT TV, FUTBOL TV) millionlab futbol muxlislarining qiziqishidan kelib chiqqan holda, EVRO-2020 musobaqasini O‘zbekiston hududida eksklyuziv translyatsiya qilish huquqini qo‘lga kiritdi. Bu haqda agentlik rasmiy sayti xabar tarqatdi.
Ma’lumot uchun, EVRO-2020 musobaqasida 24ta terma jamoa bosh sovrin uchun bahs olib borishadi. O‘yinlar Ozarbayjon Angliya, Vengriya, Germaniya, Daniya, Irlandiya, Ispaniya, Italiya, Niderlandiya, Rossiya, Ruminiya va Shotlandiya mamlakatlaridagi stadionlarda o‘tkaziladi.
O‘yinlar Toshkent vaqti bilan soat 18:00, 21:00 va 00:00 da boshlanadi.
UZREPORT TV va FUTBOL TV telekanali muxlislari EVRO-2020 musobaqasidan o‘rin olgan barcha 51ta uchrashuvni jonli efirda, parallel ravishda ikki tilda — o‘zbek va rus tillaridagi sharhda tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
EVRO-2020 o‘yinlarini FUTBOL TV sharhlovchilari bilan bir qatorda taniqli rossiyalik sharhlovchilar – Denis Kazanskiy, Aleksandr Elagin va Dmitriy Mostovoylar sharhlab borishadi.



Fikrlar