Doston Hamdamov - "Anji"dan nega "Paxtakor"ga o‘tgani, keyingi mavsumdagi rejasi va uch nafar eng yaxshi murabbiy haqida gapirdi

  • 10 dekabr, 2020, 13:18
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston chempioni – “Paxtakor” endi kubokda ham yana bir karra g‘olib chiqish maqsadida jiddiy harakat qilyapti. Ko‘rdingiz, kuni kecha o‘z maydonida “So‘g‘diyona”ni er tishlatdi va 8 ta gol urdi. Jamoa tarkibida esa O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchilari jamlangan.

Tecno

Shulardan biri hisoblangan Doston Hamdamov ham o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlab kelyapti. Uning ham o‘ziga yarasha muxlislari bor. Hamdamov sports.uz muxbirining ayrim savollariga javob qaytardi.

- “Paxtakor”ning “So‘g‘diyona” darvozasiga 8 ta gol urgani haqida nima deya olasiz? Raqib shu qadar kuchsizmidi?

- “So‘g‘diyona”ga qarshi uchrashuv haqida gapiradigan bo‘lsak, biz mutlaqo o‘yin ajratmaymiz. Bosh murabbiyimiz – Shota Arveladze hamma vaqt har bir bellashuvga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishimizni talab qiladi. Shuning uchun maydonga tushgan paytimizda jang bo‘lishi va unda g‘alaba qozonishimiz muhim ekanini doim ta’kidlab keladi. Biz uchun qanday hisobda yutishimizning farqi yo‘q. Asosiysi, qo‘limizdan kelganicha murabbiy tomonidan berilgan ko‘rsatmalarni bajarib, g‘alaba uchun kurashishga harakat qilamiz.

- Baribir “Paxtakor”ning hammadan kuchli ekani ko‘rinib turibdi. Chempionlikni yutgach, endi kubokni ham qo‘lga kiritish yo‘lida katta ishtiyoq bilan qadam bosyapti. Boshqa raqiblarning “Paxtakor”ga kuchi etmayotgani tufayli sizlar o‘yinlarga qanday motivatsiya bilan tushyapsizlar?

- Yo‘q, O‘zbekistondagi klublarni kuchsiz deb hisoblamayman. Hamma jamoa “Paxtakor”ga qarshi juda yaxshi tayyorlanadi va o‘zining eng yaxshi o‘yinini ko‘rsatishga harakat qiladi. Shuning barobarida raqiblarimiz bizga jiddiy qarshilik ko‘rsatishadi. Shunday ekan, hech bir klubni kuchsiz deya olmayman. Shunchaki, biz o‘z oldimizga qo‘yilgan vazifalarni bajarish yo‘lida mehnat qilyapmiz va qo‘limizdan kelganicha maqsadlarimizga erishib boryapmiz.

- 2018 yili Rossiyaning “Anji” klubiga ko‘chib o‘tgan paytingizda u erda uzoqroq qolishingizni istagandik, biroq bir nechta o‘yinlar o‘tkazgach, yana yurtimizga qaytgansiz. O‘shanda nima bo‘lgandi?

- “Anji” klubida to‘p surganim ozgina bo‘lsa ham menga tajriba maktabi bo‘ldi, deb o‘ylayman. Lekin “Paxtakor”dan tushgan taklif o‘zimga ma’qul kelgani tufayli hozir shu erdaman.

hamdamov2

- Keyingi rejalaringiz bilan o‘rtoqlasha olasizmi? Bu “Paxtakor”dagi oxirgi faoliyatingiz bo‘ladimi yoki..

- Hozir bu haqida hech nima deya olmayman. Ayni paytda faqat O‘zbekiston kubogi haqida bosh qotiryapmiz.

- O‘zingizga qolsa, qaysi chempionatda kuchingizni sinab ko‘rgan bo‘lardingiz?

- Hozirdan bir narsa deyishim qiyin. Chunki har bir chempionatning o‘ziga yarasha qiyinchiligi va qulay taraflari bor. Hali qaysidir birinchilikda o‘zimni sinab ko‘raman, deb o‘ylamagandim. Qaysi jamoadan taklif tushsa, keyin shunga qarab o‘ylaymiz va bir xulosaga kelamiz.

- Terma jamoamizni oldinda ikkinchi saralash bosqichining muhim uchrashuvlar kutyapti. Oxirgi paytlarda esa tanqid toshlari otilayotgani borasida fikringizni bilmoqchimiz.

- Milliy terma jamoaga keladigan bo‘lsak, karantindan chiqib mashg‘ulotlar olib bordik. Bu hali termamizning shakllangan jamoasi emas. Chunki terma jamoa bilan yig‘inlarimiz kam bo‘ldi. Buning ustiga ko‘p legionerlarsiz mashg‘ulot va o‘yinlar o‘tkazdik. Ammo ishonamanki, oldimizga qo‘yilgan barcha maqsadlarimizga erishamiz. Mashg‘ulotlarda Saudiya Arabistoni va boshqa raqiblarimiz haqida alohida to‘xtalib, ularni jiddiy o‘rganib boryapmiz. Biz uchun har bir uchrashuv finalga teng deb o‘ylayman.

hamdamov3

- Doston, bu yilgi mavsumda O‘zbekistonning eng yaxshi uch nafar murabbiy va futbolchilarini ayta olasizmi?

- Buni yaqqol aytish qiyin. Men uchun murabbiylardan Shota Arveladze, Mirjalol Qosimov va Ro‘ziqul Berdiev. Futbolchilarga keladigan bo‘lsak, har biri o‘z pozitsiyasida munosib to‘p suryapti. Shu bois ularni astoydil sanab o‘tish noto‘g‘ri deb o‘ylayman.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!