
Erkin kurashchilarimiz JChda 1 tadan oltin va kumush medalni qo‘lga kiritishdi
Bolgariyaning Sofiya shahrida sport kurashlari bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati terma jamoamiz uchun muvaffaqiyatli o‘tmoqda. Biroz avval musobaqaning dastlabki vazn toifalarida g‘olib va sovrindorlar nomi aniqlab olindi, deya xabar bermoq Milliy olimpiya qo‘mitasi.
Xabar berganimizdek, bugun erkin kurash bo‘yicha final bellashuvida 2 nafar polvonimiz g‘oliblik uchun bahs olib bordi. Ular orasida o‘tgan yili Argentina poytaxtida o‘tgan o‘smirlar Olimpiadasi g‘olibi Umidjon Jalolov endilikda jahon chempioni unvonini ham rasmiylashtirib qo‘ydi. -55 kilogramm vazn toifasida bahs olib borgan polvonimiz finalda eronlik raqibini 3:1 hisobida mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi. Ta’kidlash joiz, musobaqa davomida faqat finalda Jalolovning raqibi ochko ololdi xolos. Qolgan barcha bellashuvlarda Umidjon yirik va “quruq” hisobda g‘alaba qozongan.
-48 kilogramm vaznda yurtimiz sharafini himoya qilgan Kamronbek Qadamov ham finalda mardonavor kurashdi. Eron termasining boshqa bir vakili bilan bahs olib borgan kurashchimiz bellashuvida 4:4 hisobi qayd etildi. So‘nggi ochkoni Rahmon Amuzadhalili qo‘lga kiritgani uchun qoidaga muvofiq oltin medal fors yigitiga nasib etdi. Afsuski, -65 kilogramm vazn toifasida kurashgan boshqa bir vakilimiz Qudratbek Nurillaev hindistonlik kurashchiga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Bolgariya. O‘smirlar o‘rtasida JCh, erkin kurash.
Final:
-48 kg: Rahmon Amuzadhalili (Eron) – Kamrobek Qadamov 4:4
-55 kg: Umidjon Jalolov – Mahdi Vaysi (Eron) 3:1
Bronza medali uchun:
-65 kg: Manish Gosvami (Hindiston) – Qudratbek Nurullaev 5:2
Fikrlar